Xelena Freyzer: “Markaziy Osiyoda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish” mavzuidagi davra suhbatida aytilgan nutqi

Thu Aug 31 00:00:00 EDT 2017

Xonimlar va janoblar,

Meni Bryusselga taklif etib, Markaziy Osiyo hududi, xususan O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyot masalalari to‘g‘risida nutq so‘zlash imkonini taqdim etganingiz uchun sizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Muhtaram elchi janobi oliylari O‘zbekiston Hukumati BMTning Barqaror taraqqiyot dasturini to‘liq qabul qilib olgani haqida aniq gapirdi, shuning uchun men ushbu mavzuda boshqa to‘xtalmayman. Men biz ayni paytda qaysi bosqichdaligimiz haqida qisqacha gapirib, uchta muhim masalani ko‘tarmoqchiydim.

BMTning Barqaror taraqqiyot dasturi doirasida nihoyatda buyuk bir vazifalarni qamrab oluvchi “Harakatlar strategiyasi”ga qo‘shimcha tariqasida biz Hukumat bilan birgalikda BMT va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasidagi hamkorlikni barqaror taraqqiyot sari yanada ilgari suruvchi “Yo‘l xaritasi” ustida ham ish olib bormoqdamiz. Mazkur “Yo‘l xaritasi” nihoyatda amaliy vosita bo‘lib, u Hukumat va BMTning majburiyatlarini aniq belgilaydi, va biz uni “Harakatlar strategiyasi”ni amaliyotda bajarish, ro‘yobga chiqarish sari qo‘yilgan yana bir qadam deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga, hozirda 16 ta barqaror taraqqiyot maqsadi, hamda 123 ta milliy vazifa to‘g‘risida maxsus Hukumat qarorining loyihasi ishlab chiqildi. Umid qilamizki, keyingi bir necha haftalar davomida ushbu ikkita muhim jarayon – ya’ni maxsus Hukumat qarorining rasman qabul qilinishi hamda “Yo‘l xaritasi”ning so‘ngi tahrirda joriy etilishi – bir-birini to‘ldiruchi chora-tadbirlarga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shunday qilib, hozirda olib borilayotgan ishlar biz ko‘zda tutgan tadbirlarni tezroq yo‘sinda amalga oshirishimiz uchun keng yo‘l ochib beradi. Mamlakat bu ishlarda faol ishtirok etib, zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni ta’minlamoqda.

Demak, men ko‘tarmoqchi bo‘lgan uchta masala nimadan iborat.

Birinchidan, mazkur buyuk maqsad va vazifalar hamda “Yo‘l xaritasi”ni Davlat va Milliy sohaviy dasturlarga qo‘shish lozim. Biz bir qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda belgilangan vazifa va majburiyatlarni Davlat dasturi va byudjetiga kiritish bo‘yicha keng ko‘lamdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zlaganmiz. Ayni payt nihoyatda muhimdir, negaki ayni paytda biz donorlar hamjamiyati bilan tizimli ravishda hamkorlik qilib, zarur mablag‘larni Hukumat tomonidan ajratilayotgan mablag‘larga qo‘shimcha tariqasida jalb etishimiz lozim. Shuningdek, ayni paytda asosiy e’tiborni biz endi boshlagan muloqotimizga qaratishimiz shart. O‘zbekistonda hali Barqaror taraqqiyot dasturi doirasida “tizimlashtirish, tezlashtirish va siyosat choralarini ishlab chiqishga yordam berish” bo‘yicha ishlar hali amalga oshirilgani yo‘q, biroq ayni paytda biz muloqot o‘rnatib, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarimizni tizimli ravishda tezlashtirish uchun asosiy e’tiborimizni qaysi masalalarga qaratishimiz lozimligini aniqlab olishimiz kerak.

Ikkinchi masala ko‘plab mutaxassislar tomonidan ilgari tilga olingan, u ham bo‘lsa mintaqaviy hamkorlik. Ushbu borada, janob elchi ta’kidlaganidek, O‘zbekiston bir qator keng ko‘lamdagi chora-tadbirlarni amalga oshirgan, qolaversa, mamlakat BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat etganida, muayyan sohalarda mavjud bo‘lgan masalalar qo‘p tomonlilik asosida qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda hal qilinmasa, barqaror taraqqiyot borasidagi yutuqlarni qo‘lga kiritib bo‘lmaydi degan fikrni bildirgan. Ushbu masalalar iqtisodiy diversifikatsiya, hamkorlik v savdo-sotiq, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, tabiiy resurslarni boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash borasidagi hamkorlik, zo‘ravon aqidaparastlikka va kontrabandaga qarshi kurash kabilarni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, endilikda biz an’anaviy ravishda BMTning mamlakatdagi vakolatxonasi doirasidagina emas, balki kengiroq ko‘lamda – butun mintaqa doirasidagi hamkorlarimiz va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda tizimli ravishda ishlash uchun bir mustahkam asos yaratildi. Mazkur jarayonda Hukumat yetakchilik qilmoqda, biz esa, albatda o‘z yordamimizni berishga doim tayyormiz.

Men ko‘tarmoqchi bo‘lgan oxirgi masala shundan iboratki, ayni payt buyuk maqsadlar va o‘zgarishlar paytidir. Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan islohotlar dasturi nihoyatda dolzarbdir. Shu bilan birga, unda belgilangan maqsad va vazifalar nihoyatda ham murakkabdir. Mening fikrimcha, hozirda biz aniq amaliy yordam jalb etishimiz darkor, aynan shuning uchun ham men hozir Yevropa Ittifoqiga murojjat qilaman. Mazkur nihoyatda buyuk maqsadlarni belgilovchi dasturni amalga oshirishda, undagi eng ustivor yo‘nalishlarni aniq belgilashda, Hukumatni va Hukumat yetakchiligida qo‘llab-quvvatlashimizda rivojlanish borasida Hukumat bilan birga ishlayotgan barcha hamkorlarimiz yanada unumdor, muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilishi talab qilinadi.

Buning uchun yangicha yondashuvlardan foydalanish, yangi hamkorlarni jalb etish, xususiy sektor, ikki tomonlama, ko‘p tomonlama, fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birga ishlash, shuningdek, mintaqa va alohida mamlakatlar doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni o‘zaro uzviy bog‘lash zarurdir. Shunday qilib, men barchani amaldagi sharoitlardan kelib chiqib, Hukumat tomonidan ilgari surilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashiga chaqiraman.

Gapimga xulosa yasar ekanman, men ayni nihoyatda qiziqarli bir davrda Toshkentda o‘z faoliyatimni boshlashdan juda xursandman. Men O‘zbekiston Hukumati, Yevropa Ittifoqi, unga a’zo bo‘lgan mamlakatlar, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar hamda qo‘shni mamlakatlarda ishlayotgan BMT hamkasabalarim bilan birgalikda foydali ishlarni amalga oshirishni kutib qolaman.

Fursatdan foydalanib, Qirg‘izistonni bugun nishonlanayotgan mustaqillik bayrami va O‘zbekistonni ertaga nishonlanayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklayman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.