BMTTD va Kanada COVID-19 davrida salomatlikni va iqtisodiy holatni mustahkamlashga yordam bermoqda

5-June, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

Kanadaning Mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekistonning ikki mintaqasi – Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy imkoniyatlarni va toza suvdan bahramand bo‘lish sharoitlarini yaxshilashga yordam bermoqda.

2020 yil 5 iyun, Toshkent – Kanada Hukumati Kanada elchixonasi qoshidagi Mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali Sirdaryo viloyatidagi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Orol dengizi mintaqasidagi iqtisodiy holatni rivojlantirish bo‘yicha BMTTDning faoliyatini kengaytirish uchun 250 000 Kanada dollari (CAD) miqdoridagi mablag‘ni ajratdi.

Taklif etilayotgan moliyaviy yordam Sirdaryo viloyatida ayollar rahbarligidagi qishloq uy xo‘jaliklarining a'zolari uchun ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda Qoraqalpog‘istonda toza suvdan va xavfsiz dezinfeksiya vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash orqali O‘zbekistonning qishloq hududlarida COVID-19 pandemiyasiga chidamlilikni oshirishga ko‘mak beradi. 

Ushbu moliyalashtirish boshqa donorlardan olinayotgan mablag‘lar bilan birgalikda O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaratilgan BMTTDning Tezkor javob choralari mexanizmi tomonidan ishlatiladi. 

Kichik biznesning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan muhim o‘rnini hamda COVID-19 pandemiyasining ushbu sohaga bo‘lgan ta'sirini inobatga olgan holda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash milliy darajadagi ustuvor vazifaga aylandi. Kanada tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish Sirdaryoda ayollar rahbarlik qiluvchi korxonalarni, jumladan makaron mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlarini, tikuv ustaxonalari va hunarmandlikka o‘rgatish markazlarini yaratish orqali ayollar rahbarligidagi uy xo‘jaliklari a'zolari uchun ishga joylashish va ta'lim olish imkoniyatlarini yaxshilashga imkon beradi.

Ushbu moliyalashtirish mablag‘lari, shuningdek, sanitariya maqsadlarida toza suvdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash uchun ishlatiladi va shu orqali Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan ayollar rahbarligidagi uy xo‘jaliklari va maktablarda COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olishga ko‘mak beradi. Qoraqalpog‘istonda suv sayoz quduqlar va kollektor-drenaj tizimlaridan olinadi, shundan so‘ng qayta osmos jarayoni yordamida tozalanadi. Hosil bo‘lgan tuzli chiqindiga COVID-19 virusiga qarshi samarali va xavfsiz dezinfeksiya vositasi bo‘lgan gipoxlorit natriy olish uchun gidroliz uskunasi orqali ishlov beriladi. Sirdaryoda toza suvdan foydalanish imkoniyati mavjud quduqlarni rekonstruksiya qilish va yangi suv taqsimlash tizimini qurish orqali ta'minlanadi.

Mazkur tashabbuslar ayollar rahbarlik qiluvchi Qoraqalpog‘iston yaylov kooperativlari uyushmasi kabi jamoatchilik tashkilotlarining ayol rahbarlari bilan hamkorlikda, shuningdek ehtiyojlarni baholash bo‘yicha tadqiqotlarning natijalarini inobatga olgan holda rejalashtirildi. Ushbu hamkorlar loyiha natijalariga erishishga ko‘mak berishda muhim vazifa bajaradilar hamda jamoalardagi aholini o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash, va shu orqali loyihaning barqarorligini ta'minlashga yordam beradilar.

Mazkur tashabbus, shuningdek, ayollar uchun kamida 100ta ish o‘rinlarini yaratishga hamda 1500 nafardan kam bo‘lmagan ishsiz ayollarni bozorda talabgor va ularga ko‘proq iqtisodiy mustaqillikka erishishga yordam beruvchi ko‘nikmalarga o‘rgatishga imkon beradi.

Kanada elchixonasi va BMTTD 2015 yildan buyon Kanadaning Mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali hamkorlik qilib kelmoqdalar va xotin-qizlarning haq-huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Misol uchun, yaqinda BMTTDning “O‘zbekistonning qurg‘ochil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimga chidamliligini ta'minlash” loyihasiga ham ko‘mak berildi (2020 yil may oyida). BMTTD O‘zbekistonda tinchilikni saqlash va rivojlanishni tezlashtirish maqsadida Jamg‘arma bilan yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettiradi.