Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari Zeyd Raad Al Husaynning O‘zbekistondagi rasmiy tashrifi chog‘idagi matbuot anjumanida aytilgan kirish so‘zi

Thu May 11 00:00:00 EDT 2017

Ushbu tashrif 1993 yil – ya’ni O‘zbekiston o‘zining mustaqilligiga erishganidan keyin atigi ikki yil o‘tib va O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lganidan keyin bir yil o‘tib – Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi tashkil etilganidan beri Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissarining ilk tashrifidir.

Mazkur tashrif nihoyatda qisqa bo‘lib, u kechagi bir to‘liq kun davomida o‘tkazilgan bir qator uchrashuvlar va bugun Samarqand shahrida bir necha soatlik safardan iborat bo‘ldi. Mening Boshqarmam va O‘zbekiston Hukumatining dastlabki rejasiga ko‘ra mazkur tashrif ancha uzoqroq davom etishi ko‘zda tutilgan edi, negaki biz – ikkala tomon ham – bu tashrifni nihoyatda muhim va katta ahamiyatga ega deb hisoblaymiz. Biroq, tashriflar jadvallarimiz bir-biriga unchalik mos bo‘lmaganligi hamda mazkur tashrifimni kuzga qoldirishni istamaganligimiz sababli biz atigi bir to‘liq kun davom etadigan uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldik.

Tashrifimni kechroq muddatga qoldirmaganimizdan nihoyatda xursandman. Kuni kecha biz bir kun ichida bir qator uchrashuvlarni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Bu uchrashuvlarning eng muhimi men va Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida 90 daqiqa davom etgan uchrashuv bo‘ldi. Ushbu uchrashuv davomida biz ko‘plab umumiy nuqtai nazarlarni belgilab olib, bir qator aniq chora-tadbirlar yuzasidan kelishuvlarga erishdik.

Mendan oldin ushbu lavozimni egallagan kasbdoshlarim turli tadbirlar munosabati bilan boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarga tashrif buyurgan bo‘lsada, ushbu mamlakatga hech birimiz hali hanuz kela olmagan edik. Biz 2008 yilda Bishkekdagi Mintaqaviy vakolatxonamizni ochganimizda O‘zbekiston mazkur vakolatxona beshta emas to‘rtta mamlakatni qamrab olishini bizga bildirdi. Prezident bilan kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin bizning o‘rtamizda shunga aniq kelishildiki, bizning Mintaqaviy vakolatxonamiz barcha beshta Markaziy Osiyo respublikasi bilan yaqindan hamkorlik qila oladi. Bugun biz bilan birga bizning Mintaqaviy vakilimiz Rishard Komenda ham tashrif buyurgan. Ushbu natija mazkur tashrifning eng muhim natijalaridan biri bo‘lib, u Inson huquqlari bo‘yicha BMTning Oliy komissari va umuman BMTning inson huquqlari tizimi O‘zbekiston bilan olib borayotgan hamkorligini yanada kengaytirishga yordam beradi. Vaholanki aynan hozirgi davr O‘zbekiston tarixida eng muhim davrlardan biri deb hisoblanmoqda, negaki mamlakat Hukumati yaqinda nihoyatda katta maqsadlarni o‘z ichiga oluvchi, nihoyatda izchil – har qalay, birinchi qarashda shunday bo‘lib ko‘rinayotgan – islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishgan.

Hozirgi bosqichda shuni ta’kidlashim lozimki, mazkur tashrif va uning natijalari o‘z-o‘zidan, birdaniga yuzaga kelgani yo‘q. Keyingi to‘rt yil davomida O‘zbekistonda inson huquqlari borasida bosqichma-bosqich ancha ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlarning talay qismi BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili va uning xodimlarining mehnati evaziga erishilgan bo‘lib, ular, mening Boshqarmam ushbu mamlakatda faoliyat yuritmayotgan bo‘lsada, inson huquqlarini ilgari surish vazifasini eng ustuvor vazifalardan biri etib, bir qator davlat idoralari bilan inson huquqlari sohasida izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Bunday hamkorlik natijasida 2014 yilda Milliy harakatlar rejasi qabul qilinib, BMT va Hukumat o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha doimiy muloqot o‘rnatishga va mazkur sohada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish erishildi. Men BMTning Doimiy vakili va uning xodimlarining yondashuvi maqtovga sazovor deb hisoblayman va u BMT Bosh kotibining butun BMT tizimida joriy etilayotgan “Inson huquqlari barcha narsadan ustun” degan siyosatining namunali bir misoli desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday yondashuv Hukumat tomonidan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rish biz uchun quvonarli holat, qolaversa, Hukumat ham tinchlik, xavfsizlik va rivojlanish inson huquqlari sohasidagi mustahkam zaminga tayanmasa barqaror bo‘lishi mumkin emasligini tan olgan.

Ushbu nihoyatda qisqa tashrifim yakunida O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni qamrab olishga, ularga baho berishga harakat qilmayman. Biroq, shuni ta’kidlashim mumkinki, bir qator Hukumat mansabdor shaxslari va sud tizimi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlar davomida bir narsa ayon bo‘ldiki, uchrashuv paytida bir vazir aytganidek mamlakatda ba’zi “muammo va masalalar” mavjud.

Shu bilan birga, bunday muammo va masalalarning yechimi inson huquqlari sohasidagi xalqaro me’yor va andozalarga asoslanishi lozimligi, mazkur yo‘nalishda bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar hali talaygina ekanligi, qolaversa, bu borada aniq intilishlar ham mavjudligi takroran aytib o‘tildi. Masalan, Parlamentning Qonunchilik palatasi Spikerining ta’kidlashicha hozirda har bir yangi qonun inson huquqlari sohasidagi xalqaro me’yor va andozalarga mosligi, muvofiqligi tekshirilar ekan.

Muammolar mavjudligining dadil ravishda tan olinishi va bularning yechimi xalqaro huquq doirasida bo‘lishi hamda xalqaro huquqni targ‘ibot etuvchi xalqaro institutlar orqali amalga tadbiq etilishi zarurligining e’tirof etilishi eng muhim tamoyillardan biridir. Bu holat biz endi birgalikda ishga kirishsak ham bo‘ladi degani.

Oxirgi sakkiz oy mobaynida O‘zbekiston Hukumati inson huquqlari masalasiga ta’sir etuvchi bir qator yangi qonunlarni joriy etishga kirshdi. Kechagi adliya vaziri, ichki ishlar vaziri, bosh prokuror bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda adliya vazirining aytishicha, 2017 yilning o‘zidagina Hukumat 125 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilishni maqsad qilib olgan, 2016 yilning oxirgi bir necha oylari ichida esa boshqa bir qator qonunlar va me’yoriy-huquqiy aktlar ishlab chiqilgan, muhokama qilingan va qabul qilingan ekan. Albatta, o‘zimning mazkur qisqa murojaatimda men ushbu hujjatlarni tahlil qilishga yoki umumlashtirishga harakat qilmayman. Umuman olganda, qo‘yilgan maqsadlar, bizning nazarimizda, dolzarb, aniq va muhim maqsadlarga o‘xshaydi.

Inson huquqlari – inson huquqlarining barcha kategoriyalari – taklif etilayotgan islohotlarning zamini bo‘lib xizmat etuvchi keng ko‘lamli strategik hujjat, ya’ni Prezident tomonidan ilgari surilayotgan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan barcha beshta ustuvor yo‘nalishda muhim o‘rin egallaydi. Hozirda O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar zaminida nima yotganligini hamda mening mazkur tashrifim sabablarini bilishni istaydigan har bir inson aynan mana shu Harakatlar strategiyasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishi lozim.

Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1)         Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shu jumladan, siyosiy, parlament va davlat boshqaruvini isloh etish hamda davlat organlarining hisobdorligini oshirish. Bu, o‘z navbatida, quyidagilarni o‘z ichiga oladi, xususan, hozirda amalga tadbiq etilayotgan xalq bilan samarali muloqot olib borish mexanizmlari, yanada samaraliroq jamoatchilik nazorati – mazkur sohada hozirda anchagina natijalarga erishilmoqda, xususan, lavozimini suiiste’mol etgan mansabdor shaxslarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, hamda nihoyatda zarur bo‘lgan islohot – fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalar rolini yanada kuchaytirish. So‘z erkinligi va OAVning o‘z faoliyatini yuritish, hukumat organlarini tanqidlash, ularni o‘z harakatlari uchun javobgarlikka chaqirishda ishtirok etishi erkinligi borasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqiqatdan ham amalda kuzatilmoqdami degan savolga ushbu matbuot anjumanida ishtirok etayotgan jurnalistlar mendan ko‘ra yaxshiroq javob bersa kerak. Men bu borada sizning fikringizni eshitishni xohlardim.

2)         Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud tizimini isloh qilish, shu jumladan, o‘ta muhim bo‘lgan tamoyil, ya’ni hukumatning sudlov vakolati ijroiya vakolatidan xolisligi va mustaqilligini ta’minlash. Afsuski, ilgari bunga erishilmagan edi va ushbu holat O‘zbekistondagi odamlar uchrayotgan ba’zi bir adolatsizliklarga sabab bo‘lib kelgan. Shuningdek, mazkur ustuvor yo‘nalishda yakka tartibdagi inson huquqlarini himoya etish, adolatga erishish huquqi hamda korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq bir qator chora-tadbirlar o‘z aksini topgan. Shu bilan birga, unda huquqni targ‘ibot etuvchi va nazorat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bunday organlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklarni fosh etish va bartaraf qilish hamda davlat xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish, bunda asosiy e’tiborni ularni tayyorlash va qayta tayyrolash tizimiga qaratish kabi masalalar yuzasidan bir qator chora-tadbirlar ham taklif etilgan. Albatta, aynan shu yo‘nalishda mening Boshqarmam aniq yordam ko‘rsatishi mumkin, xususan, boshqa mamlakatlarda amalga oshirilayotgan tashabbuslarimiz, ya’ni sudyalarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarimiz bunga misol bo‘laoladi. Bundan tashqari, adliya vaziri va Oliy sud raisi biz sudyalarni xalqaro huquq me’yorlari sohasida qayta tayyorlash borasida yordam berishimizni iltimos qilishdi.

3)         Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish. Taklif etilayotgan asosiy iqtisodiy islohotlar kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk huquqini himoyalash hamda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan muammolarni yechish, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning turli hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi tengsizliklarni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

4)         Ijtimoiy sohani rivojlantirish, bunda aholi bandligini ta’minlash va kam ta’minlangan oilalar sonini qisqartirishga, ijtimoiy jihatdan ojiz bo‘lgan aholi qatlamlari, jumladan, yoshi katta va nogironlarni himoyalash, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish – bunda tibbiy xizmatlarning qamrovi va sifatini oshirish, arzon uy-joy va infratuzilma yaratishga qaratilgan maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim tizimida o‘qitish va ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish, O‘zbekiston yoshlari bilan nafaqat ta’lim sohasida, balki ijtimoiy himoya sohada ham yanada yaqinroq va faolroq ishlash kabi masalalarga alohida urg‘u beriladi. Menga Parlament BMTning Nogironlar huquqlari haqidagi konvensiyasini tasdiqlashni rejalashtirgan degan bir xush xabar ham yetkazishdi.

5)         Xavfsizlik, millatlararo tinchlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish. Mazkur masalalarni oqilona hal qilish bilan birga shaxs huquqlarini ta’minlash, shubhasiz, xavfsizlikni ta’minlash va inson huquqlarini ilgari surishda katta ahamiyat kasb etadi. Boshqa mamlakatlarga tashrif buyurganimda ham men doim shuni ta’kidlaymanki, aqidaparast g‘oyalarga javoban harakatlar faqatgina xavfsizlik choralari va repressiv siyosat bo‘lmasligi lozim, negaki bunday holat aqidaparastlar sonini ko‘paytirishga olib keladi. Shuningdek, men Harakatlar strategiyasining ushbu ustuvor yo‘nalishida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlari, xususan, Sovet Ittifoqidan meros bo‘lib qolgan davlat chegaralari bilan bog‘liq “nozik” masalalarni yechishga hamda umuman xalqaro masalalarda konstruktiv siyosat yuritishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayman.

