Stefan Prisner: BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakilining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan murojaati

Mon Aug 29 00:00:00 EDT 2016

1991 yil 1 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi suveren davlat bo‘lib, o‘z tarixining yangi bir davriga qadam qo‘ydi. Joriy yilda O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 25 yilligini nishonlaydi. Nisbatan qisqa muddat ichida mamlakat o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidagi bosqichma-bosqich islohotlarini amalga oshirib, jiddiy natijalarga erishdi.

2000 yilda qabul qilingan Ming yillik deklaratsiyaga imzo chekkan mamlakatlar qatori O‘zbekiston Ming yillik taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu yutuqlarning zaminida mamlakatda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlangani hamda ijtimoiy sohada, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida samarali dasturlarning amalga oshirilishi yotadi. Bu yutuqlar moliyaviy yordam va siyosiy iroda bilan quvvatlantirilgan aniq siyosat va chora-tadbirlar ulkan natijalarga erishishda yordam berishi mumkinligining yaqqol dalilidir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan maqsad, ya’ni “ochiq demokratik huquqiy davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan jamiyat barpo etish” maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatda parlament rolini kuchaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi, shaffofligini ta’minlash maqsadida mamlakatning milliy qonunchiligiga yaqinda kiritilgan o‘zgartirishlar mazkur tadrijiy islohotlarning yorqin misoli bo‘lib xizmat qiladi. Darhaqiqat, mamlakatning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun inson taraqqiyoti, iqtisodiy rivojlanish va demokratiyalashtirish jarayonlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilishi lozim.

Mamlakat Hukumati bilan birgalikda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarimiz doirasida BMT mamlakatning iqtisodiy o‘sishidagi ijobiy sur’atlarni mahalliy va butun mamlakat miqyosidagi samarali ijtimoiy siyosat bilan to‘ldirishda o‘z yordamini berib kelmoqda. Ushbu yordam davlat siyosati borasida keng ko‘lamli maslahat va tavsiyalar berish, mamlakat salohiyatini kuchaytirishga, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan bilim va tajriba almashilishga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish orqali ko‘rsatilyapti.  Bizning hamkorligimiz turli sohalarda, xususan, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan tortib, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish kabi sohalarda amalga oshiriladi. Biz mamlakatga sog‘liqni saqlash, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, shuningdek ta’lim va ijtimoiy muhofaza tizimlarini yanada takomillashtirish borasida o‘z yordamimizni berib kelmoqdamiz. O‘zbekistonning madaniy-tarixiy boyliklari, tabiiy resurslari va biologik xilma-xilligini qo‘riqlashga ham o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Shuningdek, mamlakatda noqonuniy giyohvand moddalar savdosi va OIV/OITSga qarshi kurash sohasida ham keng ko‘lamdagi chora-tadbirlarni olib boramiz.

O‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach O‘zbekiston BMTning bir qator konvensiyalari, xususan inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalardagi konvensiyalarni imzolagan. BMT O‘zbekistonga mazkur konvensiyalarni amalga oshirishda o‘z yordamini berib kelmoqda.

O‘zbekiston BMTning Bosh Assambleyasi hamda BMTning turli maxsus idora va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. BMT miqyosida O‘zbekiston xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda, jumladan Markaziy Osiyoni Yadroviy quroldan xoli hudud deb e’lon etish tashabbusini alohida misol qilib ketlirish mumkin.

2012 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasida O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda yuzaga keladigan bahslarni tinchlik yo‘li bilan hal qilish va kuch ishlatmaslik tamoyillari belgilangan. O‘zbekiston mazkur tamoyillarga sodiq qolishi bizni nihoyatda quvontiradi. O‘zbekiston xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashda BMTning muvofiqlashtiruvchi tashkilot sifatidagi rolini tan olgani, Markaziy Osiyodagi boshqa qo‘shni mamlakatlarga nisbatan tashqi siyosatini hamkorlik va do‘stona ruhda olib borishga o‘z tayyorligini ko‘p marotaba namoyish etgani alohida e’tirofga sazovor.

Yaqinda, 2015 yilning sentabr oyida O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlar qatorida 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun ishlab chiqilgan taraqqiyot dasturi, ya’ni Barqaror rivojlanish maqsadlarining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi O‘zbekiston Respublikasining Barqaror rivojlanish maqsadlarini mamlakat sharoitlariga moslashtirib, ularga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va bu borada mamlakatga zarur bo‘lgan yordamini berishga tayyor.  Xususan, biz 2016-2020 yillarga mo’ljallangan BMTning taraqqiyot maqsadlarida O‘zbekistonga yordam berish doiraviy dasturi asnosida O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘rnatilgan hamkorligimizni yanada mustahkamlashga umid qilamiz.  Ta’kidlash lozimki, mazkur dastur O‘zbekistonning milliy pirovard maqsad va vazifalari hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun butun dunyo miqyosida qabul qilingan taraqqiyot dasturiga asoslangan.

BMT O‘zbekiston xalqini Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi bilan tabriklaydi, unga taraqqiyot, tinchlik-totuvlik va farovonlik tilaydi.