BMTTD elektron hukumatni rivojlantirish loyihasi 2016-yil yakunlarini sarhisob qildi

Fri Dec 09 00:00:00 EST 2016

2016-yil 9-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida BMTTD “Elektron hukumatni rivojlantirish orqali davlat xizmatlari sifatini oshirish” loyihasining Loyiha kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda loyihaning 2016-yil natijalari sarhisob qilinib, keyingi yilga moʻljallangan ishlar rejasi belgilab olindi.

Yigʻilishda BMTTDning Oʻzbekistondagi Doimiy Vakili S. Prisner, loyihaning milliy muvofiqlashtiruvchisi - Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. Shermatov, hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, UZINFOCOM markazi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdilar.

S. Prisner, ishtirokchilarni olqishlab, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi raxbariyatini 2016-yilda elektron hukumati sohasi yoʻnalishida erishilgan yutuqlar bilan tabrikladi, jumladan, Oʻzbekistonning elektron hukumati boʻyicha BMT reyting koʻrsatkichlaridagi oʻsishi, elektron hukumat to’g’risida qonunning kuchga kirganligi hamda ochiq ma’lumotlarning ommalashtirilishi va boshqalar. Mazkur loyiha davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini yaxshilash bo’yicha hukumatning harakatlarini qoʻllab-quvvatlashi hamda 2016-2020 yillarda O'zbekiston Respublikasining rivojlanish maqsadlariga ko'maklashish bo'yicha BMT dasturi (UNDAF) maqsadlariga erishishga koʻmaklashishi qayd etildi. S.Prisner, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017-yilda loyiha faoliyatining muhim yoʻnalishi elektron ishtirok ekanligini alohida ta’kidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. Shermatov ham oʻz soʻzida mazkur loyihaning Oʻzbekistonda elektron hukumatni rivojlantirishdagi alohida oʻrnini qayd etib oʻtdi. Uning ta’kidlashicha, elektron hukumat oʻz ichiga nafaqat axborot texnologiyalarini, balki davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimining isloh etilishini ham qamrab oladi. Mazkur masalaning dolzarbligi mamlakatning yangi saylangan Prezidenti saylovoldi dasturi va 2016-yil 7-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayramiga bagʻishlangan ma’ruzasida taqdim etilgan yangi islohotlarda aksini topdi. Bu oʻrinda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi BMTTD bilan oʻzaro hamkorligini davom ettirishdan manfaatdor ekanligini, hamda ma’muriy islohotlar, davlat xizmatlari sifatini oshirish, elektron ishtirok, elektron maslahat kabi yoʻnalishlarda ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish va Oʻzbekistonda joriy etilishi muhimligini ta’kidlab oʻtdi.

2016-yilda loyiha doirasida olib borilgan faoliyat natijalari va keyingi yilga moʻljallangan ishlar rejasi haqidagi soʻz bilan loyiha rahbari Bunyod Avliyokulov ma’ruza qildi.

Hisobot davrida loyihaning eng yorqin yutuqlaridan – Oʻzbekistonning BMT Elektron Hukumat Indeksida oʻsishi boʻldi. Respublika elektron hukumati rivojlangan mamlakatlar guruhiga kirib, 20 pogʻona yuqoriga siljishga va dunyo boʻyicha 80-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi (2014-yilda – 100-oʻrin). Bundan tashqari, Elektron Ishtirok Indeksida erishilgan yutuq ham diqqatga sazovorli boʻlib, dunyo mamlakatlarining davlat hokimiyati organlari va boshqaruvining fuqarolar va biznes bilan muloqotini ta’minlashda AKTdan foydalanish natijalariga berilgan bahodir. Elektron ishtirok reytingida Oʻzbekiston 24 pogʻonaga koʻtarilib, dunyo boʻyicha 47-oʻrinni egalladi. Shunday qilib, Oʻzbekiston 2016-yilda UNDAFning 2020-yilga moʻljallangan BMT Elektron Hukumat reytingi koʻrsatkichini bajarib boʻldi.

Loyihaning 2016-yildagi faoliyatida Oʻzbekistonda ma’muriy jarayonlarni reinjiniring qilish konsepsiyasini rivojlantirish va institutsionallashtirishga urgʻu berilib, natijasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning iyun oyida qabul qilgan “Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori (2016-yil 2-iyun, 184-son) hamda davlat organlarining zarur xizmatlarini reinjiniring qilish boʻyicha amaliy ishlarning boshlanishida oʻz aksini topdi. BMTTD loyihasi jismoniy shaxslarning daromadlari boʻyicha soliq deklaratsiyalarini topshirish hamda koʻchmas mulkka egalik qilish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish kabi xizmatlarni takomillashtirish tadbirlariga keng jalb etildi. Mazkur chora-tadbirlar natijasida, aholiga ochiq, shaffof va qulay boʻlishi uchun ushbu xizmatlarni koʻrsatish tartibini optimallashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, aholi uchun zarur boʻlgan: maktabgacha tarbiya muassasasiga, maktabga va oliy oʻquv yurtiga kirish, avtoulovni roʻyxatdan oʻtkazish va YoʻHQ buzganligi uchun jarima toʻlash kabi beshta davlat xizmatlarini optimallashtirish va elektron koʻrinishga oʻtkazishga oid chora-tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”) tayyorlandi.

Joriy yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumati toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirdi. Bundan tashqari, elektron hukumati va davlat xizmatlarining normativ-huquqiy bazasini yanada rivojlantirish maqsadida, hisobot yilida elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari hamda davlat elektron xizmatlari ko‘rsatish sifatini baholash metodikasini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarorlari qabul qilindi. Buning natijasida, milliy qonunchilikka “tranzaksion xizmat”, “elektron ishtirok” kabi tushunchalar kiritilib, elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha davlat organlari ishini monitoring qilish va baholash hamda fuqarolar va biznes uchun sifatli onlayn-xizmatlarni joriy etish mexanizmlari takomillashtirildi. Keyingi yilda qabul qilinishi moʻljallangan, ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi muhim qonun loyihasining ishlab chiqilishi davom etmoqda.

