Qoraqalpogʻiston fermerlarini dalalarni lazer texnologiyalari orqali tekislash boʻyicha seminarga taklif etamiz

Fri Jul 28 00:00:00 EDT 2017

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy tumanida “Qoraqalpogʻistonda dala maydonlarini lazer texnologiyalari orqali tekislash afzalliklarini namoyish etgan holda resurslarni tejovchi agro-texnologiyalar namunalarini taqdim etish” mavzusida besh kunlik seminar boʻlib oʻtadi. Unda ishtirok etish uchun Chimboy, Kegeyli va Muynoq tumanlaridan 50 nafarga yaqin fermer va dehqon xoʻjaliklari vakillari taklif etilgan. Qayd etish joizki, shu yilning aprel oyida, ekin ekish mavsumi arafasida, ana shunday treninglar 120 nafar fermer va dehqonlar ishtirokida Qonlikoʻl va Taxtakoʻpir tumanlarida ham boʻlib oʻtgandi. Oʻsha vaqtda besh nafar fermer ayol ham seminarlarga qiziqish bildirishdi.

Bunday ta’lim beruvchi seminarlar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulotda Vaziyatlar Vazirligi huzuridagi Gidrometeorologik xizmat markazi BMT Taraqqiyot Dasturi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan va Iqlim oʻzgarishi haqidagi BMTning Doiraviy Konvensiyasining Adaptatsiya (Moslashish) Fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Har bir fermer oʻz faoliyatida yerlarni an’anaviy tarzda sugʻorish vaqtida dalalardagi notekisliklar tufayli suvning sezlarli qismi behuda sarflanishi holatiga duch kelgan: ba’zi joylardagi sathning pastliklari (chuqurliklar, notekisliklar va oʻralar) suvga toʻladi, bunda past tuproq haddan tashqari namlanadi, yuqori qismi esa quruqligicha qolaveradi. Oʻz navbatida, lazer texnologiyasi orqali, avtomatik tizim yordamida, sathning notekisligi uch santimerdan oshmagan holda, dalani bekamu koʻst tekislash imkoniyati paydo boʻladi.

Mazkur texnologiyani tanlashda, asosan, sugʻoriladigan maydonlarni bir tekisda namlantirishni ta’minlash hisobiga dalalarni sugʻorishda sarflanadigan suv resurslari miqdorini 25 foizgacha qisqartirish va hosildorlikni 10 foizga oshirish imkoniyati ta’kidlanmoqda. Dalalarni lazer orqali tekislashni qoʻllash sugʻorish uchun ishlatilinadigan suvni dalagacha yetkazish uchun sarflanadigan vaqt, energiya va moliyaviy harajatlarni qisqartirish imkonini beradi, muhimi - insonlar mehnatini yengillashtiradi. Aytib oʻtilgan afzalliklar Orol dengizi inqirozi oqibatlarini eng koʻp his qilayotgan Orolboʻyi hududida faoliyat koʻrsatuvchi dehqon va fermerlar ishida dolzarb hisoblanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi yogʻingarchilikning kamligi, tuproqdan namlikning yuqori darajada bugʻlanishi bilan ajralib turadi, demak, bu hududdagi ziroatchilik faqat sun’iy sugʻorishga asoslanadi. Suv resurslarining kuchli taqchilligidan tashqari, ularni samarasiz va me’yordan ortiq ishlatilishi tufayli ham koʻplab muammolar yuzaga keladi.

Dasturga muvofiq, seminar ikki qismga boʻlingan, nazariy qismi Chimboy tumanining Mashinatraktor parkinida (MTP), amaliy qismi esa “Juz basi” va “Alimbet Koʻl” fermer xoʻjaliklari dalalarida oʻtkaziladi, bu yerda ishtirokchilarga olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniyati beriladi.

Mutaxassislar namoyish uskunalarini qoʻllagan holda ishtirokchilarga dalalarni lazer texnologiyasi bilan tekislash ishlarining asoslarini tushuntirib beradilar. Ular qanday qilib lazer qurilmalarini oʻrnatish va uskunaning qaysi qismlari mavjudligiga e’tibor qaratish zarurligini koʻrsatadilar. Masalan, ishtirokchilar oʻrnatilishi zarur boʻlgan qismlarni ulab uskunani mustaqil ishga tushira oladilar.

Sozlashning barcha bosqichlari ishtirokchilarga qurilmani batafsil oʻrganish va dalalarni lazer orqali tekislash uchun taqdim etilayotgan uskuna xususiyatlari bilan tanishishga yordam beradi. Undan tashqari, har bir ishtirokchi oʻz ishini bevosita dalaning oʻzida amalda sinab koʻrishi mumkin boʻladi.

Belgilangan dala maydoni oldindan lazer bilan tekislashga tayyorlab qo’yiladi - bunda topografik suratga olish, dalani tekislayotgan traktorchiga zarur boʻlgan yoʻriqlar berish ishlari amalga oshiriladi, hamda yuqorida zikr etilgan uskunani qoʻllash boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi. Barcha xohlovchilar dala seminarida ishtirok etishlari yoki mazkur texnologiyadan amalda foydalanish haqida axborot olish uchun loyiha mutaxassisiga murojaat qilishlari mumkin - Po'lat Reymov, tel.raqami: +998935010366, el. manzil: polat.reymov@undp.org