Stefan Prisner: O‘zbekiston mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan aytilgan tabrik so‘zi

Mon Aug 31 00:00:00 EDT 2015

 

Hurmatli do‘stlar,

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi nomidan sizni ushbu muhim voqea - O‘zbekiston mustaqilligining 24-yilligi bilan tabriklashdan xursandman! Ushbu yil BMT uchun ham teng darajada muhimdir, negaki biz bu yili O‘zbekiston hukumati bilan olib borayotgan muvaffaqiyatli hamkorligimizning 22-yilligini nishonlamoqdamiz. Fursatdan foydalanib, hamkorligimizning ba’zi asosiy yo‘nalishlari va shu hamkorligimizning samaradorligini belgilovchi natijalar haqida bir og‘iz so‘z aytib o‘tmoqchiydim.

Dastlabki davrlarda

BMT O‘zbekistonda 1993 yildan boshlab o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda va shu davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasiga keng ko‘lamdagi yo‘nalishlar, xususan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va davlat boshqaruvini takomillashtirishdan tortib, mamlakat o‘zining xalqaro majburiyatlarini bajarishda o‘z yordamini berib kelmoqda. Biz O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimini isloh qilish hamda mamlakatning tarixiy-madaniy boyliklarini, an’analarini himoya qilishda ko‘maklashyapmiz. Biz giyohvandlikka qarshi kurash, atrof-muhitni muhofaza qilish, OITSning tarqalishiga qarshi kurash yo‘nalishlarida ham mamlakatga o‘z yordamimizni berib kelmoqdamiz. Hozirgi kungacha hamkorligimiz doirasida BMTning Mingyillik taraqqiyot maqsadlariga erishish masalalariga asosiy e’tibor berib kelinmoqda, va bu borada BMT tizimi O‘zbekistondagi milliy hamkorlari, jumladan, iqtisodiyot, moliya, sog‘liqni saqlash, ta'lim, mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirliklari, tabiatni muhofaza qilish, statistika qo‘mitalari kabi bir qator tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, biz parlament, sud tizimi, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlari bilan ham hamkorlik qilamiz.

Bugungi kunda

Oxirigi 22 yil ichida BMT O‘zbekistonga 434 million AQSh dollari hajmida iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi islohotlarni amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatdi. Hamkorligimiz doirasida amalga oshirilgan tadbirlar orasida quyidagilarni misol tariqasida keltirsa bo‘ladi:

·         Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi bir milliondan ziyod aholi toza ichimlik suvi manbailari bilan ta’minlanib, shu hududlarning uzoq qishloqlaridagi birlamchi tibbiy muassasalar, bolalar bog‘chalari ta’mirdan o‘tkazildi, sug‘orish usullari takomillashtirildi, ijtimoiy inshootlarda quyosh energiyasida ishlaydigan suv isitgichlar va panellar o‘rnatildi; 

·         2015 yil O‘zbekistonda yoshi kattalarni e’zozlash yili deb e’lon qilinganligi bois, BMT keksalarni ijtimoiy himoyalash tizimini takomillashtirish, yolg‘iz keksalarga har oyi beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalari ro‘yxatini kengaytirishni ko‘zda tutadigan davlat qarorini ishlab chiqishda o‘z yordamini berdi.

·         BMT respublikada ta’lim sifati va tizimini barcha pog‘onalarida yaxshilashga qaratilgan davlat rejasini ishlab chiqishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda;

·         BMT yordamida mamlakatdagi 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar qizamiq va qizilcha kasalligidan himoylanishi ta’minlanib kelmoqda; mamlakatdagi 6 oydan 59 oygacha bo‘lgan bolalarning 98% A vitamini bilan ta’minlanib qizamiq va mikromoddalar yetishmovchiligidan himoyalangan;

·         2014 yilda BMT yordamida mamlakatda antiretrovirus muolajasini olgan insonlar soni 10000 ga yetdi.

·         BMT sud va adliya tizimini yanada takomillashtirish sohasida ham o‘z yordamini berib kelmoqda, xususan mazkur sohada “E-SUD” deb nomlangan elektron hujjatlar almashinuvi tizimini joriy etishda BMT hissasi kattadir. Mazkur tizim yordamida 2014 yilda 30000 ta sud ishlari elektron tarzda ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli sud qarorlari qabul qilingan.

Hamkorligimizda erishilgan yutuqlarimiz tufayly O‘zbekiston xalqining farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishga muvaffaq bo‘lyapmiz deb o‘ylayman.

Kelajakka nazar

Joriy yili O‘zbekistondagi BMT vakolatxonasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida keying besh yillik, ya’ni 2016 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi Rivojlanish maqsadlariga yordam berish bo‘yicha doiraviy dastur (YuNDAF) imzolandi. Mazkur voqea Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bir bosqichini belgilab beruvchi, bu hamkorlikni yanada mustahkamlo‘vchi bir voqea bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday qilib, YuNDAF O‘zbekiston hukumati va BMT tizimining o‘rtasidagi hamkorlik doirasida umumiy vazifa va majburiyatlarni belgilab beruvchi hujjat bo‘lib, unda inson taraqqiyoti, ijtimoiy ojiz bo‘lgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga alohida urg‘u berilgan.

Ushbu maqsadda yangi YuNDAF hukumat va BMT tomonidan birgalikda belgilab olingan quyidagi asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi:

• Aholini bandlik va ijtimoiy himoya bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan holda inklyuziv iqtisodiy rivojlanishni ilgari surish

• Inson salohiyatini to‘liq namoyon qilishga yordam beruvchi yuqori sifatli sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini ta’minlash

• Barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar

• Davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash va inson haq-huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida samarali davlat boshqaruvi tizimini ilgari surish

O‘zbekiston o‘z mustaqilligi kunini nishonlash arafasida

Men O‘zbekistondagi faoliyatimni sal kam uch yildan beri amalga oshirib kelmoqdaman. Mazkur davr mobaynida mamlakatning ko‘p hududlariga sayohat qilib, ko‘p joylarini ko‘rishga, mamlakat aholisining turli qatlamlariga mansub insonlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zbekiston xalqining salohiyati,  bilimdonligi, mehr-oqibatliligi, qolaversa nihoyatda boy tarixiy, madaniy me’rosi, mamlakatning tabiati go‘zalligi bilan ta’sirlanib kelmoqdaman. O‘zbekistonda BMT va uning milliy hamkorlari o‘rtasidagi samarador aloqalar yanada chuqurlashib, mustahkamlashib boradi deb umid qilaman.

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi nomidan butun O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi bilan tabriklab, ushbu ajoyib o‘lkada yasho‘vchi barcha oilalarga yanada yuksakroq maqsadlarga erishishlarini tilab qolaman.