Ayollarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurash va shelterlar bilan ishlash bo'yicha Shvetsiya tajribasi o'rganildi

30-November, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

"Ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik bizning zamonamizning eng katta muammolaridan biri bo'lib, biz uning yechimini izlashda davom etishimiz kerak", dedi BMT Bosh kotibi Antonio Guterres 25-noyabr Xalqaro ayollarga nisbatan zo'ravonlikni yo'q qilish kuniga bag’ishlangan chiqishida. Uning ta'kidlashicha, karantin davrida butun dunyoda oilaviy zo'ravonlik holatlari ko'payib ketdi, chunki ko'plab ayollar o'zlarining zo’ravonlari bilan birga uyda qolib, o'z vaqtida yordam olish imkoniyatlaridan mahrum bo'lishlari mumkin edi.

Bunday sharoitda, zo'ravonlik qurbonlariga yordam ko'rsatadigan muassasalarga ehtiyoj ortadi. O'zbekistonda ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish maqsadida 2018 yil 2 iyuldagi Prezident farmoni bilan Zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo'yicha Respublika markazi tashkil etildi. Ayni paytda O'zbekistonda 197 ta shunday markaz mavjud. 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu markazlarga 14 849 ta murojaatlar kelib tushdi. 5796 holatda psixologik, 3680 holatda huquqiy, 503 holatda fuqarolarga tibbiy yordam ko'rsatildi, 1553 holatda boshqa turdagi yordam ko'rsatildi.

30-noyabr kuni ayollarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish va zo'ravonlik qurbonlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tajribani o'rganish maqsadida "Gender zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ko‘rsatilayotgan samarali ko‘mak turlari. Shvetsiyaning tajribasi va O‘zbekiston uchun beriladigan fikr-mulohazalar" mavzusida vebinar tashkil etildi.

Vebinar O’zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida, Shvetsiya hukumatining moliyaviy ko‘magi yordamida tashkil etildi.

Vebinarda Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarining xodimlari (197 markazlar), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining xodimlari, Ichki ishlar vazirligining xodimlari(300 ayollar inspektorlari) va boshqa davlvt tashkilotlarining xodimlari ishtirok etishdi.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova O'zbekistonda shelterlar qanday ishlashi, ular zo'ravonlik qurbonlariga qanday yordam ko'rsatishi, zo'ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya markazlariga qanday joylashtirilishi haqida gapirib berdi. Shuningdek, u ishtirokchilarga shelterlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari to'g'risida ma'lumot berdi.

Shuningdek, vebinarda ayollar huquqlarini himoya qilish va zo'ravonlik qurbonlari bilan ishlash bo'yicha Shvetsiyalik mutaxassislar va ekspertlar so'zga chiqib, ular ishtirokchilarga zo'ravonlik qurbonlariga huquqiy yordam ko'rsatish, shelter faoliyati uchun mablag' yig'ish to'g'risida gapirib berishdi, shuningdek, gender zo'ravonligi qurbonlari bilan ishlashning Shvetsiyadagi amaliy misollari bilan o'rtoqlashdilar.

Zo'ravonlik qurboni bo'lgan ayollar uchun shelterlar uyushmasi (UNIZON) ning ayollar huquqlari va homiylik masalalari bo'yicha mutaxassisi Mariya Byorson ishtirokchilarni Shvetsiyadagi reabilitatsiya markazlarining turlari, zo'ravonlik qurbonlarining ularga murojaat qilish mexanizmlari, mamlakatdagi barcha shelterlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ularda jamoaviy ishlarni tashkil etish bilan tanishtirdi. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Shvetsiyada mahalliy hokimiyat idoralari zo'ravonlik qurbonlari bo'lgan ayollar va bolalarga yordam va himoya ko'rsatishga qonunan majburdirlar.

Gender zo'ravonlik bo'yicha yurist Sanna Knutsson yurist va shelter o'rtasida qanday hamkorlik bo'lishi kerakligi, zo'ravonlik qurbonlarini huquqiy himoya qilishda yuristlar qanday mas'uliyatlarga ega ekanligi va zo'ravonlik turlarini belgilashda qanday terminlar qo'llanilishi haqida gapirib berdi. Shuningdek, u ishtirokchilarni Shvetsiyadagi gender zo'ravonligiga qarshi kurashning qonuniy asoslari bilan tanishtirdi.

Ishtirokchilar zo'ravonlik xavfi va darajasini o'lchash, jarohatni hujjatlashtirish va statistik ma'lumotlarning jurnalini yuritishning ahamiyati to'g'risida o’rgandilar. Sanna Knutsson shuningdek, zo'ravonlik qurboni boshpanada bo'lishining dastlabki bosqichlarida advokat bilan bog'lanishi kerakligini ta'kidladi.

BMT Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi dastur yordamchisi Maya Lofstrom Shvetsiyada zo'ravonlik qurbonlari bilan ishlash jarayoni jabrlanuvchi ishonch telefoni orqali murojaat qilishidan boshlab, uning to'liq xavfsizligini ta'minlashgacha qanday tashkil etilganligi haqida gapirdi. Taqdimot davomida ishtirokchilar jabrlanuvchi uchun xavf darajasini aniqlashda foydalaniladigan "FREDA" usuli haqida ma'lumot oldilar. Unga ko'ra, zo'ravonlik qurboni bilan so’rovnoma o'tkaziladi va uning javoblari asosida zo'ravonlik jabrlanuvchisiga kerak bo'lgan yordam turi aniqlanadi.

Tadbir yakunida munozaralarga vaqt ajratildi va trening qatnashchilari o'zlarini qiziqtirgan masalalar bo'yicha mutaxassislardan javob oldilar.