Genderli kreditlash ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga yordam beradi

Tue Aug 15 00:00:00 EDT 2017

2017 yilning 15 avgustida Toshkent shahrida 28 ta tijorat banklari vakillari uchun kichik biznesni kreditlashning gender jihatlariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” qo‘shma loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ko‘magida seminar tashkilotchisi bo‘lib hisoblanadi. Seminar O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar uchun huquqiy va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Ayollar va kollejlar bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tahliliga ko‘ra mamlakatdagi ayol tadbirkorlarning umumiy soni barcha tadbirkorlik sub’ektlari umumiy sonining taxminan 10 foizini tashkil etadi. Boshlang‘ich kapitalning mavjud emasligi, biznes yuritish sohasidagi bilim va zaruriy ko‘nikmalarning yetishmasligi sabab ayollar tadbirkorlik muhitida nisbatan sust faoldirlar.

Halqaro tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, genderli kreditlashni rivojlantirish ayollar o‘z bizneslarini boshlashlari uchun imkoniyatlar yaratishning yo‘llaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Masalan, Royal Bank of Scotland (Shotlandiya qirollik banki) tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga doir biznes-dasturining amalga oshirilishi natijasida, uch yil o‘tiboq barcha kichik va o‘rta korxonalarning 40 foizi ayollar tasarrufida bo‘lgan (2011 yilgi ma’lumotlar).

Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligi – bu moliyaviy sektor uchun hali o‘zlashtirilmagan, biroq istiqbolli bozordir. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra ayol tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish banklar uchun foydalidir, chunki ular o‘z kreditlari bo‘yicha nisbatan kamroq defoltga yo‘l qo‘yadilar, to‘lovlarda intizomliliklari bilan ajralib turadilar, jamg‘armalarni shakllantirishga moyildirlar. Ularning banklarga hayrihohliklari ko‘proq kredit maxsulotlarini xarid qilishga moyilliklari va bankka yangi mijozlarni olib kelishlarida namoyon bo‘ladi.

Bank xodimlarini genderli kreditlash xususiyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish o‘tkazilayotgan seminarning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib, seminar davomida 60 nafar ishtirokchilar kreditlash jarayoniga kompleksli yondashuvni joriy etish bo‘yicha halqaro tajriba va mikrokreditlashda banklarning genderli ta’sirchan siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirishga doir ilg‘or hoirjiy mamlakatlar tajribalari bilan tanishadilar.

Seminar natijasida ishtirokchilar kreditlashning gender jihatlaridan ayol tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash va ayollar segmenti uchun talabgor bo‘lgan kredit maxsulotlarini ishlab chiqishda kelgusida foydalanishga doir harakatlar rejasini ishlab chiqishlari kutilmoqda.

***

“O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” loyihasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy etish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va targ‘ib qilish yo‘li bilan biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashaga yo‘naltirilgan.