2030 yilgacha boʻlgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish

27-August, 2019

2019 yilning 21-23 avgust kunlari Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korruptsiyaga qarshi kurash” loyihasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “2030 yilgacha boʻlgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish” mavzusidagi trening oʻtkazildi.

Tadbir BMT Taraqqiyot dasturining Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Global loyihasi (ACPIS) koʻmagida tashkil qilindi.

Tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Biznes-ombudsmen, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Bosh prokuratura Akademiyasi  vakillari hamda davlat organlarining idoraviy muvofiqlashtiruvchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda xalqaro ekspertlar sifatida BMT Taraqqiyot dasturining korruptsiyaga qarshi kurashish Global dasturining maslahatchisi Anga Timilsina, BMT Taraqqiyot dasturining tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Global loyihasi (ACPIS) rahbari Aida Arutyunova va BMT Taraqqiyot dasturining korruptsiyaga qarshi kurashish Global dasturi boʻyicha tadqiqotlar sohasidagi tahlilchi Sharlin Lui qatnashishdi.

Uch kunlik trening 2030 yilgacha boʻlgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashishni amalga oshirishga yagona yondashuvni ishlab chiqish, shu jumladan 16-maqsad – “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” va 16.5-vazifa – “Korruptsiyaga qarshi kurashish” masalalarini muhokama qilish uchun ekspert maydonchasi boʻlib xizmat qildi.

Tajriba almashish bilan bir qatorda, xalqaro ekspertlar tomonidan ishtirokchilarning 2030 yilgacha boʻlgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha samarali monitoring va hisobotni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanish milliy strategiyalariga korruptsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida sogʻliqni saqlash, taʼlim, qurilish va davlat xaridlari kabi tarmoqlarda korruptsiya xavflarini aniqlash boʻyicha bilim va malakalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borildi.