BMTning Qoʻshma Dasturi Qanlykul tumanida maktabgacha taʼlimni takomillashtirishga koʻmak berdi

13-May, 2019

2019 yilning 3 may kuni Qoraqalpog'istonning Kanliko'l tumanida "Naushe" maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatining taqdimoti bo'lib o'tdi.

2019 yil boshida “BMTTDning moliyalashtirish darchasi" tashabbusi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” Qoʻshma dasturi va BMT Taraqqiyot Dasturining "Ayollarning davlat boshqaruvida ishtirok etishlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolliklarini oshirish uchun huquq va imkoniyatlarini kengaytirish" loyihasi tomonidan oʻz faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tanlov e’lon qilingan edi. Ishbilarmonlarning biznes-gʻoyalari orasida maktabgacha ta’lim muassasalarida oʻquv jarayonini takomillashtirishga qaratilgan taqdimot tanlov komissiyasining diqqatini oʻziga tortdi. Qoraqalpog'istonning Kanlikoʻl tumanidan Tozagul Turemuratova yaqinda mahalliy bolalar uchun bolalar bogʻchasini ishga tushirgani, interfaol shaklda darslarni oʻtkazish uchun zamonaviy uskunalardan foydalanish muhimligi haqida soʻzlab berdi. Amalda, bu butun mashgʻulot davimoda oʻquvchilarning diqqatini yoʻqotmagan holda qiziqarli va tushunarli tarzda turli mavzularni tushuntirish imkonini beradi.

2018 yilning dekabr oyiida ishga tushirilgan “Naushe” maktabgacha ta’lim muassasida 3 dan 5 yoshgacha boʻlgan 50 nafar bola tahsil olmoqda. Maxsus ishlab chiqilgan dasturga binoan haftada olti kuni davomida soat 09:00 dan 19:00 gacha bolalar oʻyin shaklida yangi bilimlarga ega boʻlish bilan birga, sport va boshqa bir qator toʻgaraklarda qatnashadilar. Oʻqituvchilarning ta’kidlashicha, bugungi kun farzandlariga shunchaki mavzuni soʻzlab berish va rasmlarda koʻrsatish yetarli emas. Raqamli texnologiyalar davrida har qanday axborotni vizualizatsiyalash maqsadga muvofiq, aynan BMT Qoʻshma dasturi koʻmagi orqali shunday imkoniyat paydo boʻldi.

Tanlov natijalariga koʻra 2019 yil aprel oyida bolalar bogʻchasiga zarur jihozlar - interfaol taxtalar va sensorli panellar foydalanish uchun taqdim etildi. Bogʻcha oʻqituvchilari uchun yangi asbob-uskunalar bilan ishlash boʻyicha trening ham oʻtkazildi.

-          BMTTDning moliyalashtirish darchasi" tashabbusi bilan Qoraqalpog'istondagi BMT Qoʻshma Dasturi tomonidan tashkil etilgan tanlov haqida tumanimiz xotin-qizlar kengashidan eshitgan edim. Hamkasblarim bilan birgalikda biznes rejani tuzdik, unda bolalarga yangi bilimlarni va koʻnikmalarini rivojlantirish uchun kerakli asbob-uskunalar toʻgʻrisida batafsil ma’lumot berib oʻtishga harakat qildik. Hozir esa bolalar qiziqish bilan saboq olishadi, oʻqituvchilarimiz esa yangi mavzularni osonlikcha tushuntirish imkoniga ega boʻlishgdi. Men bunday koʻmak uchun tanlov tashkilotchilaridan juda minnatdorman va, oʻylaymanki, bunday tajriba barcha maktabgacha taʼlim muassasalarida joriy qilinsa maqsadga muvofiq boʻlardi", - deydi Tozagul Turemuratova, “Naushe” maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim muassasi direktori.

Bolalarning ota-onalari va oʻqituvchilari yangi usulda interfaol taxtalar, sensor panellar va dasturiy taʼminotdan foydalangan holda bolalar bilan ishlashning afzalliklarini qayd etmoqdalar.

-          Bolalar - kelajagimiz. Bugun biz uchun ham ochiq dars boʻlib oʻtdi. Endilikda farzandlarimiz atrof-muhitni BMTTD tomonidan taqdim etilgan yangi texnologiyalar orqali oʻrganayotganidan juda mamnunman. Bundan oldin hech bir maktabgacha ta’lim muassasasida bir marta tegib tasvirni oʻzgartirish, qoʻl harakati bilan mavzudan mavzuga oʻtadigan uskunalar ishlatilishini koʻrmagan ekanman. Nabiramni bogʻchaga oborish qiyin boʻlardi, ertalabdan toʻpolon boshlar edi, hozir esa yangi bilimlar olaman deb bogʻchasiga yugurib boradi. Davlatimiz rahbariyati tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun juda minnatdorman. Bogʻchamizdagi barcha xodimlariga sihat-salomatlik va farovonlik tilayman, ayniqsa, bolalar yoshligidan ingliz tilini oʻrganayotganlaridan juda xursandman, - deydi Barshinggul Yessimbetova, "Naushe" bolalar bogʻchasi oʻquvchisining buvisi.

-          Avvallari oʻzimiz tuzgan oʻquv-mashgʻulot materiallarimizni katta hajmda printer orqali chiqarib ishlashga toʻgʻri kelardi. Endi esa asosiy mavzularni ekranga chiqarish imkoniga ega boʻldik, bolalar ham osonlarcha taqdimotlarda ishtirok etib turli ma’lumotlarni qiziqarli formatda oʻzlashtirishyapti. Oʻquvchilar bilim olishga qiziqish bildira boshlaganidan xursandman, ular doimiy ravishda turli savollar berishadi. Men oʻqituvchi sifatida natijani sezayotganimdan juda xursandman. Ishonchim komilki, kelajakda jajji kichkintoylarimiz yaxshi insonlar boʻlib oʻsadi va mintaqamizni butun dunyoga mashhur qilishadi», - deydi «Naushe» maktabgacha ta’lim muassasining ingliz tili oʻqituvchisi Sapargul Sarybaeva.

Bugungi kunda Qoraqalpog'istonda jami 543 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, ularda tahsil olayotgan bolalarning soni 67 090dan ortiq. Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish va takomillashtirishni jadallashtirish boʻyicha tadbirlar 2017 yil 30 sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi 3305-sonli Prezident Qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjatda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, davlat va xususiy bolalar bogʻchalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qoʻshma Dasturining maqsadlaridan biri Qoraqalpogʻistonning namunaviy tumanlarida maktabgacha va maktab ta’limi tizimlarini takomillashtirish orqali ijtimoiy himoyani ta’minlash va BRM-4 “Sifatli taʼlim”ga erishishni koʻzda tutadi.