Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida 30 ming kishiga yordam berish maqsadida 3,085 mln. doll. qiymatiga ega ikkita loyihani moliyalashtirishni tasdiqladi

14-June, 2019

2019 yil 3 iyun. Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik jamgʻarmasining (IXKTJ) Boshqaruv kengashi loyihalar boʻyicha birinchi tanlov doirasida taqdim etilgan loyiha takliflarini koʻrib chiqdi.

Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer hamraisligida oʻtkazildi.

IXKTJ doirasida loyiha takliflarini dastlabki qabul qilish uchun ustuvor yoʻnalishlar sifatida ekologik xavfsizlikni taʼminlash (shu jumladan, oʻrmonlashtirish), sogʻliqni saqlash sohasida xavfsizlikni taʼminlash hamda ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash (shu jumladan, asosiy kommunal xizmatlardan, ijtimoiy himoya, suv taʼminoti, sanitariya va taʼlim sohalaridan foydalana olish imkoniyatini yaxshilash) belgilangan edi.

BMTning jamgʻarma faoliyatida ishtirok etuvchi tashkilotlari tomonidan umumiy qiymati 4,23 mln. AQSh dollari qiymatiga ega beshta loyiha taqdim etilgan edi. Hukumat, BMT tashkilotlari, donorlar (Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Yaponiya elchixonasi), mahalliy NNT vakillaridan iborat Boshqaruv kengashi tomonidan loyiha takliflari oʻrganib chiqilgandan soʻng umumiy qiymati 3,085 mln. doll.ga teng ikkita loyiha tasdiqlandi.

Joriy yilning boshida Oʻzbekiston Respublikasi va Norvegiya hukumati tomonidan jamgʻarmaga mos ravishda 2 mln. doll. va 1,1 mln. doll. miqdorida mablagʻ ajratilgan edi.

Birinchi maʼqullangan loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasida 26 ming nafar homilador ayollar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga yordam berishga qaratilgan boʻlib, uni amalga oshirish doirasida maxsus oʻquv dasturlari orqali 500 nafar mahalliy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish rejalashtirilgan. Loyiha BMT Bolalar jamgʻarmasi (YuNISEF) va Aholishunoslik jamgʻarmasi (YuNFPA) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ikkinchi loyiha BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD) va Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YuNESKO) tomonidan milliy va mahalliy manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va loyihaning maqsadi Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal qilish uchun qishloq hududini barqaror rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan. Xususan, loyiha doirasida 2,5 ming nafar qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, daromad keltiruvchi imkoniyatlarni kengaytirish va ekoturizmni rivojlantirish (250 nafarga yaqin erkak va ayollar), shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasining chekka hududlarini oʻrmonlashtirish (loyihaning bevosita benefitsiarlari 1800 kishi, bilvosita – 300 ming nafar kishidan ortiq) rejalashtirilgan.

Loyihalarni amalga oshirish joriy yilning iyul oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.