Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo'yicha muhokama

30-January, 2020

UNDP Uzbekistan image

2019 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu qonun O‘zbekistonda ayollar kamsitilishi va ayollarga zo‘ravonlik ko‘rsatishning barcha shakllariga nisbatan qonuniy choralarni belgilab berdi.

Zo‘ravonlikni kamaytirish, jabr chekkanlar bilan ishlash maqsadida hozirda Xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida 197 ta “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari” faoliyat yuritmoqda. Markazlarga o‘tgan yili 22 ming 383 nafar xotin-qizlar tomonidan murojaat qilingan, shundan holati og‘ir bo‘lgan 7 423 nafariga vaziyatdan chiqib ketish uchun psixologik yordamlar ko‘rsatilgan.

Biz bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasini "Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy xayotda ayollar faolligini oshirish" qo‘shma loyihamizni chekka xududlardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sayyor yuridik klinika tashkil etildi. 2019 yilning noyabr va dekabr oylarida 200 dan ortiq ayollarga malakali ekspertlar tomonidan bepul xuquqiy va psixologik konsul'tasiya olishdi. Mazkur loyixa bilan xamkorlikda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar ishtirokida (shaxsiy ma'lumotlar sir saqlangan xolda) videorolik va infografikalar tayyorlandi. Joriy yilda Xotin-qizlar qo‘mitasining joylardagi xodimlari  va vazirlik va idoralar xodimlari uchun ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan ximoya qilish maqsadida treninglar o‘tish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning kelib chiqish sabablarini o‘rganish maqsadida taxliliy materiallar tayyorlash, ular asosida tegishli tavsiyalar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar ayolga qarshi zo‘ravonlik mavzusiga chuqurroq kirib borilsa, ko‘proq oila zo‘ravonligi sodir bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Ayol o‘z turmush o‘rtog‘i yoxud jamiyatning boshqa a'zolari tajavvuziga uchrashi, erkakning hayotidagi ayrim salbiy o‘zgarishlar natijasidagi stresslari ayolni do‘pposlash orqali namoyon bo‘layotgani, arzimas maishiy muammo yoki o‘zaro munosabatlarning nizosi jarayonida ayolning joniga qasd qilishgacha yetib borilayotgani kabi mudhish jinoyatlarga duch kelinmoqda.

 

Xotin-qizlar qo‘mitasi va hamkor mas'ul tashkilotlar amalga oshirayotgan ishlar:

  •  Oila zo‘ravonligi profilaktikasi, oiladagi zo‘ravonlikning salbiy oqibatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirishga yo‘naltirilgan axborot tadbirlarini o‘tkazish. Zo‘ravonlik va gender kamsitish masalalari bo‘yicha bukletlar, plakatlar va boshqa adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish va tarqatish.
  • Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
  •  Aholi orasida ta'lim muassasalari, mehnat jamoalari, fuqarolarniing o‘zini o‘zi boshqarish organlari darajasida oilada zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha manzilli axborot ishlarini olib borish.
  •  Zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan xizmatlar tarmog‘ini («ishonch telefonlari», ruhiy-maslahat xizmatlari va shu kabilar) yanada rivojlantirish.
  • Huquqni muhofaza qilish organlari, mahalla tizimi xodimlarini oilada maishiy zo‘ravonlikning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘qitish.
  •  Har bir mintaqa, tuman (shahar) bo‘yicha maishiy zo‘ravonlik holatlarining statistik tahlilini tashkil etish.