BMTTD Qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun konsalting xizmatlari sifatini oshirmoqda

2-February, 2021

Photo: UNDP Uzbekistan

So'nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo'jaligini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari barcha sohalarda, shu jumladan ma`lumot taqdim qilish borasida ham faol qo'llab-quvvatlanmoqdalar.

Axborot va maslahat xizmatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirining zarur bo‘g‘ini bo‘lib, uning yordamida hosilni yetishtirish, saqlash, yetkazib berish va sotish bilan bog‘liq ko‘plab muammolar aniqlanadi va hal etiladi.

Buning chuqur mohiyatini anglagan holda joriy yilning 26-yanvar kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining hamkorlikdagi hamda Rossiya Fedaratsiyasini moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Farg‘ona vodiysida fermerlarni iqlim o‘zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida saralab olingan viloyat va tuman karantin inspeksiyalari vakillari uchun "Qishloq xo‘jaligida konsalting xizmatlari" mavzusida seminar tashkil etildi.

Ushbu seminarning asosiy maqsadi ishtirokchilarni qishloq xo‘jaligida konsalting xizmatlari asoslari va ularning rivojlanish bosqichlari, xalqaro tajribalar bilan batafsilroq tanishtirish va viloyat o‘simliklar karantini inspeksiyalari qoshida tashkil etilgan "Fitokonsulting markazlari"ning faoliyati doirasida taqdim etilayotgan konsalting xizmatlarini rivojlantirish yuzasidan muhokamalar olib borish edi.

Seminar yakunida barcha ishtirokchilar berilgan mavzular bo‘yicha muzokaralar olib bordilar va o‘zaro fikr almashib, yaqin kelajakda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab oldilar. Zero, o‘z vaqtida sifatli va to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lish, doimiy ravishda qishloq xo‘jaligi faoliyatlarini olib borish uchun kerakli bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or agro ishlab chiqaruvchilar va soha mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyati uchun sharoitlar yaratib berilishi bugungi kunda aksariyat fermer va dehqonlarimiz uchun zaruriy ehtiyoj bo‘lib hisoblanmoqda.