O‘zbekiston-BMT: Barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik

Tue Oct 24 00:00:00 EDT 2017

24 oktyabrda Toshkentdagi Xalqaro Press-klubda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topgan kunga bag‘ishlangan barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topgan kun butun dunyoda 1948 yildan buyon nishonlanadi. Joriy yil ayni paytda O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lganligining 25-yilligi bilan ham ahamiyatlidir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi Doimiy vakili Xelena Freyzer O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Dasturiga ko‘maklashish borasida to‘xtalib o‘tdi.

BMTning mamlakatdagi faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida shuningdek YuNISEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann, JST ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens, YuNFPA ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Miyeko Yabuta va BMT GJB Vakolatxonasining rahbari Ashita Mittal so‘zlab berishdi.

Maxsus sessiyada inklyuziv iqtisodiy rivojlanish sohasidagi islohotlar dasturini amalga oshirishda BMTning O‘zbekistondagi tizimining o‘rni ta’kidlandi, bunda aholi bandligi, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifati, atrof-muhitni himoyalash, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

«BMTning O‘zbekistondagi tizimi mamlakat tomonidan o‘z oldiga qo‘yilgan ahamiyatli vazifalarga erishish borasida yordam ko‘rsatmoqda. Biz 1993 yildan buyon hukumatni milliy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish borasida qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Hozirgi paytda biz O‘zbekiston hukumati bilan mamlakatdagi BMT agentliklari o‘rtasida barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibi va hukumatning Harakatlar Dasturi doirasida amalga oshirilayotgan yaqin hamkorlikni qayd etishdan mamnunmiz», deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi Doimiy vakili Xelena Freyzer.

Barqaror Rivojlanish maqsadlari respublika uchun alohida ahamiyatga ega, zero BMT tarixida ilk bor umumqamrovli global maslahatlashuv jarayonida 2030 yilgacha rivojlanish borasida yagona nuqtai nazar ishlab chiqildi. Ushbu kun tartibi BMT ning 193 ta a’zo davlatlari tomonidan tasdiqlandi va shu tarzda 2030 yilgacha dunyoga nisbatan umumiy nuqtai nazarni ifodalaydi.

BRM falsafasi shundan iboratki, iqtisodiy rivojlanish jarayoni ijtimoiy himoyani takomillashtirish hamda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini rivojlanish jarayonlariga jalb etish bilan barobar davom etishi kerak.

1992 yildan boshlab BMT O‘zbekistonga ko‘rsatgan moliyaviy ko‘magi qariyb 471 million AQSh dollariga teng bo‘ldi. Ushbu moliyaviy yordam O‘zbekistonni rivojlantirish maqsadida boshqa davlatlarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishda ifodalandi.

Rivojlanish bo‘yicha milliy va xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilish asnosida, BMT O‘zbekistonda uning Hukumatiga mamlakatning gullab-yashnashini ta’minlash va barcha fuqarolar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasidagi muhim ahamiyatli maqsadlariga erishish yo‘lida ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirish niyatida.

Hozirgi paytda O‘zbekistondagi BMT tuzilmalariga quyidagilar kiradi: BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTRD), BMT Aholishunoslik jamgarmasi (YuNFPA), BMT Bolalar Fondi (YuNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO), BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB), BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha hududiy boshqarmasi (MOPDHB), Xalqaro mehnat tashkiloti (HMT), Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT) va BMT Ko‘ngillilari dasturi (BMTK).

BMTning mustaqil ixtisoslashtirilgan agentligi bo‘lgan Jahon banki ham mamlakatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Mamlakatda o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lmagan holda O‘zbekistonga yordam ko‘rsatayotgan agentliklar BMT ishiga qo‘shimcha hissa qo‘shmoqda. Ular qatoridan BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP), Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE), BMT OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi (YuNEYDS) va “BMT-Ayellar” o‘rin olgan.