O‘zbekistonlik mutaxassislar tabiiy sovitish agentlarini qo‘llash bo‘yicha bilimlarini oshirdilar

Fri Mar 31 00:00:00 EDT 2017

Sovitish texnikasi sohasida ishlaydigan O‘zbekistonlik mutaxassislar 2017 yil 27- 31 mart kunlari Rottenburg-Nekkar shahrida (Germaniya) tashkil qilingan xalqaro treningda ishtirok etdi.

“Tabiiy sovitish agentlari ammiak va uglerod dioksidini xavfsiz ishlatish” bo‘yicha besh kunlik trening BMTTD Mintaqaviy Byurosi (Istanbul) hamda Germaniyaning HEAT konsalting firmasi tomonidan “Iqtisodiyoi otish davridagi mamlakatlar hududida gidroxlorftoruglerodlardan (GXFU) foydalanishni jadal qisqartirishning birlamchi bajarilishi” loyihasining mintaqaviy komponenti doirasida tashkil qilindi. Ushbu loyiha bir vatqning o‘zida O‘zbekistonda, Tojikistonda, Belarus Respublikasida va Ukrainada amalga oshirilmoqda.

Trening davomida O‘zbekistonlik ishtirokchilar ammiak (NH3) va uglerod dioksidi kabi tabiiy sovitish agentlari haqida o‘zlarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirdilar, ularda ishlaydigan tizimlarni o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish haqida ko‘nikmalarini shakllantirdilar hamda loyihaning boshqa davlatlaridan kelgan ishtirokchilari bilan o‘zaro tajriba almashdilar. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari ishtirokchilar BITZER kompaniyasiga taalluqli mahalliy zavodga ham tashrif uyushtirdilar va u yerda tabiiy sovitish agentlarida ishlovchi sovitish tizimlarini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.

Ushbu trening 2016 yilning dekabrida Shpringe shahrida (Germaniya) ot‘kazilgan propandan sovitish agenti sifatida xavfsiz foydalanish bo‘yicha treningning davomi hisoblanadi. Bu treningda ishtirok etgan mutaxassislar shunga o‘xshash treninglarni yaqin orada loyihaning milliy komponenti doirasida mahalliy mutaxassislarga o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi ozon qatlamini himoya qilish bo’yicha Vena konventsiyasiga hamda ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasiga qoshilgan va 2020 yilgacha GXFUdan foydalanishni jadal qisqartirish hamda 2030 yilgacha ulardan foydalanishni batamom to‘xtatish bo‘yicha majburiyatini o‘lgan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va BMTTDning yaqin hamkorligida davlat hamda xususiy sektorning  GXFU importiga va iste’moliga bo‘lgan bog‘liqlikni asta-sekinlik bilan qisqartirish boyicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  Bu chora-tadbirlar qatoriga sovitish texnikasi sohasida ishlaydigan texnik xodimlarni o‘qitish, xizmat korsatishning sifatini oshirishga yordam beradigan zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash hamda GXFUni tiklashga va qayta ishlashga ixtisoslashgan markazlani tashkil qilish kiradi.