Yer uchun gʻamxoʻrlik - barqaror kelajakka umumiy hissa

Fri Apr 28 00:00:00 EDT 2017

Ma’lumki, shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Xalqaro yer kuniga bagʻishlab qator tadbirlar oʻtkazilgan. Shuni alohida ta’kidlab oʻtish joizki, mazkur tadbirlar vazirliklar, idoralar, ijtimoiy tashkilotlar, oʻquv va ilmiy muassasalar, mahallalar hamkorligida tashkil etilgan. Maqsad – atrof-muhit muhofazasi, yorqin va ozoda kelajak uchun gʻamxoʻrlik qilish, uni yosh avlodga but-butun yetkazish. Shahar 30-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham ana shunday xayrli tadbirlarga oʻz hissalarini qo‘shish istagini bildirdilar. Hashar tashkil etish tashabbusi joriy yilning 28-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ko‘magi bilan ekologik aksiya sifatida oʻtkazildi.

Tadbir ochiq dars tarzida boshlangan bo‘lib, unda tashkilotchilar Xalqaro yer kunini nishonlash maqsadlari, mazkur sananing kelib chiqish tarixi, ekotizimlarning butunligini saqlash zarurligi va mavzuga doir boshqa koʻplab muhim narsalar haqida soʻzlab berdilar. Yer kuniga bagʻishlangan ilk tadbir 1970-yil 22-aprelda oʻtkazilgan. Turli yillarda tashabbus xar hil mamlakatlarda ham qoʻllab quvvatlangan, odamlar daraxt va koʻchat ekish aksiyalarida faol ishtirok etib, turli marosimlarni tashkillashtirishga harakat qilishgan. Biroq, global miqyosda Xalqaro yer kuni yaqindan, ya’ni 2009-yilning 22-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli qarori qabul qilinishi bilan nishonlana boshladi.

Nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllash maqsadida bolalar qoʻllariga belkuraklar va boshqa zarur asboblarni olib oʻz bogʻlarini obodonlashtirishga kirishdilar. Tashkilotchilar va aksiya ishtirokchilari tomonidan Mehribonlik uyi hududiga hashar yo'li bilan – Toshkent xilokatalpasi, qatrong'a, g'adir-budur deynetsiya kabi manzarali daraxt ko'chatlari ekildi.

Undan tashqari, tadbir davomida bolalar uchun oʻyin shaklidagi turli viktorinalar, boshqotirmalar ham tashkil qilindi. Unda ishtirokchilar oʻzlarini har tomonlama koʻrsatishga harakat qildilar, bir-birlari bilan fikr almashdilar, oʻzlari uchun yangilik kashf etdish imkoniga ham ega boʻldilar. Tadbir soʻnggida tashkilotchilar tomonidan 30-sonli Mehribonlik uyining eng faol tarbiyalanuvchilari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.