Bahorgi agrotexnika tadbirlari ajida

1-March, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 23-25 fevral kunlari Savdo-sanoat palatasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorligida Rossiya Fedaratsiyasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida bahorgi agrotexnik tadbirlarga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda 90dan ortiq fermer xo‘jaliklarining vakillari ishtirok etishdi. Bugungi kunda, aynan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazilishi ular uchun juda muhim masaladir.

O‘tgan haftada ob-havo bizni +25 C0 bahorgi iliqlik bilan xursand qilgan bo‘lsa, bugun esa haroratning ayrim joylarda -20 C0ga tushib ketishi kuzatilmoqda. Holbu-ki, kelayotgan sovuq ob-havo haqida sinoptiklar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi kamida 10 kun, bir xafta avvaldan ogohlantirish bergan edi. Lekin ming afsuski, hamma ham kerakli choralarni ko‘ra olmadi. Ehtimol o‘tib ketadi deb umid qilishgandir, balki kech taraddud ko‘rishgandir, ammo eng achinarlisi, bu safar ham ko'pchiligimiz tabiatning injiqliklari oldida ojiz qoldik.

Deyarli barcha ishtirokchilarni bog'ni yaqinlashib kelayotgan sovuqlar hamda boshqa noxush hodisalardan himoya qilish bo‘yicha tashvishlantirayotgan savollariga seminarning tajribali murabbiyi, agronom Erkin Usmonxo'jaev javob berdi. "Har bir agrotexnik tadbir bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir, chunki darxatning yaxshi immunitet hosil qilishi hamda noqulay sharoitlarga nisbatan chidamliligini oshirish uchun butash, chopish, mineral o‘g‘itlash kabi tayyorgarliklar kuzdan boshlanishi kerak . Daraxt ham insonga o‘xshaydi to‘yib ovqatlanmasa, to‘liq himoyalanmasa – u zaiflashib qoladi”, deb aytdi u o'z nutqida.

Seminar mobaynida aniqlanishicha, aksariyat fermerlar sovuqqa qarshi tutatish va bo‘ktirib sug‘orish uslublarini qo‘llar ekanlar, lekin ular ham o‘ziga yarasha kamchiliklarga ega. Tutatqilar qo‘yish ko`p mehnat talab qiladigan jarayon bo‘lib, turg‘un sovuqlarda qaytadan to`planiladi, o`t qo`yiladi, qolaversa ularni -4 C0 haroratgacha qo‘llagan ma’qul. Bo‘ktirib sug‘orish chorasi esa faqatgina suv miqdori yetarli bo‘lganda o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Shuningdek, seminarda bog‘larni sovuqlardan himoya qilish borasida ko‘plab misollar keltirildi, shu jumladan, agrotexnik tadbirlar orasida daraxtlarni oqlash va bordo aralashmasi bilan cho‘miltirish uslublariga alohida urg‘u berildi. Chunki ular daraxtlarni nafaqat kasallik va zararkunandalardan, boshqa turli shikastlanishlardan himoya qiladilar, balki quyosh nurlarini qaytarib, gullash davrini keyinga surishga yordam beradilar.

Ko‘rilgan dolzarb mavzudan tashqari, bahorgi shakl berish, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish, o‘g‘itlash, ko‘chat tanlash xusususiyatlari, shuningdek o‘simliklarning rivojlanish fenologiyasiga ko‘ra himoya vositalari va o‘g‘itlardan foydalanish, kasalliklar va zararkunandalarning tarqalishining oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga Erkin Usmonxo‘jayev muallifligi ostida yaratilgan bog‘dagi agrotexnik tadbirlarga oid qo‘llanma taqdim etildi. Tasvirlar bilan boyitilgan ushbu nashr avvalgi seminar ishtirokchilarining o‘zbek tilida izoh beruvchi qo‘llanmalar yetishmasligi to‘g‘risidagi takliflariga binoan mazkur loyiha doirasida ishlab chiqilib, chop ettirildi. Qo‘llanmada bog‘ni parvarish etishda ko‘chat tanlashdan boshlab, to hosilni yig‘im-terimdan keyingi saqlashga qo‘yishgacha bo‘lgan jarayonlar yuzasidan tavsiyalar hamda 11 ta mevali daraxtlar misolida parvarish qilish bo‘yicha maxsus jadvallar joy olgan.