BMT shafeligida Orolboʻyining eng muhim muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash boʻyicha jamgʻarma tashkil etilmoqda

27-November, 2018

2018 yilning 27 noyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbir boʻlib oʻtadi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi boʻyicha boʻlimi, BMTning Oʻzbekistondagi mamlakat guruhi va BMTning koʻpsheriklik maqsadli jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Yuqori darajadagi tadbir BMT shafeligida Oʻzbekistonning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi (IXKTF) faoliyatini rasmiy boshlanishiga bagʻishlangan. Tadbir davomida inson xavfsizligi konsepsiyasini qoʻllash orqali Orol inqirozi natijasida aziyat chekkan aholining talab va ehtiyojlari tahlil qilish va ularni ta’minlashga asoslangan jamgʻarmaning strategiyasi dasturi taqdim etiladi. Shuningdek, milliy va mintaqaviy chegaralardan allaqachon chiqib boʻlgan va borgan sari butun xalqaro hamjamiyatning harakatlarini birlashtirishni talab qilayotgan Orol dengizining ekologik inqiroziga xalqaro jamoatchilik va donor mamlakatlar e’tiborini qaratish tadbirning yana bir maqsadidir.

2018 yilning 22 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va doimiy rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash haqidagi 72/283 raqami ostida Rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yanada qalin va keng muvofiqlashtirilgan hamkorlikning ahamiyati ta’kidlangan va a’zo davlatlarga, jumladan, “Orol dengizini qurishining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan Markaziy Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash” haqidagi murojaat oʻrin olgan. Rezolyutsiyada BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamgʻarmalar va dasturlarga “Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik, integratsiyalashuv va barqaror rivojlanishning ustuvorliklarini qoʻllab-quvvatlashda oʻzlarining dastur va tadbirlarini kelishib olishga” qat’iy da’vat oʻrin olgan.

Orol dengizini qurishining salbiy oqibatlari

Qachonlardir jahondagi eng katta koʻllarning toʻrtinchisi boʻlgan Orol dengizini qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri boʻlib, mintaqadagi hukumatlar va hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarning sababchisi, deb hisoblanadi. Oxirgi 50 yil mobaynida Amudaryo va Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori besh karra qisqardi, dengiz hajmi esa 14 marotabaga kichraydi. Dengizdagi suvning shoʻrlanish darajasi 25 marotabaga oshdi va jahon okeanlarining minerallashuv darajasidan anchagina oshib ketdi. Qachonlardir ovchilik taraqqiy etgan suvlar oʻrnida bugun maydoni 5,5 million gektarga teng boʻlgan qum-tuz choʻli yuzaga keldi, bu yerda qum va tuz boʻronlari avj olmoqda va ular har yili bir necha ming kilometr masofagacha 75 million tonnadan koʻproq qum va tuzni atmosferaga tarqatmoqda.

Orol fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini ogʻirlashtirdi, yoz davrida quruqlik va jaziramani kuchaytirdi, sovuq va qaqshatqich qishlarni uzaytirib yubordi. Mutaxassislarni bashoratiga koʻra, 2035-2050 yillarga kelib mintaqadagi havo darajasi hozirgi koʻrsatkichlarga nisbatan yana 1,5-3 darajaga oʻsishi mumkin. Undan tashqari, Orol fojiasining tahdidli ta’siri butun dunyoda kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarni ta’kidlashicha, Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya oʻrmonlarida va Yer kurrasining koʻplab boshqa joylarida topilgan.

Jamgʻarmaning maqsadlari nimalardan iborat?

1. Aholining turmush faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa shu kabi sohalar bilan bogʻliq boʻlgan Orolboʻyining zaruriy muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash.

2. Oʻzbekiston hukumati, BMT agentliklari va Trast fondining strategiyasi doirasidagi donorlik hamjamiyatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani rivojlanish jarayoniga birgalikdagi yordamni ta’minlash.

3. Orolboʻyi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik va moliyaviy resurslarni safarbar qilish.

4. Orolboʻyi mintaqasiga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarning oʻziga xos boʻlgan “xabi” sifatida mintaqani barqvaror rivojini ta’minlash maqsadida yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni jalb qilish. 

Jamgʻarma yuqoridagi maqsadlarga qanday qilib erishadi?

