BMT muassasalari O'zbekistonda koronavirusdan eng ko'p zararlangan aholi qatlamlariga yangi dastur orqali yordam ko'rsatadi

13-August, 2020

Photo: UNDP Global

13 avgust 2020 yil, Toshkent  - Koronavirus (COVID-19) tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan inqirozga qarshi kurash doirasida, BMTning O'zbekistondagi muassasalari byudjeti bir million AQSh dollariga teng bo'lib, aholining ijtimoiy himoyaga o'ta muhtoj qatlamlariga nisbatan bo'layotgan salbiy ta'sirni yumshatishga qaratilgan Qo'shma Dasturni amalga oshirishga kirishdi. 

COVID-19 tufayli savdo-sotiq va harakatlanishga nisbatan qo'yilgan cheklovlar barchani qamrab olgan bo'lsa-da, inqirozdan aholining ijtimoiy himoyaga o'ta muhtoj qatlamlari ayniqsa katta zarar ko'rdi. Ishsiz qolgan yoshlar va ayollardan tortib norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar daromad bilan birga ijtimoiy himoyadan ham mahrum bo'ldi. Mehnat muhojirlari va ularning oila a'zolari ham tirikchilik borasida katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xotin-qizlar hissasiga tushayotgan uy ishlari, xususan, kasallarni parvarishlash bilan bog'liq vazifalarning hajmi haddan tashqari oshib ketdi. Ayollar va bolalarga nisbatan bo'lgan zo'ravonlik holatlari ko'paymoqda.  Qurolli mojaro hududlaridan qaytarib kelingan oilalar hamda ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan  bolalar yuqori darajadagi ijtimoiy-ruhiy stressni boshdan kechirmoqda.

O'zbekiston Hukumati mamlakat miqyosida moliyaviy va me'yoriy choralarni tatbiq qilish orqali kompleks tarzdagi aksilinqiroz choralarini operativ tarzda amalga oshirgan

bo'lsa-da, aholining ijtimoiy himoyaga o'ta muhtoj qatlamlarini, jumladan, bolalar, imkoniyati cheklangan odamlar, ayollar, keksalar, mehnat muhojirlari va ularning oilalarini   qamrab olish darajasi va samaradorligini ta'minlash bilan bog'liq muammolar saqlanib qolmoqda.

Mazkur shoshilinch ehtiyojlarni qondirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) rahbarligi ostida Qo'shma dastur amalga oshiriladi.  BMTning ishtirokchi muassasalari qatoriga BMT Bolalar jamg'armasi (YuNISEF), BMT Aholishunoslik jamg'armasi (YuNFPA), Xalqaro migratsiya tashkiloti kiradi.  Milliy sheriklar sirasiga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish, mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash, moliya, bandlik va mehnat munosabatlari, xalq ta'limi, ichki ishlar vazirliklari hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari kiradi.

Dasturni amalga oshirish chog'ida yoshlarga huquqiy, tadbirkorlik va ruhiy masalalar bo'yicha faol maslahatlar berib boriladi. Qo'shma dastur doirasida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish norasmiy sektordagi mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish jarayoniga ko'maklashadi. Bunga norasmiy sektor mehnatkashlarining ijtimoiy sug'urta, to'lovlar monitoringi, ijtimoiy himoya samaradorligi va qamrovini baholash, aholining ijtimoiy himoyaga o'ta muhtoj qatlamlari uchun mehnat bozoridagi o'zgarayotgan vaziyatga moslashuvchanlik bilan yondashish imkonini yaratadigan vositalardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etish orqali erishiladi.

Qo'shma dastur doirasida quyidagilar taqdim etiladi:

i)      norasmiy sektorning ishsiz qolgan mehnatkashlari, ayniqsa, yoshlar va ayollar, shu jumladan, imkoniyati cheklangan ayollar hamda ayol rahbarlik qilayotgan oilalarga texnik va moddiy qo'llab-quvvatlash;

ii)     qurolli mojaro hududlaridan qaytarib kelingan oilalar hamda ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan bolalarga huquqiy va psixologik yordam;

iii)    boshpana berish, «qaynoq liniyalar»ni ishga tushirish hamda axborot-targ'ibot tadbirlarini faol amalga oshirish orqali xotin-qizlar va gender zo'ravonligi qurbonlarini inklyuziv tarzda huquqiy, ijtimoiy-ruhiy va to'g'ridan-to'g'ri qo'llab-quvvatlash;

iv)    xorijdan qaytgan va himoyaga muhtoj bo'lgan mehnat muhojirlari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik va huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash.

Mazkur qo'shma dastur 2019 yil noyabridan buyon YuNISEF, BMTTD hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida amalga oshirib kelinayotgan BMTning ijtimoiy muhofaza bo'yicha qo'shma dasturini to'ldirib, O'zbekistondagi ayniqsa himoyaga muhtoj bo'lgan aholi qatlamlarining manfaatlari yo'lida ijtimoiy muhofaza tizimini aniq dalillarga asoslangan holda isloh qilish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan.

