BMTTD Namangan viloyati bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

13-November, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

2020 yil 13 noyabr kuni BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim istiqbolli va joriy etilgan tashabbuslar bo'yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun Namangan viloyati hokimi janob Shavkatjon Abdurazzoqov bilan rasmiy onlayn uchrashuv o'tkazdi.

BMTTD 1993 yildan beri Namangan viloyati rivojlanishini qo'llab-quvvatlovchi ishonchli hamkoridir. Ayni paytda BMTTD mintaqada 2 million AQSh dollari miqdorida oltita loyihani amalga oshirmoqda (ularni moliyalashtiruvchi donorlar: Yevropa Ittifoqi va Rossiya hamda Shvetsiya hukumatlari).

Ushbu loyihalar iqlim o'zgarishi sharoitida mahalliy fermerlarni qo'llab-quvvatlash, mahalliy o'zini o'zi boshqarishni kuchaytirish va savdo tashabbuslariga ko'maklashish kabi sohalarda ishlaydi. Yana beshta istiqbolli yangi loyiha ko'rib chiqilmoqda.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi tomonidan ayollar bandligini ta'minlash, yoshlar salohiyatini oshirish, qishloq ho’jaligini rivojlantirish, quyosh energiyasidan foydalanish, Chust va Chorkesarda ekologik vaziyatni yaxshilash kabi yo'nalishlardagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o'tkazildi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov bu loyihalarga qo'shimcha ravishda viloyatda me'morchilik bo'yicha kadrlar tayyorlash, kichik sanoat zonalarini rivojlantirish, yangi tashkil etilayotgan mahalla va ko'chalarni muqobil energiya yordamida yoritish, “Yoshlar daftari” ijrosini ta'minlash kabi yo'nalishlarda ham hamkorlik qilish yuzasidan o'z takliflarini bildirdi. BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi jamoasini Namangan viloyatiga yana bir bor kelishga da'vat qildi.

2021 yilda va keyingi yillarda BMT Taraqqiyot dasturi mintaqaning barcha fuqarolari manfaati uchun Namangan viloyati ma'muriyati bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga umid qiladi.