Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy sudlov tizimi: zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari

14-June, 2019

2019 yil 13-14 iyun kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi, YeXHTning inson huquqlari va demokratik institutlar boʻyicha byurosi, YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar ofisi Koordinatori, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Germaniya xalqaro-huquqiy hamkorlik fondi (IPZ) bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy sudlov tizimi: zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari” mavzuida xalqaro konferentsiya tashkil etildi.

Mazkur tadbir oʻtgan yil Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha butun dunyo Deklaratsiyasining 70-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan Osiyo forumi yakuniy natijalarini amalga tadbiq etish uchun ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi” talabidan kelib chiqib, oʻtkazildi.

Konferentsiyada Oliy sud va quyi sudlar sudyalari, Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Advokatlar palatasi, akademiya hamjamiyat vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Avstriya Respublikasi, Armaniston, Belarus Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ispaniya Qirolligi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Frantsiya, Ukraina, Tojikiston, Turkmaniston va AQShdan ekspertlar ishtirok etdi.

Konferentsiyada Oʻzbekiston sud-huquq tizimidagi demokratik islohotlarning asosiy maqsadi – sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat ekanligi alohida qayd etib oʻtildi.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qilinishi sud-huquq tizimini isloh qilishning tarixiy bosqichini boshlab berdi. Eng asosiysi, Harakatlar strategiyasida bu boradagi qonunchilik bazasini takomillashtirishning muhim yoʻnalishlari belgilab berildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlari va vazifalarining 16-maqsadi, yaʼni “Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga koʻmaklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni taʼminlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish”ga muvofiq ravishda mamlakatda davlatchilikni mustahkamlash va sud-huquq sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga sud tizimining inson matfaatlari yoʻlida mustaqilligini hamda qonun ustunvorligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda.

2018 yil Oʻzbekistonda Maʼmuriy sudlar tizimi yaratildi, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi kuchga kirdi, shuningdek, 2019 yil 1 yanvarda “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Konferentsiya doirasida Oʻzbekistonning maʼmuriy yustitsiya sohasidagi erishgan yutuqlari qizgʻin muhokama qilindi, kelgusida maʼmuriy va maʼmuriy-protsessual qonunchilikni ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari qayd etib oʻtildi, chet ellik ekspertlar bilan maʼmuriy yustitsiya tizimini tashkil etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashildi, shuningdek, kelgusida maʼmuriy sudlov tizimini Oʻzbekiston Respublikasini taraqiy ettirishning ustuvor yoʻnalishlari, maʼmuriy va sud-huquq islohotlari natijalari ham toʻplangan boy tajribani hisobga olgan holda yanada takomillashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Oʻzbekistonda xalqaro tamoyillarni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotga tizimli hamda bosqichma-bosqich tadbiq etish boʻyicha milliy model shakllantirilgan, shuningdek, insonning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish boʻyicha milliy monitoring faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Xalqaro konferentsiya yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi sudlov tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari”, “Maʼmuriy sudlov tizimi – ommaviy boshqarishni modernizatsiya qilishning asosiy sharti” va boshqa dolzarb mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Shuningdek, xalqaro konferentsiya doirasida “Sud-huquq tizimi islohoti va maʼmuriy islohot: vazifalar, oʻzaro munosabati, muammolar, kelgusidagi va kutilayotgan natijalar”, “Maʼmuriy sudlar tizimi”, “Maʼmuriy sudlar tomonidan maʼmuriy yoki boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid ishlarni hal etishi” va “Maʼmuriy sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqilishi” kabi sektsiyalarda yigʻilishlar ham boʻlib oʻtdi.

Konferentsiya yakuniy natijalari boʻyicha maʼmuriy sudlov tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar qabul qilindi.