Latviyaning mahalliy boshqaruv sohasidagi tajribasi Toshkentda muhokama qilindi

Fri Nov 18 00:00:00 EST 2016

Shu yilning 4-12 sentabr kunlari O‘zbikiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyati hokimliklarining hududiy rivojlantirishga ma’sul bir qator xodimlari Latviyaga mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlantirish borasidagi tajribani yaqindan o‘rganish maqsadida o‘quv safarini amalga oshirishdi. Tanishuv tashrifi BMTTDning mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan Latviya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkillashtirildi.

“Poytaxt” biznes markazida o‘quv safari natijalari asosida tayyorlangan hisobotni muhokama qilishga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyati hokimliklari, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, Bank-moliya akademiyasi hamda Latviyaning O’zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etishdi.

Qisqacha Latviya haqida: maydoni - 64 589 км², aholisi – 1 958 800 kishi, 2015 yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsuloti (YIM) - $49,081 млрд., odam boshiga YIM - -$24712, davlat tizimi – unitary parlament respublikasi, 2004 yildan buyon Evropa Ittifoqi a’zosi.

Latviya hududiy siyosati Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga xos jihatlari hamda sovet turkumidagi davlat hokimiyati va boshqaruvidan tubdan voz kechishi bilan alohida diqqatga sazovor.

Hozirgi kunda Latviya 119 ta ma’muriy-hududiy birliklariga bolinib, ulardan 9 tasi respublika miqiyosidagi shaharlar (Riga, Yurmala, Liyepaya, Ventspils, Rezekne, Dauvgavpils, Yekabpils, Valmiyera, Yelgava) va 110 tasi vakolati doirasida oz-ozini boshqarish organlari tomonidan boshqariladigan olkalarga ajratilgan.

Tadbirda ta’kidlab o‘tiganidek, bugun O‘zbekistonda davlat hokimiyat tizimini bosqichma-bosqich demokratlashtirish va mahalliy boshqaruvni muvofiqlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda demokratik mamlakatlarning markaziy va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro samarali aloqalarini ta’minlash bo‘yicha tajribasini o‘rganish hamda takliflar ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Shuning uchun ham o‘quv-tanishuv safari davomida Latviyaning hududiy rivojlantirish siyosatga ma’sul asosiy davlat idoralari rasmiy vakillari va rahbarlari bilan unumli uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Atrof-muhitni asrash va hududiy rivojlanish vazirligi, Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari Assosiasiyasi, Latgaliya rejalashtirish markazi, Riga va Daugvipils shaharlari dumasi/kengashi, Latviya davlat boshqaruv maktabi hamda Tashqi ishlar vazirligida har tamonlama samarali uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegasiyasi a’zolari hududiy va munisipal boshqaruvni isloh qilish, bu yo‘nalishdagi erishilgan natijalar, markaziy va mahalliy byudjetni rejalashtirish va tartibga solish jarayoni, davlat xizmati tizimi, shu jumladan kadrlar tayyorlash va davlat ishiga qabul qilish tartibi borasidagi horijiy tajriba bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

Tashrif yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda hududlarni yanada rivojlantirishni ta’minlash maqsadida mahalliy boshqaruvning normativ-huquqiy, institutsiyaviy asosini takomillashtirish borasida tavsiyalarlar berilgan hisobot tayyorlandi.

Shu munosabat bilan tashkil qilingan “Davra suhbati”da nutq so‘zlaganlar haligacha davom qilayotgan jahon moliyaviy inqirozi va eksport mahsulotlarning asosiy turlari narxlarining arzonlashi kuzatilayotgan hozirgi davrda mamlakatimiz hududlari ichki salohiyatidan imkon boricha unumli foydalanish uchun barqaror va samarador hududiy rivojlantirish siyosatini olib borish zarurligiga urg’u berishdi. Shu o‘rinda davlat boshqaruv tizimini nomarkazlashtirish, mahalliy hokimiyat organlari erkinligini oshirish, ularning, birinchi navbatda, byudjetni shakllantirish va sarmoyalar jalb etish borasidagi vakolatlarini kengaytirish, o‘z hududlarini rivojlantirishda javogarligini mustahkamlashni ko‘zlagan holda mazkur sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadga muvofiqdir. Ya’ni “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida‘gi Qonunning yangi tahriri hamda “Hududiy rivojlantirish to‘g‘risida” Qonun ishlab chiqish va qabul qilish lozim.

Chunonchi mazkur qonunlarning qabul qilinishi joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini sezilarli darajada oshiradi, ularga nomarkazlashtirilgan vakolatlar doirasida respublika hokimiyat organlariga murojaat qilmasdan, mustaqil ravishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘z vaqtida yechish, mahalliy byudjetni shakllantirishda qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va resurslarni mahalliy shart-sharoit va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda taqsimlash imkonini beradi. Xalq deputatlari Kengashining mahalliy hokimiyat organlari ustidan nazorat qilish bo‘yicha vakolati sezilarli darajada kengayadi. Shu bilan birga hokimiyatlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ularning xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mehnatiga haq to‘lash tizimi yaxshilanadi.

Muhokama jarayonida viloyatlar moliyaviy manbalarini teng taqsimlash byudjetlararo tizimini takomillashtirishga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. Chunki bu sohaning rivojlanishi mahalliy byudjet manbalari barqaro va muayyan bo‘lishini, byudjet jarayoning ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.

“Davra suhbati”da Latviya tajribasini inobatga olgan holda mamlakatimizda hududiy rivojlantirish indikatorlarining elektron tizimini joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritish lozimligiga urg‘u berildi. Chunonchi mazkur yangi tizim hududlarning rivojlanish tendentsiyalarini yanada aniq baholash va u yoki bu sohani yaxshilash dasturlarini nazorat qilish imkonini berardi.

O‘quv safar natijalari va tavsiyalardan hududlarni rivojlantirishning tegishli strategiyalari va dasturlari ishlab chiqilishida foydalanilish ham ko‘zda tutulgan. Xususan, markaziy va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni muvofiqlashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish hamda hokimiyatlar va mahalliy xalq deputatlari Kengashlari faoliyati salohiyatini kuchaytirish va samaradorligini oshirishda qo‘llash mumkin.

Tadbir yakunida Latviyaga uyushtirilgan o‘quv-tanishuv safari ishtirokchisi, Namangan viloyati hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Mamdaliyev tashrif haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

- O’quv safari davomida biz shahar/munitsipal rejalashtirish va mahalliy boshqaruvdagi zamonaviy yondashuvlar, hududlarda turli sohalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi va turizmni barqaror rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni chuqur o‘rgandik. Fikrimcha, to‘plangan boy tajriba mamlakatimiz viloyatlarini kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda juda as qotadi.