“Adolat – qonun ustuvorligida” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

29-January, 2019

--- Image caption ---

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida “Adolat – qonun ustuvorligida” tanlovining 5 ta yoʻnalish boʻyicha gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Qimmatbaho sovgʻalar gʻolib va sovrindorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi tomonidan taqdim etildi.

Tanlovga gazeta, jurnallarda chop etilgan, internetda yoritilgan, televideniye va radioda berilgan sud tizimidagi islohotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni targʻib qilishga, aholining bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirishga, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga yoʻnaltirilgan maqolalar, internet materiallari, koʻrsatuvlar, eshittirishlar qabul qilindi. Gʻoliblar 70 ta mualliflarning 640 tadan oshiq materiallarini tahlil qilish orqali aniqlandi.

Ommaviy axborot vositalarida sud-huquq sohasidagi yangiliklarni keng yoritilishini taʼminlash hamda sud hokimiyati va OAVlarining oʻzaro amaliy hamkorligini mustahkamlash “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasining ustuvor vazifalaridan biridir. Xususan, loyiha doirasida keng ommaga sudlar faoliyati haqidagi axborotni ochiq va shaffof boʻlishiga erishish borasida amaliy chora-tadbirlar bajarildi, jurnalistlar uchun sudlar faoliyati haqida treninglar uyushtirildi, press-konferentsiyalar, brifinglar, Oliy sud va hududlardagi sudlarga press-turlar tashkillashtirildi.

OAVlari nafaqat oshkoralikni taʼminlash, balki aholiga sud-huquq tizimi haqidagi eng dolzarb islohotlar toʻgʻrisida axborot berish, fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyatlardan xabardor qilish uchun sharoit yaratib beradi. “Adolat – qonun ustuvorligida” tanlovi esa bu yoʻnalishda fidoyi kishilarni eʼtirof etish uchun xizmat qiladigan xolis musobaqadir.

Bu yilgi tanlovda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi:

- “Televideniye va radio yoʻnalishida eng faol jurnalist” nominatsiyasi gʻolibi - Qahramon Jamolov, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O`ZBEKISTON 24” teleradiokanali Bosh muharriri;

- “Bosma OAV yoʻnalishida eng faol jurnalist” nominatsiyasi gʻolibi Yuliana Moroz (“Pravda Vostoka” gazetasi muxbiri;

- “Internet jurnalistika yoʻnalishida eng faol jurnalist” nominatsiyasi gʻolibi Bahodir Ahmedov, Kun.uz muxbiri)

- “Eng faol sudьya va sud xodimi” nominatsiyasi gʻolibi Shaxzod Baxtiyorov, jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tumani sudining sudьyasi

- “Eng faol ilmiy xodim” nominatsiyasi gʻolibi, Zamira Esonova, yuridik fanlar doktori, professor.