Iqlim o'zgarishi bo'yicha dunyodagi eng katta ijtimoiy so'rovnoma tashkil etildi

20-February, 2020

UNDP image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ning bugundan ish boshlagan "Mission 1.5" kampaniyasi tufayli dunyo bo'ylab yigirma million kishi iqlim o'zgarishi haqida o'z fikr-mulohazalarini bildira oladi.

Onlayn va mobil video-o'yin asosiga qurilgan mazkur kampaniya barcha mamlakatlar, shu jumladan O'zbekistonni ham qamrab olgan bo'lib, iqlim o'zgarishlarini to'xtatishga yordam beruvchi yechimlarni o'rganishning oson va qiziqarli usulini taqdim etadi. "Mission 1.5", shuningdek, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish yo'lida fuqarolar hamda hukumatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan.

BMT Taraqqiyot Dasturi rahbari Axim Shtayner ta'kidlaganidek: "Ushbu kampaniya yordamida biz xususiy va davlat sektoridagi sheriklarimiz bilan birgalikda iqlim inqirozini hal qilish borasidagi innovatsion ikki tomonlama munozaralar orqali millionlab kishilar va ularning hukumatlari o'rtasida hamkorlik o'rnatish hamda joriy yil oxirida Glazgoda o'tkaziladigan COP26 iqlim o'zgarishiga doir muzokaralar oldidan maqsad-intilishlarimizni mustahkamlash imkoniyatiga egamiz".

Mobil o'yinlar yaratuvchi dasturchi-mutaxassislar, iqlimshunoslik va jamoatchilik fikrini o'rganish bo'yicha ekspertlar bilan hamkorlikda BMTTD tomonidan ishlab chiqilgan "Mission 1.5" o'yini ishtirokchilarga iqlim sohasining qonun ijodkorlari rolini o'ynash hamda global isish ko'rsatkichi 1,5 gradusdan oshirmasligi uchun kerakli chora-tadbirlarni qabul qilish imkonini beradi.

O'yin oxirida ishtirokchilardan iqlim bo'yicha qabul qilinishini xohlagan asosiy qarorlariga ovoz berish so'raladi. Mazkur ma'lumotlar tahlil qilinib, ko'pincha ushbu sohada jamoatchilik fikri bo'yicha ishonchli manba yaratish imkoniyatiga ega bo'lmagan hukumatlarga taqdim etiladi.

Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o'zgarishi misli ko'rilmagan darajada keskinlashib, iqtisodiy o'sish hamda taraqqiyotning jadallashuviga xavf solmoqda. So'nggi o'ttiz yil ichida suv toshqini, qurg'oqchilik va muzliklarning erishi singari iqlim bilan bog'liq tabiiy ofatlar 50 ming kishining o'limiga sabab bo'ldi, qariyb 25 million odamga ziyon keltirdi va 80 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdorda zarar yetkazdi.  

Bundan tashqari, mintaqadagi energiya ta'minotining 88 foizini qazilma yoqilg'ilar tashkil etadi. Iqtisodiy o'sish davom etib, dehqonchilik, transport va energiya quvvatiga ehtiyoj oshib borar ekan, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so'ng mintaqa bo'ylab kamaygan uglerod chiqindilari miqdori qayta ko'paya boshladi.

2020-yil iqlim o'zgarishi masalalariga bag'ishlangan COP26 BMT anjumani oldidan barcha mamlakatlar mazkur soha doirasida o'z majburiyatlarini qayta ko'rib chiqadilar va bu davr iqlim barqarorligiga erishishning navbatdagi bosqichiga yangi qadam bo'lib xizmat qiladi. "Mission 1.5" barcha fikr-mulohazalarni bir yerda jamlash vositasi bo'lib, fuqarolar va hukumat rahbarlari o'rtasida iqlim o'zgarishini cheklashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar to'g'risidagi muloqotni yo'lga qo'yadi.   

2020-yil 13-fevraldan boshlab dunyoning barcha mamlakatlaridagi kishilar "Mission 1.5"ni Mission1Point5.org saytida o'ynashlari mumkin.

"Mission 1.5" haqida

BMTTD va uning hamkorlari tomonidan yaratilgan "Mission 1.5" kishilarni iqlim o'zgarishlariga qarshi kurashishga o'rgatuvchi onlayn platforma bo'lib, fuqarolar bilan hukumat vakillari va qonun ijodkorlari o'rtasida ko'prik vazifasini bajaradi. Hozirda global isish ko'rsatkichini 1,5 darajagadan  oshirmaslikni maqsad qilib olganimiz bois kampaniya "Mission 1.5" deb nomlandi.  

Batafsil ma'lumot va kampaniya to'g'risidagi yangiliklari uchun:

Mission1Point5.org / Facebook / Twitter

Matbuot markazi bilan bog'lanish:

Feruza Nomozova, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi tahlilchisi (+99878) 1203460

****

BMTTD inqirozga qarshi tura oladigan hamda turmush sifatini yaxshilovchi taraqqiyot yo'liga ega davlat qurishga ko'maklashish maqsadida jamiyatning barcha qatlamlarida hamkorlikni yo'lga qo'yadi. Biz 177 mamlakat hududida aholi imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror mamlakatlar barpo etishga yordam berish maqsadida global istiqbol hamda chuqur mahalliy bilim va ko'nikmalarni taqdim etamiz. www.undp.org.