“Aniq dehqonchilik” texnologiyalari O‘zbekiston fermerlari uchun yanada qulayroq bo‘ladi

3-April, 2019

Toshkent shahridagi Inxa universitetining yosh olimlari BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida meteostansiya, feromonli qopqonlar va fermr xo‘jaliklarida hisob yuritish hamda o‘simliklar kasalliklari va zararkunandalar tarqalishidan ogog‘lantiruvchi SMS-xabarlar yuborish uchun mo‘ljallangan maxsus ilova ishlab chiqdilar. Ushbu ixtirolarning afzalligi ularning import qilinadigan muqobil vositalarga nisbatan arzon narxga egaligi, mahalliy entomologiya hisobiga yanada aniq prognozlashtirish imkoniyati, shuningdk o‘zbk tilidagi intrfeysning mavjudligidir.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘tgan yilning kuzida moslamaning alfa-versiyasi o‘rnatilgan edi. BMT TD «Savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasining rahbari Dilshod Akbarov mazkur moslamalarning O‘zbekistonda joriy etilishi ahamiyati haqida so‘zladi. Apparat bloki va bulutli xizmat muallifi Jasurbek Xodjav hamda dastur muallifi Sarvar Abdullayev ixtironing xususiyatlari, uning O‘zbekistonda qo‘llanilishi va bu texnologiyalardan foydalangan fermerlar qanday foyda olishlari haqida so‘zladilar.

Ishlab chiqilgan moslama haqida so‘zlab bersangiz. U qanday ishlaydi?

Jasurbek Xodjayev: Bizning loyiha uch qismdan iborat: apparat komponenti (meteostansiya va feromonli qopqon), bulutli xizmat hamda shaxsiy kompyuter uchun dasturiy ta’minot. Quyosh energiyasi asosida ishlaydigan meteostansiya shamol tezligi, shamol yo‘nalishi, quyosh kuchi, yomg‘irni o‘lchash, havo harorati, havo namligi, tuproq harorati, tuproq namligi va tuproq sho‘rligini aniqlaydigan datchiklar bilan jihozlangan. Meteostansiya atrof-muhit va tuproqdan ma’lumotlarni to‘plab, ularni belgilangan vaqt oralig‘ida bizning bulutli tizimimizga yuboradi. Bulutli tizimi esa fermerlar va agronomlar uchun ma’lumotlarni to‘plab, ularni aks ettiradi.

Yana bir moslama, bu – feromonli qopqon bo‘lib, u an’anaviy feromonlardan iborat, ammo kamerali qopqon. Kamera feromonli qopqon ichidagi hasharotlarni suratga oladi va tasvirlarni bulutli tizimga yuklaydi.

Sarvar Abdullayev: Yaratilgan dasturiy ta’minot ma’lum yer uchastkalarida kasalliklar va zararkunandalar tarqalganini ro‘yxatdan o‘tkazish va bu haqida fermerlarga SMS-xabarlar yuborish, har bir mavsum uchun tuproq va o‘simliklarning asosiy mezonlariga oid tarixiy ma’lumotlarni, shuningdek kasalliklar, zararkunandalar va o‘simliklar to‘g‘risidagi axborotni saqlash imkonini beradi. Dastur oddiy kompyuterda ishlaydi va SMS-xabarlarni yuborish uchun mobil operatorga ulanishi mumkin. Muhimi, dastur offlayn rejimda ishlashi hamda barcha axborotni mahalliy ma’lumotlar bazasida saqlashi mumkin. Tabiiyki, bu Internetga ulanish mavjud bo‘lmagan vaziyatda ham dasturdan foydalanish imkonini yaratadi. Dastur intrfeysi to‘liq o‘zbek tilida bo‘lib, bu O‘zbekiston fermerlari uchun yanada ko‘proq qulaylikni ta’minlaydi.

Jahonda bunday moslamalarning muqobillari bormi? Siz ishlagan texnologiyaning o‘ziga xosligi nimada?

Jasurbek Xodjayev: Meteostansiya va feromonli qopqon – yangi ixtiro emas. Odatda ushbu yuksak texnologik qurilma O‘zbekistonga import qilinadi va qimmat turadi. Shuning uchun aksariyat o‘zbek fermerlari undan foydalana olmaydi. Bundan tashqari, xorijiy tizimlarning egalari savdodan keyingi xizmat ko‘rsatish borasida qiyinchiliklarga to‘qnash keladi. Mahalliy agronomlar bilan suhbatlashganimizda ular xorijiy kasalliklarni prognozlash algoritmlari ba’zan noaniq bo‘lgani bois mahalliy olimlar yordamida prognozlash algoritmlarini yaratish zarurati yuzaga kelishini qayd etdilar. Mazkur tizim mahalliy entomologiya hamda mavjud zararkunandalar va kasalliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan, shuning uchun u xorijiy muqobil moslamalarga nisbatan yanada samarali bo‘ladi.

