Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi qishloq aholisi uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirdilar

1-May, 2020

UNDP Uzbekistan image

2020 yil 30 aprel kuni BMT Taraqqiyot Dasturining O’zbekistondagi vakolathonasida loyihaning Samarqand, Farg‘ona, Sirdaryo, Xorazm, Surxandaryo va Qashkadaryo pilot hududlari mahallalar aholisi uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Suv Xo’jaligi vazirligi Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi singari asosiy va yaqin hamkorlariga nafaqat suv resurslarini barqaror boshqarish borasida, balki COVID-19ga qarshi kurashda ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Bizda - do‘sting og‘ir kuningda bilinadi naql bor” - dedi Vohidjon Ahmadjonov, O‘zbekiston suv xo’jaligi vazirining o‘rinbosari.

Davom etayotgan COVID-19 pandemiyasiga javoban O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida koronavirus tarqalishining oldini olish va aholini himoya qilish maqsadida Evropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi qishloq hududlari aholisi uchun shaxsiy himoya vositalarini sotib olish uchun mablag’ ajratdi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari elchi janoblari Eduards Stiprays o‘z intervyusida shuni ta’kidlab o‘tdi - “Koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab ko‘plab insonlar hayotini o‘zgartiradigan global inqirozdir. Butun dunyo sog‘liqni saqlash inqirozga duch kelgan ushbu og‘ir davrda, Yevropa Ittifoqi gumanitar ehtiyojlarni qondirish, sog‘liqni saqlash tizimini, suv ta’minoti va sanitariya tizimini mustahkamlash, shuningdek, bevosita ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni yumshatish borasida O‘zbekiston hukumatining ishonchli hamkori bo‘lib qolmoqda”.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi qishloq joylarida aholining zaif qatlamlari, ayniqsa ayollar va bolalarni koronavirusdan himoya qilish vositalari bilan ta’minlashdir.

Umumiy aholisi 31,221 kishini tashkil etgan oltita pilot hududning qishloq aholisi uchun 52000 ta tibbiy doka niqoblari va 3800 dona antiseptik vositalari yetkazib beriladi. Himoya vositalari bilan bir qatorda, O‘zbekistonda ushbu virusning xavfini kamaytirish va COVID-19ning tarqalishini oldini olish to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish uchun plakatlar va bukletlar tarqatiladi.

«COVID -19 tufayli yuzaga kelgan inirozning ushbu og‘ir kunlarida bizning hamkorligimiz yanada mustahkamlanganligi quvonarlidir. Men qishloq joylarida yashaydigan, aholining eng zaif qatlamlari ayniqsa, ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashda birdamligimizdan ruhlanaman», - dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim.

Himoya vositalarini sotib olish Yevropa Ittifoqining "O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish" dasturining "Texnik salohiyatni mustahkamlash" loyihasi doirasida, BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirildi. Shaxsiy himoya vositalari tegishli mahalliy hokimiyat (mahalla) bilan birgalikda pilot hududlardagi suv boshqaruvi tashkilotlari orqali aholiga tarqatiladi.

Ushbu tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi tomonidan COVID -19 inqirozini yengishda yordam berishga qaratilgan tezkor choralar dasturining bir qismidir.