Agromahsulot eksportini kengaytirish uchun sifat standartlarini joriy etamiz

19-September, 2018

--- Image caption ---

Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi 90dan ziyod kompaniyalarning vakillari meva-sabzavot mahsulotlarining xalqaro sifat standartlarini oʻrganish imkoniga ega boʻlgan mintaqaviy seminar nihoyasiga yetdi. Seminar BMTTD, GIZ dasturi, BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (BMT YeIK) hamda “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tashkil etildi.

Statistika boʻyicha Oʻzbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti ham qiymat, ham son jihatidan oʻsib bormoqda. 2017 yil davomida agromahsulot eksporti hajmining oʻsishi 2016 yilga nisbatan 13 foizni tashkil qildi. Biroq, sotish bozorlarini kengaytirish va eksportni oshirish uchun mahsulot xalqaro sifat standartlariga muvofiq boʻlishi, eksport qiluvchilar esa xalqaro standartlashtirish tartib-taomillarini bilishlari zarurdir.

BMT YeIK, UNCTAD, Germaniya, Shvetsiya, Italiya, Niderlandiya va Turkiyadan kelgan xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtgan seminar qatnashchilarga xalqaro meva-sabzavot mahsulotlarining savdosidagi asosiy tendentsiyalar bilan tanishish imkonini berdi. Xususan, asosiy eʼtibor meva-sabzavot mahsulotining sifatiga ulgurji va chakana xaridorlar tomonidan qoʻyiladigan talablarga hamda tijorat standartlariga muvofiqlik mahsulotning xalqaro bozorlar va yetakchi savdo tarmoqlariga kirib borishini osonlashtira olishiga qaratildi.

Seminarda guruhlardagi amaliy mashgʻulotlarga alohida sessiyalar ajratilgan boʻlib, ularda ishtirokchilar eksport qilinayotgan meva-sabzavot mahsulotining BMT YeIK standartlariga muvofiqligiga oid sifatni nazorat qilish usullari bilan tanishdilar. Mazkur amaliy mashgʻulot uchun eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarining Markaziy Osiyo davlatlarida ustuvor boʻlgan turlaridan pomidor qaylasi, quritilgan oʻrik va uzum, yongʻoqlarning namunalaridan foydalanildi.

Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro standartlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Mintaqaviy hamkorlik hamda xalqaro tashkilotlarning koʻmagi tufayli Markaziy Osiyo davlatlarida tijoriy sifat standartlarini ilgari surish boʻyicha Mintaqaviy ishchi guruh tashkil etilgan. Seminar ishtirokchilari meva-sabzavot mahsulotlarining barqaror eksportini taʼminlash uchun strategiyalarni ishlab chiqish masalalarini hamda mintaqa davlatlaridagi sifat yoʻl xaritasi tomon qo`yilayotgan kelgusi qadamlarini muhokama qildilar.

BMTTD mamlakatda xalqaro standartlarning joriy etilishini qoʻllab-quvvatlagan holda eksportni rivojlantirishga koʻmak berib, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirmoqda va kelajakda xalqning umumiy farovonligini yanada yaxshilash uchun ishlab chiqaruvchilarning rentabelligini oshirmoqda.