Harakatlar strategiyasi Prezident tomonidan talab qilinayotgan va Parlament tomonidan rejalashtirilayotgan bir qator islohotlar uchun mustahkam zamin yaratadi. Men Hukumatni mazkur Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yuzasidan olib boriladigan nazorat doirasida inson huquqlariga doir natijalarni kuzatib, nazorat etib borishga chaqiraman. Ma’lumki, yaratilayotgan zamin va rejalar bu bir masala, amaliy natijalarga erishish esa boshqa masaladir, ayniqsa, gap inson huquqlari haqida ketganda davlatlar ko‘p holatlarda ajoyib va’dalar berib, amalda esa aniq o‘zgarishlarni yuzaga keltirmasligi ham mumkin. Shunga qaramasdan, mening nazarimda, kuzatilayotgan intilishlar astoydil intilishlarga o‘xshaydi, va O‘zbekiston hududidan tashqarida ba’zi bir ishonchsizlik mavjud bo‘lib, hozirgi o‘zgarishlar atigi “ko‘zbo‘yamachilik” degan fikr bo‘lsada, men bu yerda bunday ishonchsizlikni uchratmadim.

Meni ayniqsa kechagi fuqarolik jamiyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv hayratga soldi. Birinchidan, uchrashuvda juda ko‘p – taxminan 60 odam ishtirok etdi (biz kutgandan ko‘ra ikki barobar ko‘proq) va bular fuqarolik jamiyatining turli guruhlari, shu jumladan, hokimiyatga nisbatan nihoyatda tanqidiy munosabatda bo‘lgan guruhlarni ham o‘z ichiga oldi. Ikkinchidan, ba’zi ishtirokchilar juda oshkora, ko‘plab telekameralar, shu jumladan, davlat televideniyesidan ham umuman cho‘chimay gapirganga o‘xshadi.

Uchrashuv qisqa bo‘lib, shu sababli barcha qatnashchilarning fikrini eshitishga imkon bo‘lmagan bo‘lsada, barcha qatnashchilarning g‘ayrat va ishonchi sezilarli darajada edi. Ishtirokchilarning biri “Biz 12 yil ichida birinchi bora bunday uchrashuvni tashkil qilyapmiz” dedi. Biz kuzatayotganimiz haqiqatdan ham O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining yangidan uyg‘onishi va bundan buyon shu kabi ochiq, dangal, ishtirokchilarga to‘la uchrashuvlar oddiy holatga aylanadi deb umid qilib qolaman. Prezident va uning Hukumatga e’lon etilgan maqsadlarga erishishi uchun ularga nafaqat yordam beradigan, balki ularni undab turuvchi, qatag‘on va jazolardan qo‘rqmasdan tanqid qilib, ularning kamchiliklari, xatolari va adolatsizliklarini fosh etib turuvchi, kuchli, faol va jo‘shqin fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari zarur bo‘ladi.

Bu borada men hokimiyat oldida yana bir muhim masala, xususan, imkoni boricha qisqa muddatlar ichida siyosiy mahbuslar – shu jumladan, nihoyatda muammoli sud jarayonlari oqibatida juda uzoq vaqt davomida qamoqda saqlanayotgan siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish jarayonini davom ettirish lozimligi haqidagi masalani ko‘tardim, holbuki hokimiyat bunday muammoli sud jarayonlariga barham berishni e’lon qilgan.

