BMTTD kapital bozorni rivojlantirishga oid hatti-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda

14-February, 2019

Oliy Majlis Senati Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda hamda BMTTD ko‘magida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro moliya institutlarining vakolatxonalari rahbarlari bilan konsultatsiyaga oid uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv kapital bozorini rivojlantirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratishga yo‘naltirilgan idoralararo va xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning ushbu yig‘ilishni ochib berdi va mamlakatda iqtisodiyotning yanada o‘sishini ta’minlash, raqobatbardoshlikni oshirish, mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi. Bu borada kapital bozorini rivojlantirish va davlat aktivlarini samarali boshqarishga to‘sqinlik qiluvchi qator tizimli muammolar mavjud bo‘lib, ular belgilangan masalalarda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish hamda O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlariga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan strategik chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini taqozo etishi ta’kidlandi.

Mazkur uchrashuv chog‘ida Kapital bozorini rivojlantirish va davlat aktivlarini boshqarish agentliklari rahbarlarining taqdimotlari tinglandi. Xususan, Kapital bozorini rivojlantirish agentligining direktori Atabek Nazirov O‘zbekiston kapital bozorlaridagi joriy holat, mavjud muammolar hamda bozorning samarali ishlashiga halaqit beruvchi qonunchilik to‘siqlariga oid taqdimot bilan ishtirok etib, rivojlantirish istiqbollari va kapital bozorlarini “jonlantirish” bo‘yicha chora-tadbirlarga doir fikrlarini bayon etdi. O‘z navbatida, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Zafar Zaxidov davlat aktivlari boshqaruvidagi tizimli muammolar, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar hamda xususiylashtirish, dividend siyosati va moliyaviy sog‘lomlashtirish masalalarida samaradorlikni oshirish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida so‘zladi.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer ham kapital bozorining rolini Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirishdagi mexanizmlardan biri sifatida e’tirof etdi. Jumladan, u BMT Taraqqiyot dasturi nomidan davlat organlari va idoralar o‘rtasida hamkorlik masalalarini muvofiqlashtirish hamda samarali o‘zaro faoliyatni ta’minlash borasida ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Vakolatxonalarning rahbarlari takroriy ishlarni bartaraf etish va samarali o‘zaro faoliyatni tashkil etishga tizimli yondashish maqsadida muvofiqlashtirishni kuchaytirish zaruratini qayd etib o’tdi va taklif qilingan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Kapital bozorini rivojlantirish agentligining kapital bozorini rivojlantirish va davlat aktivlarini boshqarishga ko‘maklashish bo‘yicha Ko‘ptomonlama hamkorlik ishchi guruhini tashkil qilishga oid taklifini qo‘llab-quvvatlagan holda shu yuzasidan qaror qabul qilindi. Aytish joizki, vakolatli vazirliklar, idoralar, xalqaro tashkilotlarning ekspertlari hamda biznes vakillaridan tashkil topadigan bu guruhga mamlakatning moliya bozorini mukammal rivojlantirishga oid chora-tadbirlardan iborat kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish vazifasi yuklanadi.