Gidrotexnik qurilmalarini loyihalash uchun eng zamonaviy uskuna taqdim etildi

17-January, 2020

UNDP Uzbekistan image

2020 yil 17 yanvar kuni Suv xo'jaligi vazirligida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “O'zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” loyihamiz doirasida 28 dona elektron nivelir uskunalarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Bu uskunalar pilot hudud sifatida tanlangan 6 ta irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, shuningdek, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga taqdim etildi. 

Matilda Dimovska, BMT Doimiy Vakili ta'kidlab o'tganidek: "Barqaror harakatlarimiz tufayli respublikamizning chekka hududlarida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishamiz."

 

Tadbirda Suv xo'jaligi vazirligi va Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi vakillari so'zga chiqib, loyiha doirasida olib borilayotgan hamkorlik o'zining samarali natijalarini berayotganligini ta'kidlashdi. 

Taqdim etilgan «Leica Sprinter 250M» rusumidagi zamonaviy raqamli nivelirlar suv xo'jaligi gidrotexnik inshootlarini qurish va rekonstruktsiya qilish jarayonlarida masofa va balandliklarni o'lchash, to'ldirish va qazish farqlarini aniqlash, shuningdek, ma'lumotlarni saqlash va uzatish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Suv resurslarini boshqarishda suv xo'jaligi tashkilotlarining texnik salohiyatini mustahkamlash maqsadida pilot hududlar sifatida Sirdaryo-So'x, Quyi Sirdaryo, Zarafshon, Amu-Qashqadaryo, Amu-Surxon, Chapqirg'oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tanlab olingan. Loyiha doirasida ushbu irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida suv ta'minoti va suv resurslarini samarali boshqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlar malakasini oshirish bo'yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.