Shuningdek, men Hukumatga O‘zbekistondagi qamoqxonalarda va boshqa ozodlikdan mahrum etish joylarida mavjud bo‘lgan holatlar yuzasidan shaffoflik, ochiqlik yetishmayotganligi muammosini hal qilib, O‘zbekistonning Qiynoqlarga qarshi konvensiya bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy munosabatlarga barham berishni taklif etdim. Mening fikrimcha, mazkur Konvensiyaga ilova qilingan Fakultativ protokol ratifikatsiya qilinsa, unga muvofiq maxsus kuzatuv tizimi va barcha qamoqxonalarga xohlagan paytda va oldindan ogohlantirmasdan kirishga vakolatli bo‘lgan tashkilotlar shakllanib, bir necha yillar davomida O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘siga eng katta zarar yetkazayotgan muammolardan biri bo‘lmish qiynoqlarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytirilgan bo‘lardi. Hukumat hozirda ushbu masalani o‘rganayotgani meni quvontiradi.

Hukumat o‘zining bitimlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi borasida men shuni tavsiya etgan bo‘lardim – aniqrog‘i Hukumatning o‘zi shuni taklif etyapti – BMTning inson huquqlari tizimi doirasida boshqa tarkibiy tashkilotlar, shu jumladan, Konvension organlari va Maxsus tartib-taomillar bilan yanada yaqinroqdan hamkorlik etish lozim. Oxirgi 15 yil davomida birorta Maxsus tartib-taomil missiyasi mamlakatga taklif etilmagan. Endilikda Hukumat ushbu boradagi hamkorlikni qayta tiklamoqchi ekanligini ta’kidlagani va bunday hamkorlik din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha Maxsus ma’ruzachini taklif etishdan boshlanishini bildirganligi meni nihoyatda quvontirdi. Xuddi fuqarolik jamiyati kabi, ular ijobiy islohotlar hamda mavjud bo‘lgan kamchilik va xatolarni fosh etish bo‘yicha ekspertlik maslahat berishda nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

Oxirgi yillar davomida Hukumat inson huquqlari buzilishining eng chuqur o‘rnashib qolgan holatlarini yo‘q qilishga qaratilgan jiddiy chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirishga qodirligini isbotladi. Xususan, har yili paxta terimi mavsumida ko‘p yillar davomida keng miqyoslarda majburiy bolalar mehnatidan foydalanishga barham berishga qaratilgan Hukumat tomonidan olib borilgan nihoyatda samarador chora-tadbirlar ushbu gapimga yaqqol misol bo‘ladi. Harakatlar strategiyasida boshqa ildiz otgan holatlar, xususan, xavfsizlik xizmatlari tomonidan qo‘llanadigan qiynoqlar, siquvlar va hozirgacha davom etib kelayotgan holat – paxta terimi mavsumida voyaga yetgan shaxslarni mehnat haqini to‘lamasdan majburiy ishlatish holatlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilangan.

Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasida o‘z aksini topgan hisobdorlik tamoyili mazkur islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shanba kuni 2005 yil 13 may kuni Andijonda sodir bo‘lgan mudhish voqealarga 12 yil to‘ladi. Kelajakka intilib harakat qilish lozim bo‘lsada, o‘tmishda sodir bo‘lgan voqealar bilan ham hisob-kitob qilish zarur, va ushbu voqealarning qurbonlari unutilmasligi hamda ularning arzlarini ko‘rib chiqish va hal qilishni ta’minlash darkor.

Bugun ertalab men sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning yana bir turiga Samarqand shahrida, ya’ni Samarqand viloyati bo‘yicha Prezident qoshidagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurganimda guvoh bo‘ldim. Mazkur mexanizm Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi butun mamlakat bo‘ylab xalq dardini eshitish, uning muammolarini yechishga yordam berishdir. Ushbu tashabbus o‘tgan yilning oxirida boshlab, hozirgi kungacha bu qabulxonalarda 800 000 murojaat va shikoyatlar qabul qilingan ekan. Bilishimizcha, bu murojaat va shikoyatlar hozirda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar bo‘yicha ishlab chiqilayotgan ko‘plab takliflarda inobatga olinib, joylarda, xususan, men Samarqandda kuzatganimdek, bu shikoyatlarni bergan shaxslarga amaliy yordam va maslahat berishga ixtisoslashgan xizmatlar tashkil etilib, ular uy-joy, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, bank va yuridik yordam kabi masalalar bo‘yicha maslahat berar ekan. Bundan tashqari, sayyor qabulxonalar ham tashkil etilib, ular uzoq qishloqlarga xizmat ko‘rsatar ekan.

