Bog'bonlikni iqtisodiy samaradorligini oshirish yo'lida

1-November, 2019

UNDP Image

Yilning tez o'tishini qarang, ko'z ochib yumguncha kuzning qizg'in pallasi ham boshlanibdi. Kuz shunchalar o'zgaruvchan-ki, unda ob-havo, tabiyat bergan in'omlariga to'yib-to'yib olish kerak. Bog'bon va dehqonlarning yumushlari ko'pligini aytmaysizmi, yeg'in kunlarda hosilni yig'ib, uni daladan olib chiqish, bir qismini sotish, qolganini esa omborga qo'yish uchun ulgurishlari kerak. Bu hali hammasi emas, muhimi - qishning qahratoniga chidab, bahorgacha kuchlarini tiklab olishlari uchun bog' va yerni qishga tayorlashlaridir.

Bog'bonlarimizning kuzgi agrotexnika va bog'larni qishga tayyorlash bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirishlari uchun Savdo Sanoat Palatasi hamda BMTTDning hamkorligida Rosssiya Federatsiyasining moliyaviy k`omagida amalga oshirilayotgan «Farg'ona vodiysida fermerlarni iqlim o'zgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish» loyihasi doirasida joriy yilning 28-30 oktyabriga qadar Namangan, Andijon va Farg'ona viloyatlarida amaliy seminarlar tashkil etilgan bo'lib, unda 150dan ortiq bog'dorchilik fermer xo'jaliklari, agrofirmalar va havaskor bog'bonlar vakillari ishtirok etishdi.  


Seminar mobaynida ishtirokchilar yer va bog'larga begona o'tlar, kasalliklar va har qanday boshqa zarbalardan xalos bo'lishlariga qanday yordam berishlari mumkinligi haqida bilimlarini oshirib yangi ko'nikmalarlarga ega bo'ldilar. Shuningdek, kuzgi oziqlantirish qoidalari, ozuqa miqdori va texnika xavfsizligi, daraxtlarga shakl berish shartlari, yerga ishlov berish va sug'orish usullari haqida hamda o'g'itlash bosqichlari, ISO (ohak oltingugurt qaynatmasi) va bordo suyuqligining foydasi, ularni tayyorlash bo'yicha batafsil ma'lumotlar olishdi. Misol uchun, bordo suyuqligi parsha, un shudringi, chirish kabi xavfli kasalliklarga, daraxt tanasi va butalgan joylarining qoyrayishini va zamburuqlar tushishining oldini olish kabi holatlarga qarshi qo'llaniladi.

Seminar treneri Erkin Usmonxo'jayev «So'nggi hosilni qachon yig'ib oldingiz? Oziqlantirdingizmi? Yerga necha marotaba ishlov berdingiz? Nima maqsadda kuzda shakl beriladi?» deya, savollarini berib ishtirokchilarning qiziqishlarini oshirib, so'ngra olgan javoblari va shaxsiy tajribasiga asoslangan holda kuzgi tayyorgarlik ishlarining har bir bosqichining muhimligini hamda «ulgurmadim», «muhim deb hisoblamayman» va «bahorda qilaman» kabi munosabatlarning oqibatlari qanday bo'lishini yorqin misollar bilan tushuntirib berdi.

«Biz bog'bonlar kelgusi hosilning zamini kuzda barpo etilishini juda yaxshi bilamiz. Bu yerda qayd etilgan tadbirlar shu qadar tushunarlli va sodda qilib yetkazib berildi-ki, bularning hammasi har birimizning qalbimizda o'z aksini topdi. Ishonchim komil, seminar yakunlangandan keyin ko'pchilik o'z bog'ini sog'lomlashtirish va kuchaytirish uchun darhol harakatini boshlab yuboradi» - deb aytdi ishtirokchilardan biri, Dehqonali Shomirzayev.

Shuningdek, seminarda bog'dorchilik xo'jaligining tajribasini o'rganish jarayonida ishtirokchilar u yerda olib borilgan ishlar samaradorligi, hosil unumdorligi, qanday saboqlar olinganligi tahlil qilib, kelgusi rejalar yuzasidan hulosalar chiqarishdi.

BMTTDning qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirish borasidagi faoliyati 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi hamda BMT a'zo davlatlari qabul qilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq amalga  oshirilmoqda.