Oʻzbekiston vakillari Latviya elektron hukumati tajribasini oʻrganmoqda

Fri Oct 21 00:00:00 EDT 2016

2016-yilning 16-21-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi vakillari elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish sohasida Latviya tajribasini oʻrganish uchun Latviya Respublikasiga oʻquv-tanishtirish tashrifini amalga oshirdilar. Tashrif tashkilotchilari: BMTTDning “Elektron hukumatni rivojlantirish orqali davlat xizmatlari sifatini oshirish” loyihasi va Latviya Tashqi ishlar vazirligi.

O’zbekiston delegatsiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimiyati hamda BMTTD loyihasi mutaxassislaridan iborat edi.

Tashrifning asosiy maqsadi – Latviya davlat organlari bilan elektron xizmatlarni rivojlantirishga oid tajriba almashish, jumladan, davlat organlarining ichki jarayonlari faoliyati (back office), davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillari reinjiniringi boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganish, shuningdek elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa masalalarni o’rganish.

Tashrif davomida Oʻzbekistonlik vakillar Latviyaning ushbu sohadagi asosiy davlat idoralari, jumladan, Atrof muhitni himoyalash va hududlarni rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Fan va ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi, Fuqarolik va migratsiya masalalari boʻyicha departament, Daromadlar bo’yicha davlat xizmati, Riga shahri Axborot texnologiyalari namoyishi markazi bilan tanishib, Latiya elektron hukumati arxitekturasi hamda electron davlat xizmatlarini taqdim etish amaliyoti bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Latviya elektron hukumatining strategiyasi namoyish etilib, xizmatlarni elektron shaklga oʻtkazish bilan bogʻliq muammolar, ularni hal etishga oid chora-tadbirlar va olingan saboqlar muhokama qilindi.

Tashrifning birinchi kuni Atrof muhitni muhofaza etish va hududlarni rivojlantirish vazirligida uchrashuv boʻlib oʻtib, unda Latviya elektron hukumatining AKT infrastrukturasi taqdim etildi. Bu mamlakatda AT-infrastrukturasi yuqori darajada rivojlangan. Internenting Wi-Fi qamrovi, tezligi va narhining pastligi boʻyicha Latviya Yevropa davlatlarining yuqori beshligiga kiradi. Yevrostatning 2015-yilgi ma’lumotlariga muvofiq, fuqarolarning 36% foizi davlat xizmatlaridan Internet orqali foydalanadilar. Yevropa Ittifoqi Latviya davlat organlarida AKTni rivojlantirish va joriy etish uchun katta mablagʻlar ajratadi. Elektron xizmatlardan www.latvija.lv portali orqali foydalanish mumkin. Davlat xizmatlari 4 tamoyil asosida ko’rsatiladi: (1) foydalanuvchiga moslashish; (2) ma’lumotlardan birgalikda va takror foydalanish; (3) axborot va xizmatlarning ochiqligi; (4) xavfsizlik va muvofiqlik.

Vakillar guruhi Davlat ijtimoy sugʻurtalash agentligiga tashrif buyurib, ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish masalalarini oʻrgandilar. Latviyada 38ta aholiga xizmat koʻrsatish shahobchalari mavjud boʻlib, ular 60dan ziyod xizmat turini amalga oshiradilar, ijtimoiy va nogironlik nafaqalari shular jumlasidandir. Agentlik tomonidan nafaqa jamgʻarmalari ichun (idoralararo hamkorlik orqali) ma’lumotnomalar berilib, ulardan nafaqa tayinlashda foydalanadilar. Markazlar “front-ofis” vazifasini bajarib, murojaatnomalarni qabul qiladi va Agentlikka yuboradilar. Bir oyda taxminan 2000ta ariza kelib tushadi. Foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilishning turli shakllari mavjud, jumladan, virtual elektron imzo, e-ID, bank kartochkasi. Yosh boʻyicha nafaqani rasmiylahstirish elektron shaklda amalga oshirilmaydi, chunki nafaqa oluvchilar kompyuterdan foydalanmaydilar. Istiqbolli nafaqa deganda – biror kimsa nafaqaga chiqmoqchi boʻlganda, soʻrov amalga oshirilayotgan vaqtdagi nafaqa miqdori haqida axborot beruvchi ma’lumotnoma tushuniladi. Mazkur ma’lumotnoma 2011-yildan e’tiboran elektron shaklda beriladi. Xizmatning elektron yoki qogʻoz turidan foydalanilganligidan qat’iy nazar, barcha axborot foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga kelib tushib, shu yerda saqlanadi.

Fan va ta’lim Vazirligi tomonidan vakillar guruhi a’zolari uchun “Ta’lim sohasidagi axborot tizimlari” mavzusidagi taqdimot oʻtkazildi. Vazirlik vakillari ta’lim sohasidagi asosiy axborot tizimi uzdevumi.lv boʻyicha tushuncha berib, uning davlat bandlik xizmati, politsiya, davlat portali, 115ta maktab, 15ta maktabgacha tarbiya muassasalari va 11ta sport maktabining munitsipalitetlari bilan integratsiyasi haqida soʻzlab berdilar.

Uchrashuv davomida Fuqarolik va migratsiya departamentida jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish masalalarini muvofiqlashtiruvchi “Aholini roʻyxatga olish haqida”gi (1992-yil) Qonunga alohida e’tibor qaratildi. Latviyada tugʻilgan har bir shaxs noyob shaxsiy kod bilan roʻyxatga olinadi. Autentifikatsiyaning barcha shakllari jismoniy shaxsni aniqlash uchun asosan ushbu raqamni ishlatadi. Shaxsiy kod elektron davlat xizmatlarini amalga oshirish vaqtida, davlat idoralari tomonidan beriladigan barcha hujjatlarda mavjud.

Shaxsni identifikatsiyalashning elektron kartasi (e-ID) ni joriy etilishi butun mamlakatda vaqtni va harajatlarni tejash imkonini yaratib berdi. Latviya Moliya vaziri 8 mlrd. yevroni tashkil etgan davlat byudjetiga eID yordamida imzo qoʻyqanligi diqqatga sazovordir.

Daromadlar bo’yicha davlat xizmatida vakillar guruhi jismoniy shaxslar daromadini deklaratsiyalash jarayoni bilan tanishdilar. Deklaratsiya toʻliq elektron shaklda toʻldirilib, barcha tasdiqlovchi hujjatlar skanerlanib, unga ilova sifatida joʻnatiladi. Bunda, ma’lumotning 90% foizi soliq xizmati tasarrufida boʻladi. Deklaratsiya asosan ortiqcha to’langan soliqlarni qaytib olish uchun topshiriladi, chunki mamlakatda fuqarolar uchun juda koʻp soliq imtiyozlari mavjud. Jumladan, tibbiy xizmat harajatlari soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib olinadi. Shuningdek, boshqa tashkilotlarning talabiga binoan, qarzdorlik yoʻqligi haqidagi ma’lumotnoma olinishi mumkin. Bunda ma’lumotnomada, maxsus kod va QR-kod qoʻyilgan boʻladi.

Noyabr oyida Toshkentda oʻquv safariga bag’ishlangan seminar tashkil etilib, u yerda safar ishtirokchilari elektron xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha Latviya tajribasi haqida olgan bilimlarini boshqa davlat idoralari va OAV vakillari uchun taqdim etadilar.