O‘zbekistonda gender tengligi mavzusida Parlament deputatlari bilan munozaralar o‘tkazildi

15-May, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

2020 yil, 14 may. Toshkent - Biz Senat va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazdik.

Onlayn seminarda Senatning xotin-qizlar va gender tengligi qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tengligi bo‘yicha komissiyasi a'zolari, shuningdek malakali murabbiylar, parlament yuqori palatasining mansabdor shaxslari ishtirok etdilar. Yaqinda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ma'qullangan “Me'yoriy-huquqiy hujjatlar va qonun loyihalarining gender ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi yangi qonun munozaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Ushbu hujjatda ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini ta'minlashga xizmat qiladigan me'yoriy-huquqiy hujjatlar va amaldagi qonun hujjatlari gender nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart ekanligi ko‘zda tutilgan. Seminarda qonun hujjatlari loyihalarining muvofiqligi, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq gender-huquqiy ekspertiza o‘tkazish usullari tushuntirib o‘tildi.

Seminar davomida xalqaro me'yoriy hujjatlar, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun (2019 yil, sentyabr) kabi hujjatlar bilan bir qatorda ushbu sohadagi muammolarni tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari ham muhokama qilindi. Ushbu qonun  ayollarga ijtimoiy-iqtisodiy hayotda va davlat boshqaruvida samarali ishtirok etish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda inson huquqlarining to‘la amalga oshirilishini ta'minlashga imkon beradigan huquqiy, tahliliy, statistik va siyosiy salohiyatni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligini alohida ta'kidlash joiz.