Qonun ustuvorligi sohasida keyingi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Tue Feb 28 00:00:00 EST 2017

2017 yil 28 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Oliy sud raisi Shayunus Gaziev hamda BMT Rezident kordinatori, BMT Taraqqiyot dasutirinig (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Stefan Prisner o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini Rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2016 yil 21 oktabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2017 yil 21 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘zaro keyingi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur hujjatlarda belgilangan aniq chora-tadbirlar sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligi va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni oldini olish tizimini takomillashtirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini ta’minlash, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan.

Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Oliy Sud, BMTTD va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasining keyingi bosqichidagi asosiy hamkorlik yo‘nalishlari:

  • ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda qayta tuzilgan Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish uchun texnik yordam ko‘rsatish va maslahatlashuvlar o‘tkazish;
  • yangi tashkillashtirilayotgan fuqarolik va iqtisodiyot sudlari salohiyatini oshrishga ko‘mak berish, yangi qonunchilik va qonun osti hujjatlarini ishlab chiqish, adolatli sud surushtiruvi, tegishli huquqiy jarayonlar hamda odil sudlovga erishish borasidagi xalqaro standartlarni inobatga olgan holda prosessual qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish;
  • odamlar va tadbirkorlar huquqlarini paymol qiluvchi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qarorlari va harakatlari natijasida yuzaga kelgan ma’muriy bahs-munozaralarni ko‘rib chiquvchi yangi ma’muriy sudlarni tashkil etish borasida hamkorlik qilish. Xususan, BMTTD konseptual hujjat tayyorlash, xalqaro tajribani o‘rganish hamda ma‘muriy sud ishlari Kodeksini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatishi mumkin;
  • fuqarolar va korxonalar uchun odil sudlovni ta‘minlashga qaratilgan prosessual qonunchilikka tuzatishlar ishlab chiqish sohasida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi bilan o‘zaro hamkorlikda erishilgan oldingi yutuqlar asosida aloqalarni mustahkamlash hamda fuqarolik, xo‘jalik va jinoiy ishlar sudlarining shaffofligi, hisobdorligi, ochiqligi darajasini oshirish va ularning fuqarolar bilan o‘zaro aloqalarini rivojlantirish borasida hamkorlik qilish;
  • elektron sud, elektron sudlov axborot tizimi, sud majlislarini audio-video yozib borish, hududlar bilan videokonfrensiyalar o‘tkazish tizimi va internetga asoslangan texnologiyalarni joriy etish, huquqiy ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash kabi interaktiv elektron xizmatlarni rivojlantirish borasida hamkorlik qilish;
  • Oliy sudga sudlarning moliyaviy barqaroligi va moliyaviy boshqaruvi bo‘yicha xalqaro taqqoslov tahlilini olib borishda ko‘mak berish;
  • sud tizimidagi barcha darajadagi ishchilar, shu jumladan yangi tashkil qilinayotgan ma’muriy va iqtisodiy sudlarning sudyalari, sudya yordamchilari va xodimlari uchun maxsus intensiv treninglar tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
  • sud sohasidagi islohatlar va ularning sud tizimiga ta’sirini keng yoritish doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun trening va seminarlar o‘tkazish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihaning amaldagi va kelgusi bosqichida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud aloqalarni davom ettirishga kelishib olishdi.