Qo'shma dastur BMT Bosh kotibi tomonidan past va o'rta darajadagi daromadga ega bo'lgan mamlakatlarga pandemiya va uning oqibatlari, shu jumladan, misli ko'rilmagan ijtimoiy-iqtisodiy shokni yengib o'tishga ko'maklashish maqsadida ta'sis etilgan mexanizm, ya'ni BMTning COVID-19ni yengish va tiklanish jamg'armasi granti mablag'lari hisobiga moliyalashtiriladi. Jamg'armaning yordami iqtisodiy qiyinchiliklar hamda ijtimoiy zarbalar qarshisida ayniqsa himoyasiz bo'lganlar uchun mo'ljallangan

Dastur to'g'risida gapirib, BMTning O'zbekiston Respublikasidagi Doimiy vakili Xelena Freyzer xonim shunday deydi: “COVID-19 ishsizlik va kambag'allik darajasining o'sishi hamda oilaviy zo'ravonlik holatlari to'g'risidagi xabarlar sonining keskin ortishiga sabab bo'lmoqda. Aholining yangi-yangi qatlamlari mislsiz zarbalar qarshisida himoyasiz bo'lib qolayotgani ularning dolzarb va kechiktirib bo'lmas ehtiyojlarini yaxshiroq tushunib yetishni taqozo etib, bu orqali mavjud muammolarni o'z vaqtida va samarali hal qilish imkoniyati yaratiladi. BMTning mamlakatdagi guruhi milliy sheriklar bilan “taraqqiyot sohasidagi favqulodda vaziyat” tartibida ishlab, hozirgi misli ko'rilmagan davrda aholining ijtimoiy himoyaga o'ta muhtoj qatlamlari ehtiyojlarini qondirish g'oyasiga sodiq”.

BMTDning O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim: “O'zbekiston COVID-19 hamda global inqirozning mamlakat iqtisodiyotiga bo'lgan salbiy ta'sirini yumshatish borasida oldini oluvchi, izchil va kompleks yondashuvga rioya qilishda davom etib, u koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurash, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, bandlikni  ta'minlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi anti-inqiroz choralari qabul qilinishini nazarda tutadi. Bunda bo'lajak zarbalardan mustahkam himoyalangan barqaror xususiy sektorni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Qo'shma dastur doirasida milliy sheriklarga mazkur maqsadga erishishda ko'maklashadigan va xususiy sektorni qamrab oladigan bir qator islohotlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qamrab oluvchi inklyuziv xususiy sektorni yaratish, kuchli ishlab chiqarish va sotish zanjirlariga asoslangan mahalliy hamjamiyatlar va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratiladi”.   

YuNISEFning O'zbekiston Respublikasidagi vakili janob Sasha Graumann: «BMTning mamlakatdagi guruhi O'zbekiston Hukumatiga murakkab sharoitda Suriya va Iroqdan olib kelingan bolalarni o'z oilasiga qaytarish borasidagi dadil harakatlari uchun yana bir bor tashakkur izhor etadi».  S.Graumann, shuningdek, Hukumat, O'zbekiston Prezidentining 2019 yildagi ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to'g'risidagi qaroriga muvofiq, ularning tarbiyalanuvchilarini, pandemiyaga qaramasdan, o'z hamjamiyatlariga qaytarishda davom etayotganini yuqori baholadi. Uning ta'kidlashicha: “Mazkur Qo'shma dastur doirasida YuNISEF oilaviy masalalar bo'yicha mutaxassislar, ijtimoiy xodimlar hamda ijtimoiy hamrohlik sohasidagi psixologlarning malaka va bilimlarini oshirishni maqsad qilgan, negaki bu orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oila va bolalarning COVID-19 davridagi ehtiyojlarini aniqlash va ularga keyinchalik muntazam ravishda maslahatlar berib borish hamda mavjud ijtimoiy va huquqiy xizmatlarga yo'naltirish imkoniyati yaratiladi”.

YuNFPAning O'zbekistondagi vakili janob Yu Yu shunday deydi:

«Kasalliklarning tarqalishi erkak va ayollarga turlicha ta'sir o'tkazadi. Jumladan, COVID-19 xotin-qizlarga nisbatan mavjud bo'lgan tengsizlik va aholining ijtimoiy jihatdan yakkalangan qatlamlari vakillarining kamsitilish darajasini kuchaytiradi. Hozirgi davrda xotin-qizlarning alohida ehtiyojlarini qondirish uchun tegishli chora-tadbirlar rejalarida gender masalalarining inobatga olinishini ta'minlash zarur. YuNFPA zo'ravonlikning oldini olish borasidagi chora tadbirlarni COVID-19ga qarshi kurash bo'yicha rejalar bilan uyg'unlashtirgan holda, gender zo'ravonligining oldini olishga qaratilgan boshpana va onlayn xizmatlarni qo'llab-quvvatlaydi, “qaynoq liniyalar”ning qamrov darajasini kengaytiradi, xabardorlikni oshirishning innovatsion kanallarini yaratadi (masalan, “Zo'ravonlikka yo'q deng” telegram-kanali). YuNFPA  hatto COVID-19 inqirozi davrida ham adolatni ta'minlashga ko'maklashadi”

Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekiston bo'yicha menedjeri Sanjarbek Toshbayev quyidagilarni ta'kidladi:

«Harakatlanishga nisbatan kiritilgan cheklovlar tufayli minglab muhojirlar mushkul ahvolga tushib qoldi. Mintaqadagi bir qator mamlakatlar uchun havodek zarur bo'lgan pul o'tkazmalarining oqimi misli ko'rilmagan darajada kamaydi. Xorijda ham yuz minglab ish o'rinlari yo'qotilib, millionlab oilalar qashshoqlik domiga kelib qoldi. Qo'shma dastur, shu jumladan, O'zbekistonga qaytayotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan mehnat muhojirlari va oila a'zolariga jamiyatga reintegratsiyalanish, ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik va huquqiy maslahatlar berish orqali ularning kechiktirib bo'lmas ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Bunda biz O'zbekistondagi davlat organlari hamda nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilamiz”.

BMTning COVID-19ni yengish va tiklanish jamg'armasi donorlari ro'yxatidan BMTning COVID-19ni yengish va tiklanish bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast fondi, Yaponiya Hukumati hamda Kanada mahalliy tashabbuslar jamg'armasi kiradi.

___________________________________________________________________

Aloqa uchun:

Anvar Meliboyev, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig'i: anvarjon.meliboev@un.org