O’zbekistonda ochiq ma’lumotlar innovatsiyalar manbaiga aylanmoqda

Sun Nov 27 00:00:00 EST 2016

Toshkentda 2016-yilning 24-27-noyabr kunlari ochiq ma’lumotlar asosida ilovalar, servislar hamda infografika yaratish bo’yicha «MIT.UZ Open Data Challenge 2016» tanlovi boʻlib oʻtdi. Joriy yilda 130 nafar ishtirokchini qamrab olgan mazkur xakaton Toshkentdagi Inxa Universitetida boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi, BMTTD Oʻzbekistondagi vakilligi, “Kamolot” YoIH va Toshkentdagi Inxa Universiteti ishtirokida tashkil etildi. Xakaton hamkori sifatida BePro dasturchilar Markazi va “Nestle Uzbekistan” MCHJ ishtirok etdi.

Xakaton Oʻzbekistonda ochiq ma'lumotlar gʻoyasini ommalashtirish hamda dasturchilar va keng jamoatchilik e’tiborini respublikada nisbatan yangi hisoblangan ushbu bilimlar sohasiga jalb etish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilarga Oʻzbekistondagi davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va ochiq ma’lumotlar portalida mavjud axborotlar asosida ijtimoiy ahamiyatga molik va innovatsion ilovalar, bot va infografikani yaratish vazifasi qoʻyildi.

Xakaton dasturi ta’lim va tanlov qismlaridan iborat boʻldi. Dastlabki ikki kun ichida (24-25-noyabr) ishtirokchilar uchun ma’lumotlar jurnalistikasi, ma’lumotlarni vizuallashtirish, ma’lumotlarga dasturiy ishlov berish, startaplarni yaratishga oid uslubiyotlar, fikrlash dizayni hamda xakatonlarda muvaffaqiyat qozonish sirlariga oid mahorat darslari, treninglar va taqdimotlar boʻlib oʻtdi.

Tanlovga maxsus taklif etilgan mehmon – Sankt-Peterburgdagi ITMO Universiteti dotsenti Irina Radchenko ochiq ma’lumotlar va ular bilan ishlash haqida soʻz yuritib, ishtirokchilarni ma’lumotlar shakli bilan tanishtirish maqsadida, zarur ma’lumotlarni izlash va ularni maqola, infografika yoki longrid koʻrinishida toʻgʻri taqdim etish boʻyicha mahorat darsi oʻtkazib berdi.

Men jurnalistika sohasida tajribaga ega emasman.- Aziza Axmedova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi dedi, - Hakatonda ishtirok etishimdan maqsad – raqamli diplomatiya hamda ochiq ma'lumotlar asosida maqolala va longridlar yaratish sohasida amaliy bilim va ko'nikmalarini olish edi”.

Dasturlash sohasida, shuningdek, dizayn, rag'batlantirish, marketing va savdo sohasi bo’ycha mahorat saboqlar tajribali mutaxassislar va amaliyotchilar tomonidan tashkil etildi.

Ishtirokchilar Python dasturlash tilida tahlil, tarmoqlararo va ijodiy vositalar yordamida "Fikrlash dizayni" taqdimoti, Lean Startup uslubiyoti va tejamkor ishlab chiqarish konsepsiyasi kabi o’quv-mashg’ulotlarda ko’proq ishtirok etdilar.

Tadbirning tanlov qismi 26-27-noyabr kunlari boʻlib oʻtdi. Hay’at a’zolariga dastlabki loyihalarini taqdim etish va sovrinlar uchun kurashish maqsadida, 2 kun davomida ishtirokchilar oʻz gʻoyalari ustida ish olib bordilar. Guruhlarga xakaton murabbiylari, hamda, maxsus taklif etilgan mentorlar – professional dasturchilar yordam berdi.

