Orolbo'yi rivoji – hamkorlikning ustuvor yo'nalishi

Fri Apr 14 00:00:00 EDT 2017

13-14-aprel kunlari Oʿzbekistonda akkreditatsiyadan oʿtgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimiz vazirliklari, idoralari, milliy va hududiy OAV vakillari BMTning Qoʿshma dasturi “Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʿyicha koʿpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojeasidan zarar koʿrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” tashabbusi bilan Qoraqalpogʿiston Respublikasiga tanishuv safarida ishtirok etishdi. Asosiy maqsad - BMT Qoʿshma dasturining birinchi bosqichida erishilgan natijalar bilan tanishish, qatnashchilarga donorlarning keng ishtiroki orqali tuzilishi taklif qilinayotgan koʿpsheriklik fondining hamda Orolboʿyi mintaqasi rivojiga qaratilgan sayi xarakatlarni birlashtirishning ahamiyati haqida ma’lumot berishdir.

2017-yilning mart oyida gidrometeorologik axborotni yigʿish va uzatishni avtomatlashtirish uchun uskuna oʿrnatilgan Nukus shahridagi meteorologik stantsiya tanishuv safari ishtirokchilari tashrifining birinchi nuqtasi boʿldi. Stantsiya ochilish marosimi ishtirokchilari uning ish mexanizmi, boshqaruv xususiyatlari va maʿlumotlarni zudlik bilan yetkazish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Meteorologik stantsiyani ishga tushirish marosimida yuqori martabali mehmonlarni qutlar ekan, Oʿzbekistondagi BMTning Doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMTTDning Doimiy vakili janob Stefan Prisner mamlakatda faoliyat olib borayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʿzbekiston hukumatiga va Orol dengizi fojeasi natijasida aziyat chekkan mahalliy aholiga inson xavfsizligini ta’minlash bilan bogʿliq boʿlgan turli muammolar yechimini topish orqali koʿmak berishga tayyorligini ta’kidladi.

Xususan, Oʿzbekistondagi BMTD va Oʿzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan hamda iqlim oʿzgarishlari haqida BMTning doiraviy konventsiyasini Moslashuv (Adaptatsion) fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʿzbekistonning qurgʿoqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xoʿjaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qo’shma loyihasi Qoraqalpogʿistonning beshta namunaviy tumanlarida faoliyat koʿrsatmoqda. Ushbu hududlarda fermer va dehqonchilik xoʿjaliklari, qishloqdagi uy xoʿjaliklari va hamjamiyatlarini suv resurslari taqchilligi, roʿy berib turadigan qurgʿoqchilik, ekin yerlari va yaylovlar degradatsiyasi kabi iqlimga bogʿliq boʿlgan xatarli holatlarga barqarorligini oshirishga yoʿnaltirilgan iqlim oʿzgarishlariga moslashuv boʿyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Qoraqalpogʿistondagi oʿnta meteorologik stantsiya va ikkita gidrologik kuzatuv maskanlarini modernizatsiya qilish boʿyicha ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan tashabbus doirasida qurgʿoqchilik haqida oldindan ogohlantirish tizimiga katta e’tibor qaratilmoqda, bu esa, shu jumladan, mazkur gidrometeorologik monitoring ma’lumotlaridan foydalangan holda, suv inshootlarini holatini oʿz vaqtida baholash imkonini beradi. Tabiiy hodisalarga alohida e’tibor qaratilayotganini sababi, ular, jumladan, zaif hamjamiyatlarning farovonlik darajasini pasaytiradi va, umuman olganda, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligiga ma’lum bir tahdid soladi.

Nukus shahridagi Qoʿshma dastur ofisida oʿtkazilgan uchrashuv paytida ishtirokchilar BMTning Orolboʿyi hududidagi koʿmak berish ustuvorliklari haqida qisqa taqdimot bilan tanishdilar, Qoʿshma dastur yangi bosqichi Orolboʿyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʿyicha koʿpsheriklik maqsadli fondi doirasida xalqaro hamkorlarni muvofiqlashtirilgan holda yanada koʿproq jalb qilishni maqsad qilgani haqida batafsil ma’lumot oldilar.

Moʿynoq oʿlkashunoslik muzeiy va Moʿynoq tumanidagi kemalar qabristoniga safar Qoraqalpogʿiston aholisini ilgarigi va hozirgi voqelikdagi turmush faoliyatining umumiy suratini shakllantirish imkonini berdi.

BMTning Orolboʿyi hududidagi tashabbuslari doirasida mahalliy aholi faoliyatini diversifikatsiya qilish, Qanlikoʿl, Shumanay, Moʿynoq, yaqin orada esa Taxtakoʿpir kabi namunaviy tumanlarda aholi bandligini ta’minlash imkonini beruvchi daromadning yangi manbalarini yaratish ishlari olib borilmoqda. Masalan, BMT Qoʿshma dasturi Manzura Yerniyazova boshchiligida milliy kashtachilik va dengiz chigʿanoqlaridan suvenirlar ishlab chiqarish boʿyicha sex tashkil etilishini qoʿllab-quvvatladi.

- Bizning korxona toʿrt yil oldin tashkil topgan edi va oʿshandan beri shogirdlarim bilan ajdodlarimizdan qolgan an’anaviy chevarlik, bezaklash va kashtadoʿzlik namunalarini mamlakatimiz tashqarisida ham namoyish qilish boʿyicha koʿp ishlarni bajardik. Sa’y-harakatlarimiz tufayli, bugungi kunda noyob qoraqalpoq kashtadoʿzligi dizayni koʿplab mamlakatlarda ma’lum va mashhur, bu esa bizni juda ham quvontiradi. Biz mahsulot turlarini kengaytirmoqchimiz va nafaqat qoraqalpoq naqshlari, balki oʿzbek kashtalarini ham qoʿllagan holda mahsulot ishlab chiqarishni yoʿlga qoʿymoqchimiz. Axir har bir hudud oʿzigagina xos boʿlgan nodir uslub va dizaynga ega.