“Global maqsadlar” Oʻzbekiston uchun nimani anglatadi

25-October, 2018

2018 yil 20 oktyabr kuni 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi

Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar (BRM), boshqacha qilib aytganda, Global maqsadlar, qashshoqlikni tugatish, sayyyoramizni muhofaza qilish hamda barcha insonlar uchun tinchlik va farovonlikni taʼminlash borasidagi harakatlarni amalga oshirish uchun umumjahon chaqiriqdir. Maqsadlar BMTning barcha aʼzo davlatlari, jumladan Oʻzbekiston tomonidan ham, 2015 yilning sentyabrь oyida maʼqullangan. Ular oʻz ichiga 2030 yilgacha erishilishi lozim boʻlgan hamda 200dan ortiq koʻrsatkichlar yordamida oʻlchanadigan 17ta maqsad va 169 ta vazifani qamrab oladi.

“BMT Oʻzbekiston tomonidan oʻz milliy maqsadlari va vazifalarini qabul qilishini yuqori baholaydi. Ushbu qadam 2017−2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasining Global maqsadlar doirasida tasdiqlangan va 2030 yilgacha belgilangan keng koʻlamli maqsadlarga toʻliqligicha mos kelishiga dalolat qiladi. Mazkur Qaror Harakatlar strategiyasining barcha beshta asosiy yoʻnalishi boʻyicha olib borilayotgan oʻzgarishlarni jadallashtirishga va uzoq muddatga ularning barqarorligini taʼminlashga amaliy turtki boʻlib xizmat qiladi”, - deydi Xelena Freyzer, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori. “Men qatʼiy ishonamanki, bu Oʻzbekistondagi barcha insonlar uchun farovonlik va qadr-qimmatni targʻib qilishdagi muhim qadamdir”.

Imzolangan hujjat 2030 yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi 16ta milliy maqsadlarni hamda ular bilan bogʻliq boʻlgan 127ta maqsadli vazifalarni belgilab beradi. Unda shuningdek BRMlarning Oʻzbekistonda amalga oshirilishi boʻyicha muntazam milliy hisobotlarni tayyorlash hamda barqaror rivojlanish maqsadlarining Oʻzbekistondagi davlat rivojlanish dasturlari va byudjetlariga tadrijiy integratsiyasi koʻzda tutilgan.

Milliy BRMlari iqtisodiy, ijtimoiy va ekologiya sohalaridagi muayyan maqsadlar va vazifalar toʻplamini nazarda tutadi. Misol uchun, iqtisodiyot hamda hayot va faoliyat sohalarida ular 2030 yilgacha Oʻzbekistonda qashshoqlik darajasini sezilarli ravishda kamaytirishni, YaIMni kishi boshiga salmoqli ravishda oshirishni, shuningdek yoshlar orasidagi ishsizlik darajasini sezilarli ravishda pasaytrishni koʻzda tutmoqda.

Ijtimoiy sohada, baʼzi muhim maqsadli vazifalar qatoriga 2030 yilga qadar onalar orasidagi oʻlim holatlarini 1/3 baravar, bolalar orasidagi oʻlim holatlarini yarim baravar, shuningdek yuqumli boʻlmagan kasalliklardan (yurak-tomir kasalliklari, saraton, qandli diabet, surunkali nafas olish yoʻllari kasalliklari kabi) oʻlim holatlarini 30%ga kamaytirish kiradi. Bundan tashqari, inklyuziv va teng ravishdagi taʼlimni taʼminlash va hayot davomida tahsil olish imkoniyatini barchaga yaratib berish borasidagi maqsadli vazifa belgilab olingan.

Energetika va atrof-muhit himoyasi sohasida Qaror 2030 yilgacha mamlakatning energetika tizimidagi qayta tiklanuvchan energiya manbalari ulushini sezilarli ravishda oshirish hamda chiqindilar hosil qilishning oldini olish, qisqartirish, qayta ishlash va takroriy foydalanish orqali ularni sezilarli ravishda qisqartirish boʻyicha majburiyatni tasdiqlaydi.

Yuqorida koʻrsatilgan sohalardagi islohotlar uchun mustahkam asosni taʼminlab berishda ular milliy BRMlar doirasida qamrab olingan ishonchli boshqaruv va inson huquqlari himoyasi tizimi bilan quvvatlanishi lozim. Misol uchun, boshqaruv va qonun ustuvorligi sohasida milliy maqsadlar korruptsiyani qisqartirishga, samaradorlikni, shaffoflikni va davlat idoralarining hisobdorligini barcha darajalarda oshirishga, shuningdek fuqarolarning qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirokini kengaytirishga qaratilgandir.

“Oʻzbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMTning umumjahon va mintaqaviy darajada faoliyat yurituvchi tizim tashkilotlari bilan birgalikda, BRMlar boʻyicha Qarorni amalga oshirishda Oʻzbekiston Hukumatini qoʻllab-quvvatlashga doim tayyordir. Mazkur Qarorni imzolash orqali Oʻzbekiston Hukumati “hech kimni chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq ravishda insoniy salohiyatni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikka qatʼiy sodiqligini yana bir bora tasdiqladi. Bu esa, mamlakat 2030 yilga qadar yanada farovon, rivoj topadigan va barqaror jamiyatni qurish uchun dadil qadamlar qoʻyishi jarayonida har bir shaxsning, jumladan aholining eng zaif qatlamlarining ham, ehtiyojlari va orzulari inobatga olinishini bildiradi”, - deya, qayd etdi Xelena Freyzer.