Ushbu yilda tanlov nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun 31 ta jamoa ishtirok etib, ular ma’lumotlar tahliliga asoslangan holda, mentorlar yordamida ijtimoy va biznes-ilovalar, telegram-botlarning prototiplari, hamda infografika va maqolalar ustida ish olib bordilar.

Tanlovning asosiy sharti – mahsulot namunasi (ilova, xizmat, infografika yoki maqola) toʻliqligicha MIT.UZ Open Data Challenge 2016 da yaratilgan boʻlishi darkor va mavjud mahsulotni rivojlantirishga urinish boʻlishi mumkin emas. Bunda, ilgari tuzilgan ishlanma, adabiyot va modullardan tanlov doirasida qiymati qoʻshilgan component sifatida foydalanish mumkin edi.

27-noyabr kuni soat 17:00da barcha loyihalar hay’at a’zolariga taqdim etilib, turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar quyidagicha taqsimlandi:

Guruhlar birinchiligida:

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha (ilova)» deb nomlangan birinchi nominatsiya boʻyicha «MyWay – Barchasi avtoulov egalari uchun – AyoQTda benzinning mavjudligi, avtosugʻurtalash va hokazolar» loyihasi bilan AlphaZet guruhi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha (ilova)» deb nomlangan ikkinchi nominatsiya boʻyicha «License Analytics – ochiq ma’lumotlarni tahlil va tasavvur etish instrumenti» loyihasi bilan DigAge guruhi gʻolib chiqdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan namoyishning eng yaxshi yechimi» deb nomlangan uchinchi nominatsiya boʻyicha «Global isish Oʻzbekiston misolida» longridi bilan Valkirii guruhi gʻolib boʻldi.

Shaxsiy birinchilikda:

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha (Telegram-bot)» deb nomlangan birinchi nominatsiya boʻyicha «@Dorilarbot – dorixona va dorivor vositalarni izlash» loyihasi bilan Nigora Asretdinova gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha (Telegram-bot)» deb nomlangan ikkinchi nominatsiya boʻyicha «@TadbirkorBot – tadbirkorlar uchun soliqlar boʻyicha qoʻllanma» loyihasi bilan Shukhrat Agzamov gʻolib chiqdi.

Shungdek, tanlov tashkilotchilari tomonidan «Xakatonnning eng innovatsion loyihasi» deb nomlangan maxsus nominatsiyasi kiritilib, unda hay’at azolari bir ovozdan «TICS – atrof-muhit monitoringi va ochiq ma’lumotlarni yaratish» loyihasini taqdim etgan IUTech guruhini gʻolib deb topdilar.

Butun diqqat-e’tibor jalb etilib ishlangan ushbu 4 kun samarasiz oʻtmadi. Har bir guruh a’lo natijalarni namoyish etib, u yoki bu darajada ishlaydigan prototipini va longrid shaklidagi toʻlaqonli maqolani taqdim etishga muvaffaq boʻldi.

Avezov G’olib, Navoiy viloyati ishtirokchisi, “Compass group” MCHJda dasturchi: “Faoliyatimiz veb sayt yaratishdan iborat. Shu kunga qadar 50 dan ortiq tashkilotlarning saytini ishlab chiqqanmiz. Mazkur tanlovda ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha yo’nalishida o’z dasturim bilan qatnashmoqdaman. Ayniqsa, musobaqa doirasida o’tkazilayotgan master-klasslar kelgusi faoliyatimizda o’z samarasini ko’rsatishiga ishonaman.”

Gʻoliblar va sovrindorlarni mukofotlash marosimi 2016-yil 17-dekabr kuni Yoshlar ijod saroyida boʻlib oʻtadi.

MIT.UZ Open Data Challenge 2016 ochiq ma’lumotlar g’oyasini targ’ib qilish va ular bilan ishlashni istagan insonlarning koʻpayishiga imkon beruvchi navbatdagi qadam boʻlib, uzoq muddatli natijalarga erishishga zamin yaratadi.