Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini takomillashtirish va optimallashtirish yo‘lida

Tue Apr 18 00:00:00 EDT 2017

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish - sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishi” mavzuidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy sud, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil qilindi.

Davra suhbati ishida horijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda Oliy sud, Bosh prokuratura, Adlya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Sud departamenti, Advokatlar palatasi mutaxassislari hamda huquq sohasidagi olimlar va tadqiqodchilar ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sud-huquq sohasini isloh etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni muhokama qilish, horijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan funksional tahlil natijalari bo‘yicha fikr almashishdir.

Ishtirokchilar “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi ish rejasi asosida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatining funksional tahlili natijariga alohida urg‘u berishdi. Ushbu hujjat metodologiyasi va yakuniy hisobotini tayyorlashga serbiyalik xalqaro konsultant jalb qilinganini qayd etishdi.

Tadbir ma’ruzachilari funksional tahlilning maqsad va vazifalari haqida batafsil to‘htalib, uni o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Shu bilan birga, mazkur tahlil natijalarini amalda joriy qilish yuzasidan tavsiyalar va buning oqibatida paydo bo‘ladigan keng imkoniyatlar borasida fikr almashinildi.

Davra suhbatida so‘z olganlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlarning chinakam mustaqilligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholashdi. Ta’kidlanganidek, sud hokimiyati tarmog‘ini isloh qilish va liberallashtirish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘jicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. E’tiborlisi, mazkur yo‘nalish bo‘yicha amaliy ahamiyatga ega chora-tadbirlar “Halq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham aks ettirilgan.

Ma’lumot: funksional tahlil davlat organlari faoliyatini baholash vositasi sifatida qo‘llaniladi. Uning asosiy vazifasi vazirlik, idora, huquq-tartibot va sud organlari nizomida belgilangan va ko‘rsatilgan funksiyalarni amalda bajarilayotgan vazifalar bilan to‘g‘ri kelishini, alohida bo‘lim yoki tashkilotlar faoliyatida o‘xshashlik va takrorlanishni aniqlash hamda strukturaviy o‘zgarishlar qilish, hodimlar o‘rtasida majburiyatlarni qayta taqsimlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.