Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishda samarali strategiya ishlab chiqishda eksportyorlarning salohiyatlarini oshirish

30-August, 2019

UNDP image

BMTTD hamda Rivojlanayotgan Mamalakatlardan Yevropa Ittifoqiga Importni Ilgari Surish Markazi (Niderlandlar) va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va Tashqi Savdo Vazirligi hamkorligida 21-23 avgust kunlari mobaynida Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarining 50dan ziyod davlat va xususiy sektor vakillari uchun Yevropa davlatlari bozorlariga mahsulotlarni sotishda eksport marketingining zamonaviy vositalaridan foydalanish boʻyicha trening oʻtkazildi.

Niderlandlardan jalb etilgan xalqaro mutaxassislar Emanuel Yanssen va Ari Landsmeyerlar ishtirokida tashkil etilgan trening qatnashchilarni zamonaviy eksport marketing vositalarini hamda xalqaro tarmoq va maqsadli bozorni batafsil oʻrganish, SWOT tahlilini oʻtkazish va Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga mahsulotni eksport qilishni oʻz ichiga olgan “toʻrt qadam” uslubini egallashlariga yordam berdi.

Guruhlardagi amaliy mashgʻulotlar uchun alohida sessiyalar ajratilgan boʻlib, unda ishtirokchilar gilos, shoyi, asal, qurilish mollari va boshqa mahsulotlarni eksport qiluvchi korxonalar misolida eksportga chiqish maqsadi va olgʻa surish strategiyasi, bozorning muayyan segmentlari, shuningdek byudjet va mahsulotning eksport qilish boʻyicha harakatlar rejalarini oʻz ichiga olgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqishning marketing rejalarini tuzishdi.

Oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlar natijasida ishtirokchilar sochiq va gilos mahsulotlarini Gollandiyaga, uzum, anor va asal mahsulotlarini Germaniyaga, temir beton plitalarni Qirgʻizistonga, achchiq qalampirni Polsha va MDH davlatlariga eksport qilish boʻyicha harakatlar rejasini tuzib, taqdimotlar tayyorladilar.

Savdo rivojlanishi sohasiga oid BMTTDning faoliyati 2017—2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi, shuningdek BMT aʼzo davlatlari tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq  holda amalga oshirilmoqda.

***

BMTTDning “Savdo rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish - Faza III” mintaqaviy loyihaning milliy komponenti boʻlib, aholi daromadlarini oshirish, ish oʻrinlari barpo etish va eksportni kengaytirishga qaratilgandir.