Samarqandda men, shuningdek, oltita turli diniy tashkilotlar va to‘qqizta madaniy markaz vakillari, shu jumladan, bir nechta etnik, milliy va til guruhlari vakillari bilan uchrashdim. Umumiy soni butun mamlakat bo‘yicha 138 tani tashkil etuvchi bunday madaniy markazlar diniy va millatlararo bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni rag‘batlantirishda hamda Hukumat tomonidan taklif etilayotgan bir qator islohotlarning barqarorligini ta’minlashda nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi. Men Hukumatning ushbu markazlarni hozirdagi islohotlarni amalga oshirishda imkoni boricha qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlab, butun guruh huquqlarini ilgari surishda alohida shaxslarning huquqlari buzulmasligi ta’minlanishiga umid qilib qolaman.

So‘zim yakunida men Prezidentga va mening tashrifim davomida men bilan uchrashgan boshqa barcha davlat xodimlariga, ayniqsa, tashqi ishlar vaziri hamda deyarli barcha uchrashuvlarda men bilan birga ishtirok etgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari va keyinchalikda mamlakatdagi islohotlar amalga oshirilishi davomida yanada muhimroq rol o‘ynashi ko‘zda tutilgan parlament ombudsmaniga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Mening tashrifim nihoyatda samarali tashkil etilib, men va mening delegatsiyamga ko‘rsatilgan a’lo darajadagi mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildiraman.

O‘z murojaatimga ijobiy xulosa yasashdan oldin yana bir tanqidiy fikrimni aytib o‘tmoqchiydim. Men uchratgan mansabdor shaxslar orasida rahbarlik lavozimlarni egallagan ayollar soni nihoyatda kam ekan. Kecha men uchratgan Bosh vazir o‘rinbosari va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bundan yagona mustasno desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Hukumat tomonidan birorta ham ayol kishini uchratmadim. Tushunishimcha, ayni paytda mamlakatda ikkita muhim qonun loyihasi, xususan, erkak va ayollar tengligi hamda oilada sodir bo‘ladigan zo‘ravonlik masalalariga taalluqli qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Hukumat mazkur loyihalarni imkoni boricha tezda ko‘rib chiqishga tayyorgarligini bildirgan. Men rahbarlik lavozimlarini egallovchi ayollar sonini ko‘paytirish masalasi ham shunday muhim masalalardan biri deb hisoblayman. Ayollarning hozirda amalga oshirilayotgan islohotlarning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishi milliy islohotlar dasturining buyuk maqsadlariga erishishda nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

Mening nazarimda, O‘zbekiston hozir bir chorrahada turibdi. Prezident Mirziyoyev o‘z lavozimini egallaganidan beri inson huquqlari borasida to‘planib qolgan konstruktiv takliflar, rejalar va yangi qonunchilik alohida e’tirofga sazovor. Mazkur islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa mamlakat kelajakda katta o‘zgarishlar yo‘liga chiqishi mumkin. Men, mening Boshqarmam va xodimlarim bundan buyon barcha O‘zbekiston fuqarolari va aholisining inson huquqlari himoya etilishi ta’minlanadigan kelajakni yaratishda, keyinchalikda esa davlat tomonidan yo‘l qo‘yiladigan huquq buzilishlari o‘tmishda qolishiga yanada kattaroq hissamizni qo‘shish imkoniyati ochilganligi meni nihoyatda quvontiradi. Ushbu maqsad sari uzoq, mushkul va to‘siqlari ko‘p bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish lozim, biroq ushbu yo‘lda ilk qadamlar qo‘yilgan deb hisoblayman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.