Joriy yilda loyiha davlat organlari faoliyatining ochiq-oydinligini oshirishga qaratilgan harakatlarni davom ettirdi. Jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini baholash metodikasi va ta’minlash boʻyicha reglament ishlab chiqishga yordam koʻrsatilib, ular asosida davlat organlarining ochiqligi reytingi tuzilishi kutilmoqda.

Ochiq ma’lumotlar, elektron ishtirok va ma’lumotlar jurnalistikasini rivojlantirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida, yil davomida loyiha tomonidan davlat organlari, oliy oʻquv yurtlari va OAV vakillari uchun seminarlar, treninglar, master-klasslar hamda «MIT.UZ Open Data Challenge 2016» - Oʻzbekistonda ikkinchi marotaba boʻlib oʻtgan ochiq ma’lumotlar boʻyicha xakaton (tanlov) oʻtkazildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda ma’muriy huquq va davlat boshqaruvi sohasidagi ilmiy ishlar uchun stipendiya dasturi amalga oshirilib, u BMTTDning uchta loyihasi – elektron hukumat, mahalliy boshqaruv va qonunchilikni takomillashtirish loyihalari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Tanlov gʻoliblariga ma’muriy huquq, davlat boshqaruvi va elektron hukumatiga oid dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy va publitsistik maqolalar yozish uchun stipendiyalar ajratildi.

Loyiha faoliyatida elektron hukumatni institutsional rivojlanishining mustahkamlanishiga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Bu yoʻnalishda, loyiha tomonidan Oʻzbekistonda elektron hukumatni rivojlantirishning asosiy jihatlari boʻyicha ishlab chiqilgan axborot-tahliliy materiallar va infografikalar qayd etib oʻtildi. Ular qatoridan: davlat xizmatlari institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari toʻgʻrisida; davlat organlari uchun elektron hukumat boʻyicha eslatma; ochiq ma’lumotlar, elektron ishtirok va elektron xizmat boʻyicha infografika va videoroliklar oʻrin oldi.

B. Avliyoqulov loyihaning 2017-yilning yanvar-iyul oylariga rejalashtirilgan asosiy faoliyat yoʻnalishlari bilan tanishtirib oʻtdi. Jumladan:

1.      Loyihaning ikkinchi fazasiga tayyorgarlik koʻrish, ustuvor masalalarni aniqlash maqsadida hamkorlar bilan maslahatlashish;

2.      2018-yilda elektron hukumati boʻyicha BMT reytingida Oʻzbekistonning egallagan oʻrnini yuqoriga koʻtarilishiga koʻmaklashish, “Elektron xizmatlar” subindeksi boʻyicha idoralararo ishchi guruh faoliyatida ishtirok etish;

3.      Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini takomillashtirish (BPR) hamda ishga tushirilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini idoralararo muvofiqliginig ta’minlash faoliyatida ishtirok etish;

4.      Elektron hukumati sohasiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish;

5.      Oʻzbekistonda “elektron ishtirok” konsepsiyasini rivojlantirish;

6.      Ochiq va shaffof hukumat konsepsiyasini rivojlantirish, jumladan, barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish boʻyicha milliy Portalni tashkil etish, ochiq ma’lumotlarning sifatini oshirish boʻyicha davlat organlari bilan ish olib borish, hamda “MIT.UZ Open Data Challenge 2016” xakaton gʻoliblarini qoʻllab-quvvatlash;

7.      Elektron hukumat boʻyicha davlat xizmatchilari salohiyatini mustahkamlash, jumladan Buyuk Britaniya va Latviyaga oʻquv-tanishuv safarlarini tashkil etish;

8.      Kommunikatsion strategiya va media-rejalarni amalga oshirish, maqolalar, infografika, axborot byulletenlarini nashr ettish hamda ijtimoiy videoroliklar yaratish orqali elektron hukumat haqidagi xabardorlikni oshirish.

Tadbirda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi, Savdo-sanoat palatasi hamda Osiyo taraqqiyoti banki vakillari ham loyiha bilan hamkorlik qilish boʻyicha fikrlarini bildirdilar. Soʻzga chiqqanlarning barchasi hisobot yilida loyiha bilan oʻzaro hamkorlikning sermahsulligi va samaraliligini ta’kidlab oʻtdilar.

Uchrashuv yakunida S. Prisner, loyiha faoliyati natijalari boʻyicha taqdim etilgan ma’lumotlar uchun, yigʻilish ishtirokchilariga va loyiha jamoasiga oʻz minnatdorchiligini bildirib, BMTTD mazkur loyihaning ikkinchi bosqichga oʻtish uchun davom ettirilishi gʻoyasini qoʻllab-quvvatlashini, hamda loyihaning maqsad va vazifalari respublika hukumatining yangi islohotlari rejasi bilan hamohangligini ta’kidladi.

Sh. Shermatov, oʻz navbatda, elektron hukumat hokimiyatning xalq bilan samarali muloqotini ta’minlovchi muhim vositaga aylanayotganligi tufayli, 2017-yilda mazkur loyihaning dolzarbligi yanada ortishini qayd etib oʻtdi. Shu o’rinda, u loyiha tadbirlarini davlat rahbari e’lon qilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib rejalashtirishni tavsiya etib, loyiha ishtirokchilariga kelgusi yilda barqaror natijalarga erishishlarini tilab qoldi.