BMTTD O‘zbekistonda strategik rivojlanishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi

Fri Jan 27 00:00:00 EST 2017

2017 yil 27 yanvar kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tashkilotchilar qatorida “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi”ni muhokama etishga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi.

O‘zining kirish so‘zida janob Stefan Priesner, BMT va BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili, “ O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi” O‘zbekistonning joriy rivojlanish bosqichida nihoyatda dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan deb ta’kidladi.

Xususan, janob Priesnerning aytishicha, mazkur Strategiyada bir qator muhim islohotlar, jumladan ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bunday islohotlar aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini oshirish, hukumat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda davlat boshqaruviga xalqni jalb etish tizimini yanada takomillashtirish uchun o‘ta zarurdir. Shuningdek, janob Priesner ushbu Strategiyada qonun va huquq ustuvorligini va sud tizimining mustaqilligini ta’minlashga alohida urg‘u berilganligi quvontiradi deb ta'kidladi. Uning aytishicha, mazkur omillar inson huquqlarini amalga oshirish, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot va tashqi siyosatni amalga oshirishga mustahkam zamin yaratadi.

BMTning Doimiy vakili mazkur Strategiyani yanada boyitish xususida gapirar ekan, u Strategiyani BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan chanbarchas ulashni taklif etdi. Bundan tashqari, janob Priesner Strategiyada ojiz bo‘lgan aholi qatlamlarini ijtimoiy himoyalash tizimini yanada mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berilsa O‘zbekistonda rivojlanish jarayoni yanada inklyuziv va keng qamrovli bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa, uning aytishicha, iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari o‘zaro janbarchas bog‘lagan holda yechilsa, keyinchalikda sodir bo‘lishi mumkin ekologik ofatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi.

O‘z xulosasida janob Priesner hozirda ishlab etilayotgan Strategiya muhokamalarini yuqori baholab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi O‘zbekistonga yordam berish dasturi (YuNDAF) hamda Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga ko‘rsatayotgan yordamini yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanligini ta’kidladi va mazkur Strategiyani amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Mazkur davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Tashqi ishlar  vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda vazirliklar, davlat idoralari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalarining rahbarlari va vakillari qatnashdi.