Jamgʻarma turli manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, xalqaro moliyaviy va donor tashkilotlar, Oʻzbekiston hukumati, milliy mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari, BMT agentliklari va jamoatchilik tashkilotlarining tajribasini oʻzida birlashtiradi. IXKTFning faoliyati qisqa muddatli chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmaydi, balki, mahalliy hamjamiyatlarni faol jalb qilgan holda, Janub-Janub dasturi boʻyicha hamkorlik orqali texnologiyalar bilan almashinuvga koʻmak beruvchi majmuaviy innovatsion yechimlarni ilgari suradi. Bu yechimlar, aslida, oqibatlarga munosabat bildirish emas, balki ularni profilaktikasiga yoʻnaltirilgan. Shunday qilib, IXKTF faoliyati va uning loyihalari ilgʻor jahon tajribasiga muvofiq tarzda rivojlanish maqsadlariga yetishish uchun strategik, shaffof va adolatli hamkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi dasturiy yondashuvni qoʻllagan holda Hukumatning Orolboʻyi mintaqasi muammolarini hal qilishga yoʻnaltirilgan sa’y-harakatlarini toʻligʻicha toʻldiradi va davom ettiradi.

Bundan tashqari, unga quyidagicha erishiladi:          

  • Trast fondi strategiyasida nazarda tutilgan Orolboʻyi mintaqasida yashaydigan

aholining talab va ehtiyojlarini aniqlash boʻyicha ijtimoiy tadqiqotlar natijalari asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali. Tadqiqot 2018 yilda Qoraqalpogʻistonning eng koʻp aziyat chekkan 8 ta tumanida oʻtkazildi va 1600 ta uy xoʻjaligini qamrab oldi.

  • BMT shafeligida, Jamgʻarma moliyalarini ma’muriyatlashtirishning shaffof jarayonini

ta’minlash orqali - u BMTning koʻpsheriklik trast jamgʻarmasining Nyu Yorkdagi ofisi tomonidan amalga oshiriladi.

  • Oʻz mablagʻlari qayerga investitsiya qilinishini “on-layn” usulida bilib olish imkoniga

ega boʻlgan donor tashkilotlarini jalb qilish imkoniyatidan foydalangan holda loyihalarni shaffoflik tarzida tanlash, tasdiqlash, amalga oshirish va monitoring qilishni ta’minlash orqali.

  • Jamgʻarma xalqaro me’yorlar va standartlarga muvofiq ravishda loyiha takliflarini

ishlab chiqish va loyihalarni amalga oshirishda milliy tuzilmalarning salohiyatini oshiradi.

  • Jamgʻarma Strategiyada yozib qoʻyilgan aniq natijalarga erishishni maqsad qilib

qoʻygan va buning uchun umuman Jamgʻarma faoliyati va uning xalqaro talablar va mahalliy qonunchilik doirasidagi loyihalarini monitoring qilib borish, baholash va hisob-kitob qilish tizimini ta’minlaydi.

Aholi uchun manfaat nimalardan iborat?

Inson huquqlari, ehtiyojlariga asoslangan va oʻz maqsadi yoʻlida keng qamrovli boʻlgan transformatsion IXKTFni tashkil etish gʻoyasi jahondagi eng yirik antropogen falokatlardan birining oqibatlarini bartaraf qilish boʻyicha koʻp sektorli va insonlarga moʻljallangan chora-tadbirlarni jamlash va mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Bir necha maqsadlarni moʻljallash zarur: ish joylarini tashkil etish, tabiat resurslarini boshqarish, sogʻliqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash, shu jumladan, qiyin sharoitlardagi ayollarni qoʻllab-quvvatlash, qoʻshma rejalashtirish va tashabbuslarni amalga oshirish vositasida samarali boshqaruvni rivojlantirish.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston hukumati yuqorida zikr etilgan yoʻnalishlar, shu jumladan, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha 2017-2021 yillarga moʻljallangan Davlat dasturi doirasida qator dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamgʻarmaning maqsadi – Fondning birlashgan Strategiyasi asosida muvofiqlashtirilgan donorlik koʻmagini jalb qilish yoʻli bilan ushbu sa’y-harakatlarni toʻldirishdan iborat. Jamgʻarma, shuningdek, Orolboʻyining eng zaif va uzoq hududlariga va hamjamiyatlar bilan bevosita ishlashga koʻproq e’tiborni qaratadi.