Ushbu tizimning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, u yanada tejamkor usulda, ammo sanoat datchiklari qo‘llangan holda ishlab chiqilgan. Shu bois, tizimning yakuniy qiymati fermerlar uchun hamyonbopdir. Bundan tashqari, uning funksionali mahalliy tilda ham mavjud.

Sarvar Abdullayev: Aksariyat mavjud dasturiy ta’minotlar fermerlar uchun veb-yechim sifatida ishlangan. Biroq, mamlakatimizning cheka hududlarida hanuzgacha Internet bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgani uchun xorijiy muqobil moslamalarni ishlatishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bizning ilovani kompyuterga o‘rnatib, offlayn rejimida ishlatish mumkin. Bundan tashqari, ilovamiz bir vaqtning o‘zida bir nechta fermer xo‘jaliklari hisobini olib borish imkonini beradi va markaziy boshqaruv pultidan daladagi fermerlar yoki ishchilar bilan muloqot qilish muammosini hal qiladi. Buning uchun fermerlar yoki ularning ishchilari SMS-xabarlar olish funksiyasiga ega bo‘lgan eng oddiy mobil telefonga ega bo‘lsalar kifoya. Bunday funksionalni bironta ham xorijiy moslamada kuzatmadik. Fikrimcha, xorijiy moslamalarning ishlab chiqaruvchilari fermer xo‘jaligidagi har bir ishchida yuqori tezlikdagi internetga ulangan zamonaviy smartfon bo‘ladi degan tasavvurda bo‘ladilar. Lekin, bizda haqiqat mutlaqo boshqacha va o‘ylashimcha, avvaliga ularga moslashish zarur.

Fermerlar ishlab chiqilgan texnologiyalarni qo‘llashdan qanday foyda oladilar?

Jasurbek Xodjayev: Bulutli tizimning asosiy maqsadi fermalarning egalari kasalliklar va zararkunandalar tarqalishiga qarshi kurashish uchun vositalarni qachon qo‘llashni aniq bilishlari uchun zararkunandalar va kasalliklar tarqalishini prognozlashdan iborat. O‘zbekiston fermerlari qishloq xo‘jaligi yuritishning eski usullarini qo‘llaganlari bois, ular har qanday kasalliklarning erta boshlanishi haqida bilmaydilar hamda oxir-oqibat ko‘p miqdorda kimyoviy moddalarni qo‘llaydilar va bu oziq-ovqat mahsulotlariga ta’sir qiladi. Bizning feromonli qopqonlar fermerlar/agronomlarga vaqtni tejash hamda feromonga tutilgan hasharotlarning soni va turini qo‘lda sanamasdan, masofadan turib kuzatishga yordam beradi. Ular aniq ma’lumotga ega bo‘lib, agrotexnik ishlarni o‘tkazish uchun qarorlarni tez va aniq qabul qila oladilar.

Sarvar Abdullayev: Bizning ilova tufayli agronomning havo, tuproq yoki o‘simlikka oid kerakli ko‘rsatkichlar o‘lchovlarini olish uchun fermer uchastkalari bo‘ylab yurishiga hojat qolmaydi. U bulutli server orqali barcha ko‘rsatkichlarni kuzatishi mumkin. Hattoki Internetga ulanish mavjud bo‘lmagan taqdirda ham, agronom dasturdagi zarur ma’lumotlarni qo‘lda to‘ldirishi mumkin. Yana bir vaziyat – agronom qaysidir uchastkada yuqumli kasallikni aniqladi, u sms-xabarlashuv funksiyasi yordamida qisqa vaqt ichida yaqin o‘rtadagi fermer xo‘jaliklarining egalariga xabar berishi mumkin.

Nima uchun BMTTD feromonli qopqonlar va meteostansiyalarni agrosektorda ilgari surish muhim deb o‘ylaydi?

Dilshod Akbarov: Avvalroq BMTTD «Savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi Farg‘ona vodiysi fermerlari o‘rtasida tadqiqot o‘tkazib, o‘simliklar kasalliklari profilaktikasi hamda zararkunandalarga qarshi kurashish uchun fermerlar ko‘proq kimyoviy ishlov berishni afzal ko‘rishlarini aniqladi. O‘simliklar himoyasi uchun kimyoviy moddalarning qo‘llanilishi har doim ham ekologiyaga va keyinchalik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari iste’molchilarining salomatligiga yaxshi ta’sir qilmaydi. Shu bois loyiha uchun fermerlarga kimyoviy bo‘lmagan (biologik) himoya choralaridan foydalanishga o‘tishga yordam berish muhim edi.

BMTTD avvalroq Toshkent viloyatining fermerlari uchun to‘rtta import qilingan meteostansiya o‘rnatgan edi, ammo ularning qiymati qimmat bo‘lgani uchun har bir fermerning ham bunday moslamani sotib olishga qurbi yetmaydi.

Bizning mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikdagi ishimiz nisbatan past narxli meteostansiyalar va feromonli qopqonlarni yaratish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchilar prognozlash algoritmlari yordamida tizimni yaxshilash ustidagi ishni davom ettirmoqdalar. Umid qilamizki, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida dastlabki loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mazkur tajribani butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqatish imkonini beradi.