G’oyadan amalgacha: biznes loyihalar tanlovining natijalari

18-May, 2020

Photos: Bog'dorchilik.uz Telegram Channel

18 may 2020 yil, Toshkent - Joriy yilning boshlanishida Savdo sanoat palatasi hamda BMTTD hamkorligida Rosssiya Federatsiyasining moliyaviy k`omagida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» qo’shma loyihamiz doirasida Farg‘ona vodiysi fermerlari o‘rtasida biznes g‘oyalar tanlovini e’lon qilgan edik. Tanlovning saralash mezonlariga muvofiq ishtirokchilar iqlim o‘zgarish xatarlariga moslashish chora tadbirlarini aks ettirgan hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport salohiyatini oshirishga doir biznes loyihalarni taqdim etishlari kerak edi.Kuni kecha biznes g‘oyalar tanlovi o‘z yakuniga yetdi. Ta’kidlab o’tish joizki, saralash jarayoni oson kechmadi, chunki tanlovda 50 dan ortiq arizalar kelib tushgan edi. Ularda aks ettirilgan g’oyalar quyidagilarni qamrab olgan: intensiv bog‘dorchilik (gilos, olma, bodom va h.k.) rivojlantirish, organik o‘g‘itlarni ishlab chiqish laboratoriyasini tashkil etish, biolaboratoriya ishini yo‘lga qo‘yish, meva va sabzavotlarni saqlash uchun sovuqxonalar qurish va mavjud binolarni unga moslashtirish, sitrus mevalarini va noyob gullarni yetishtirish uchun issiqxonalar qurish, sabzavot urug‘chiligini rivojlantirish, tomchilatib sug‘orish tizimini barpo qilish kabi loyihalar.

Takliflarni o‘rganish jarayoniga jiddiy yondashildi: buning uchun har bir taqdim etilgan loyiha bo‘yicha joylarga chiqib tanishildi, tashabbuskorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, mavjud muammolar va ularning maqbul yechimlari batafsil o‘rganildi, loyihalarni amalga oshirish imkoniyati va yana shu kabi ko‘plab jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada, tanlovning ikkinchi bosqichiga 14 loyiha o‘tdi va ushbu bosqich shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar biznes reja va marketing bo‘yicha trening kursida ishtirok etib, o‘z biznes loyihalarini yozishlari kerak edi.

Tanlovning yakuniy saralash jarayoni koronavirusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha qabul qilingan chora tadbirlarga muvofiq, masofaviy tashkil etildi. Bunda tanlov komissiyasi ishtirokchilar taqdim etgan xujjatlarni batafsil o‘rganib chiqdilar va ularga tegishli baholarni qo‘yishdi. Ushbu baholar tanlov g‘oliblarini aniqlab berdi.

Tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining viloyat hokim o’rinbosarlari, Qishloq xo‘jalik boshqarmalari vakillari, Savdo-sanoat palatasining xududiy boshqarmalari mutaxassislari, Tadbirkor ayol uyushmalari a’zolari, Fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashlari vakillari hamda loyiha xodimlaridan tashkil to’pdi.

Saralash natijalariga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishdagi 7ta biznes takliflar loyiha tomonidan moliyalshtirish uchun tavsiya qilindi:

- intensiv bog‘larni yaratish;

- sabzavot urug‘chiligini rivojlantirish (xususan, pomidorlar);

- meva va sabzavotlarni sovuqxonada saqlash; va

- asalni qadoqlash.

Asosiy bosqichlarning biri endi ortda qoldi, endilikda navbat yangi iqlim o‘zgarishiga moslashgan, iqtisodiy jihatdan foydali loyihalarni amalga oshirishga keldi. Umid qilamizki, kalendar yilining yakuniga qadar deyarli barcha saralangan loyihalarimiz o‘z faoliyatini boshlagan bo‘ladi. Balki ayrimlari bo‘yicha birinchi salmoqli natijalarni ham olamiz.

BMTTDning qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va intensiv bog’dorchilikni rivojlantirish borasidagi faoliyati 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasinining Harakatlar strategiyasi hamda BMT a’zo davlatlari qabul qilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

***

«Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi hatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi Rosssiya Federatsiyasining moliyaviy k`omagida amalga oshirilmoqda.