E-SUD tizimi qamrovi geografik jihatdan kengaymoqda

Mon Jun 12 00:00:00 EDT 2017

2017 yil 1 may holatiga ko‘ra E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi (http://v3.esud.uz/)  orqali Toshkent shahri va Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlariga 90 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu esa 2016 yil ayni shu davr holatigacha bo‘lgan ko‘rsatgichdan 7,5 marta ko‘pdir.

E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi 2013 yil ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

E-SUDning fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarga joriy etilishi odil sudlovning ochiq va shaffof bo‘lishi, sud ishlari va bahs-munozaralarni ko‘rib chiqish muddatlarini muvofiqlashtirish, ko‘rilmasdan qolib ketgan ishlar sonining qisqarishi hamda hujjatlar yo‘qolish holatini oldini olishga xizmat qiladi.

- Zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarning sud tizimida joriy etilishi sud ishlarini ko‘rib chiqish jarayonini yengillashtiradi, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etadi, sud xodimlarining fuqarolar bilan bevosita aloqalarini kamaytiradi, - deya fikr bildirdi “Toshissiqsuvquvvati” Ishlab chiqarish unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi Marina Ruzanova. – Bizni tashkilotda 2016 yil boshidan buyon E-SUD axborot tizimidan samarali foydalanib kelinmoqda va uning arizalarni topshirish, qabul qilish va ko‘rib chiqishdagi qulayliklari yuqori baholanadi.

Xususan, 2016 yilda issiq suvga qarzdorliklarni sud qarori bilan undirish yuzasidan 128149 ta, 2017 yilning o‘tgan 5 oyi davomida esa 30822 ta da’vo arizalari E-SUD tizimi orqali yuborildi va Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan qarzdorliklarni undirish yuzasidan tegishli qarorlar chiqarildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarida E-SUDni joriy qilish borasida erishilgan samarali natijalarni inobatga olgan holda Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 24 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarni qo‘shimcha komp’yuter anjomlari bilan jihozlash hamda Internet tarmog‘iga ulash (TAS-IX) bilan bog‘liq ishlar yakuniga yetkazildi.

Bundan tashqari, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 150 dan ortiq mutaxassislar, shu jumladan, sud raislari, sudyalar, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarining devonxonalari mudirlari, kommunal xizmat va soliq inspeksiyasi xodimlari hamda advokatlar E-SUD tizimidan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan treninglarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniga ega bo‘lishdi.

E-SUD tizimi jismoniy va yuridik shaxslar hamda advokatlarga da’vo arizalarni topshirish, istalgan vaqtda va hohlagan joydan turib axborot tizim orqali ish holatini kuzatib borish, sud chaqiruv qog‘ozlari va turli hujjatlarni qabul qilish, sud qarorlarini sud binosiga bormasdan olish imkonini beradi.

Tizimdan foydalanuvchilar sonining ko‘payishi unga jismoniy va yuridik shaxslar hamda advokatlar tomonidan qiziqishning ortib borayotganidan dalolatdir.