BMT O`zbekistondagi Doimiy vakili Xelena Freyzerning Inson huquqlari kuni munosabati bilan bayonoti

Sun Dec 10 00:00:00 EST 2017

1948 yilning 10 dekabrida  Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMT Nizomini to`ldirish va barcha joyda har bir insonning huquqlarini kafolatlash maqsadida qabul qilingan. O`sha paytdan boshlab har yili 10 dekabrda Inson huquqlari kuni butun dunyoda inson huquqlari sohasidagi xabardorlikni va xatti-harakatlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida nishonlanadi.

Deklarasiya insoniyatning barcha a'zolariga xos bo`lgan qadr-qimmat, ularning teng va ajralmas huquqlarining tan olinishi erkinlik, adolat va umumiy tinchlikning asosi ekanligini tasdiqlaydi. Ushbu g`oya BMT faoliyati  barcha yo`nalishlarining asosini tashkil etadi.

BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi O`zbekiston hukumatiga inson huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiyalar doirasida  mamlakat majburiyatlarini, shuningdek nizom va BMT organlari tavsiyalarini amalga oshirilishiga ko`maklashadi. BMTning o`zaro kelishilgan Rivojlanishga ko`mak dasturi (YuNDAF) doirasida, BMT tizimi milliy hamkorlar bilan birgalikda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyalanishini yanada kengroq ta'minlanishiga qaratilgan joriy sud-huquq islohotlarini qo`llab-quvvatlash borasida hamkorlik qiladi. Bundan tashqari, BMT ning mamlakatdagi agentliklari xotin-qizlar, nogironligi bo`lgan shaxslar, yolg`iz va keksa fuqarolar, yoshlar va bolalarning huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga yo`naltirilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshiradi. Institusiyaviy darajada BMTning mamlakatdagi vakolatxonasi sudlarning boshqarish tizimini, mehnatga oid va ijtimoiy huquqlarning ximoyasini, shuningdek, bolalarga nisbatan do`stona munosabatda bo`lgan adliya tizimini kuchaytirish orqali sud mustaqilligini qo`llab-quvvatlaydi.

Yaqinda BMT tizimi va hukumat tomonidan o`zaro hamkorlikda  Barqaror rivojlanish maqsadlari va Milliy Harakatlar strategiyasiga asoslangan BMT bilan O`zbekiston o`rtasida  2017-2020 yillarga mo`ljallangan  kelgusi hamkorlik bo`yicha Yo`l xaritasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Unda Harakatlar strategiyasining ustuvor vazifalariga erishishni ta'minlash, va umuman, O`zbekistonning barqaror rivojlanishiga, shuningdek, hukumatning BMT inson huquqlari bo`yicha bir qator vositalari bo`yicha majburiyatlarini bajarishga ko`maklashishga doir asosiy harakatlar belgilandi. Shunisi diqqatga sazovorki, Yo`l xaritasida ko`rsatilgan hamkorlikning to`rtta yo`nalishlaridan bittasi inson huquqlari sohasidagi hamkorlikka bag`ishlangan.

Darhaqiqat, 2017 yil BMT ning O`zbekiston bilan inson huquqlari bo`yicha hamkorligi sohasida jadal rivojlanish yili bo`ldi. Bu yil mamlakat tarixida ilk bor O`zbekistonga BMTning inson huquqlari bo`yicha Oliy Komissari Zayd  Raad al Hussayn, shuningdek, BMTning din va e'tiqod erkinligi bo`yicha maxsus ma'ruzachisi janob Axmad Shohid tashrif buyurdi. Har ikki tashrif mamlakatning BMT inson huquqlari bo`yicha tizimi bilan, shuningdek, maxsus tartibot doirasida o`zaro hamkorlik kengayib borayotganligidan dalolat beradi.

Bu yil  Oliy Majlisning har ikki palatasi tomonidan Oliy Komissarning mamlakatga tashrifi natijalari bo`yicha ko`rilgan choralar sifatida BMT inson huquqlari bo`yicha Oliy Komissari boshqarmasi (IHOKB) bilan hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha harakatlar rejasi  qabul qilindi. Rejada inson huquqlari sohasidagi, shu jumladan, mamlakatga tashrif buyurish, qiynoqlaring oldini olish, xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish, Parij prinsiplariga muvofiq inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar rolini kuchaytirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqqa mos ravishda qonunchilikni takomillashtirish hamda O`zbekistonning 2017-2021  yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasini, shuningdek, O`zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda ko`mak berish maqsadida IHOKB mutaxassislarini jalb qilish uchun inson huquqi sohasida texnik ko`maklashish va hamkorlikning yangi yo`nalishlari belgilangan.

Voqealarning bu tarzda rivojlanishi kirib kelayotgan yil kelishilgan xalqaro standartlarga asoslangan inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan hamkorligimiz uchun ijobiy natijalar berishidan dalolat beradi. O`zbekistondagi  BMT vakolatxonasi nomidan Inson huquqlari kuni munosabati bilan barchani samimiy tabriklab, BMT O`zbekistonda kelgusida ham mamlakat fuqarolarining farovonligi va qadr-qimmatini ta'minlashga yo`naltirilgan milliy dasturni qo`llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlayman. 

BMTTD BMTTD dunyoda

Siz hozir BMTTD O'zbekiston 
O'ting BMTTD dunyo bo'ylab