Xotin-qizlar qo‘mitasi va BMT TD O‘zbekistonda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi

Mon Nov 20 00:00:00 EST 2017

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va BMT TD «Ayollarning davlat boshqaruvida ishtirok etishlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolliklarini oshirish uchun huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusida hamkorlikdagi loyihasi ish boshladi. Yangi tashabbus ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga va ularning davlat hamda jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikdagi loyiha o‘z faoliyatini 2017 yil noyabr oyidan boshladi va 2019 yilning dekabrigacha davom etadi. Hamkorlikdagi loyihaning asosiy yo‘nalishi quyidagilar bo‘ladi:

  • Ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotda keng ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida ularning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish uchun innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, pilotlash va tatbiq etish.
  • Ayollarning huquq va imkoniyatlarini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga muvofiq kengaytirish yuzasidan me’yoriy-huquqiy aktlar va analitik hujjatlarni tayyorlashga ko‘maklashish.
  • Xotin-qizlar qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mintaqaviy bo‘linmalarida ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini ilgari surish hamda gender, ya’ni ayollar va erkaklar bo‘yicha statistika olib borishni shakllantirish yuzasidan institutsional potensialni oshirish.  

Bu yo‘nalishlarni amalga oshirish doirasida davlat xizmatida ayollarni ilgari surish, ayollarning mamlakatni ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari uchun malakali ayol kadrlar zahirasini yaratishga ko‘maklashish, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash  uchun modellar va instrumentlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Loyiha davlat xizmatidagi ayollar va boshqaruvchi ayol xodimlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda o‘qituvchi dasturlar ishlab chiqish va treninglar o‘tkazishni, qizlar va ayollar uchun matematika, fizika, dasturlashtirish, muhandislik ixtisosligi, kimyo, biologiya, boshqa tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchi seminarlar va konkurslar uyushtirishni ham ko‘zda tutadi.

Muhimi, loyiha ayollar orasida ta’lim va tadbirkorlikni rivojlantirish, qizlar va ayollarni texnik ixtisoslikka faol jalb qilish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha mintaqaviy universitetlar, ilmiy laboratoriyalarga mini-grantlar taqdim etish uchun ijtimoiy hamkorlik bo‘yicha tashabbuslar, startaplarni qo‘llab-quvvatlashda ko‘mak beradi.