BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi

12-April, 2019

BMT Taraqqiyot dasturi 1993 yildan buyon O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollarini qo‘llab-quvvatlab, mintaqaviy rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish, BMTTD tashabbuslarining natijalari bilan tanishish hamda rivojlantirish zarur bo‘lgan sohalarni o‘rganish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Xorazm viloyatini rivojlantirish va hududga investitsiyalarni jalb qilish masalalari – BMTTD diqqat markazida

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska xalqaro ishbilarmonlik jamiyatini hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, chet ellik investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va afzalliklar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi.

Matilda Dimovska o‘z nutqida BMTTD rivojlantirish bo‘yicha sherik sifatida milliy hamkorlar bilan birgalikda hududlarda raqobatbardoshlikni yaxshilashga qaratilgan rivojlantirish g‘oyalarini amalga oshirayotganligini qayd etdi.

«Xorazm viloyatini rivojlantirish konsepsiyasi hamkorlikda olib borgan ishimizning namunasi bo‘lib, u BMT Taraqqiyot dasturining Oliy Majlis Senati hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston Respublikasida investitsiyaviy muhitni takomillashtirish» loyihasi doirasida ishlab chiqildi. Konsepsiya yakunlanish bosqichida bo‘lib, tez orada omma e’tiboriga muhokama uchun taqdim etiladi», - deya qo‘shimcha qildi Matilda Dimovska.

BMTTD shuningdek, hududlarning investitsiya imkoniyatlarini ilgari surishda ham ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani, Qashqadaryo viloyatidagi investitsiya salohiyatlari to‘g‘risida qator ma’lumotnomalar yaratildi. Hozirda Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarining investitsiya imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar, shuningdek «O‘zbekistonga investitsiya kiriting» yagona ma’lumotnomasini yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.

Xalqaro investitsiya forumi doirasida hududning investitsiya salohiyati bilan tanishish maqsadida BMTTD Doimiy vakili viloyatning Shovot tumanidagi qator ob’ektlarga, jumladan «KATQAL’A-TEKS» paypoq mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasiga, 45dan ortiq mamlakatga to‘qimachilik mahsulotini yetkazib beruvchi eng yirik eksportchilardan biri sanalgan «UztexGroup» tarkibiga kiruvchi «UZTEX SHOVOT» ip ishlab chiqarish korxonasiga, sigirlar, xususan Yevropadan import qilingan chorvani yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi namunali chorvachilik fermasiga tashrif buyurdi.

Fermerlar va aholining suv ta’minotini yaxshilash

Matilda Dimovska Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Yangibozor tumanida joylashgan «Bo‘zqal’a» suv istexmolchilari uyushmasining energiya ta’minoti tizimiga ega ikkita nasos stansiyasiga ham bordi. Mazkur nasos stansiyalarining qurilishi BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining «O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish» Yevropa Ittifoqi Dasturining texnik salohiyatini mustahkamlash (2-komponent)» qo‘shma loyihasi asosida 2017 yilda yakunlandi. Aholi va fermerlar Matilda Dimovskani iliq qarshi oldilar va BMTTDga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdilar. Aynan shu nasoslar tufayli 2018 yilda 1000 gektar maydondagi fermerlik yerlariga ekilgan hamda 5000 kishidan iborat aholining tomorqa yerlaridagi ekinlar saqlab qolindi.

Shu bilan birga, Doimiy vakil «Eski Daryolik» kanalidagi suvni o‘lchash uchun mo‘ljallangan gidrometrik ko‘priklarni ham ko‘zdan kechirdi. Aytish kerakki, beton bilan ishlov berilgan o‘zanlardan iborat gidroko‘priklardan tashkil topgan to‘rtta gidropostning qurilishi, shuningdek beshta gidroko‘prikning qurilishi suv hisobini yaxshilash imkonini berdi.

Navbatdagi tashrif manzili «Daryolik-Arna» kanalining uchastkasi bo‘lib, bu yerda loyiha asosida 17ta nasos stansiyasiga energiya uzatish yagona tizimining qurilishi rejalashtirilmoqda. Jami bo‘lib 10 km. maydon qamrab olinadi. Bu qurilish suvning adolatli taqsimotini ta’minlash hamda mazkur kanalning oxirshi qismida joylashgan fermer dalalari va aholining tomorqa yerlarida suv ta’minotini yaxshilash imkonini yaratadi.

Yangibozor tumanining xokimi O‘ktam Masharipov tumanning suv ta’minotini yaxshilashda BMTTD tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

BMTTD qo‘llab-quvvatlagan korxonalar Xorazm viloyati aholisining farovonligini oshirmoqda

Matilda Dimovska safari chog‘ida Farog‘at Saydullayevaning tikuv sexiga ham tashrif buyurdi. Ushbu sex Urganchda nafaqat mahsulotlarining hamyonbop narxlari, yaxshi sifati, balki o‘z ishchilari bilan ham nom qozongan. «Urganch Milliy Tikuvchilik» korxonasi ochilgan davrdan buyon unda nogironligi mavjud qizlar va ayollar mehnat qiladilar. Bu ish ular uchun daromad manbai ekanligidan tashqari, muloqot qilish, ta’lim olish, ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘zligini namoyon etish maskani hamdir.

Farog‘at Saydullayeva 2013 yilda BMTTD va «Sasol» kompaniyasining «O‘zbekiston biznes-forumi» loyihasi ko‘magida korxonasini kengaytirib, qo‘shimcha tikuv mashinalarini sotib oldi. Bugunga kelib «Urganch Milliy Tikuvchilik» korxonasida 30dan ortiq mahsulot turi, jumladan milliy liboslar, yotoqxona anjomlari va boshqa uy jihozlari ishlab chiqariladi.

Aholining farovonligini oshirish, yoshlar va ayollar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan bu kabi loyihalar BMTTD tomonidan mamlakatning boshqa hududlarida ham amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018 yilning o‘zidayoq BMTTD issiqxonalar tashkil qilish, tomchilab sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, kichik sanoat va baliqchilik korxonalarini yaratish bo‘yicha 180dan ziyod sheriklariga yordam ko‘rsatdi.

Hamkorlikning istiqbolli sohalarini aniqlash uchun milliy sheriklar bilan muzokaralar

Matilda Dimovska Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov, Savdo-sanoat palatasining raisi Adxam Ikramov, shuningdek Xorazm viloyatining xokimi Farxod Ermanovlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda qo‘shma loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar muhokama qilinib, BMTTD tomonidan rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan sohalar belgilab olindi.

BMTTD faoliyati qariyb 170 davlat va hududlarni qamrab olib, turmush tarzini oshirish, tengsizlikni qisqartirish va inklyuziv jamiyatni yaratishga ko‘maklashadi. Biz mamlakatlarga rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda, sheriklik uchun imkoniyatlarni kengaytirishda, erishilgan natijalarni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash uchun institutsional sharoitlarni yaratishda yordam ko‘rsatamiz.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistonga ko‘magi umumiy o‘zaro bog‘langan maqsadlarga erishishga qaratilgan: bular – barqaro iqtisodiy rivojlanish, samarali davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarni tezlashtirishda hukumatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni himoya qilishda yordam ko‘rsatish.