BMT Taraqqiyot Dasturi va Coca-Cola jamg‘armasi O‘zbekistonda COVID-19 virusiga qarshi kurashmoqda.

29-April, 2020

Coca-Cola jamg‘armasi O‘zbekistonda COVID-19 virusiga qarshi chora-tadbirlar uchun 200 000 AQSh dollari miqdorida grant ajratdi. Bu grantning maqsadi – COVID-19 inqirozi bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik yordami doirasida nafas oldirish va boshqa tibbiy uskunalarini taqdim qilishdan iboratdir. BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Coca-Cola jamg‘armasi nomidan ushbu missiyaning ijrosi uchun mas'ul etib belgilandi.

O‘zbekistonda COVID-19 virusini yuqtirishning dastlabki holati 2020 yil 15 martda ommaviy ravishda tasdiqlandi. O‘shandan beri hukumat iqtisodiyotning farovonligi, daromadlar, yashash uchun zaruriy mablag‘lar hamda iqtisodiyotning uzoq muddatli salohiyatini himoya qilish uchun proflaktik va o‘z vaqtidagi yondashuvga asoslangan inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Iqtisodiyotning muayyan sohalari uchun e'lon qilingan muddatli yordam choralari ham shular jumlasidandir.

BMT Taraqqiyot Dasturi va Coca-Cola jamg‘armasining mazkur qo‘shma faoliyati COVID-19 virusi tarqalishi sharoitida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Xususan, ushbu faoliyat doirasida infeksiyaning eng og‘ir oqibatlaridan aziyat chekayotgan bemorlarning hayotlarini saqlab qolish imkoniyatlarini ta'minlash va kishilarni bu virusga chalingan yoki chalinmaganlarini aniqlash testlarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar zudlik bilan sotib olinadi.

Shuningdek, Coca-Cola jamg‘armasi tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar uzoq muddatda mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi nufuzi hamda mahalliy salohiyatini saqlashga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda, chunki sotib olinayotgan bu uskunalar nafaqat koronavirus, balki boshqa kasalliklarning boshlang‘ich bosqichida aniqlash, kuzatish va o‘rganish uchun eng aniq laboratoriya usullariga asoslanadi.

BMTTD administratori Axim Shtayner ta'kidlashicha: “BMTTD sog‘liqni saqlash tizimidagi eng dolzarb ehtiyojlar bo‘yicha JST va BMT tarkibidagi tashkilotlar bilan ish olib bormoqda hamda u dunyo mamlakatlarida tiklanish ishlaridagi tegishli ehtiyojlarga javob berishga tayyor”.

BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2011 yildan beri Coca-Cola jamg‘armasi bilan hamkorlik qilib keladi. Bu davrga qadar Coca-Cola jamg‘armasi umumiy qiymati 505 ming AQSh dollariga teng 5 ta loyihani moliyalashtirgan. Ushbu loyihalar mamlakatdagi bir necha muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda Samarqand, Navoiy va Qoraqalpog‘iston viloyatlarining chekka qishloq joylarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

BMTTD sog‘liqni saqlashdan boshqa sohalardagi muammolarni hal etishda ham, xususan, COVID-19 virusi tarqalishini cheklashda va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda iqtisodiyotiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan zararli ta'sirini kamaytirishda ko‘p sektorli, ijtimoiy miqyosdagi yondashuvni yaratishda mamlakatlarga yordam ko‘rsatishda davom etadi. Coca-Cola singari xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik COVID-19 inqirozi paytida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi barobarida bu virusga qarshi mamlakatning amalga oshirayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtiradi.