Toshkentda zamonaviy seysmologiyaning dolzarb muammolari muhokama qilinmoqda

Wed Oct 12 00:00:00 EDT 2016

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning eng faol seysmik mintaqa hududida joylashgan. Turli tabiiy falokatlarga tayyor turish va ularga mos ravishda harakatlar qilish salohiyatini taʼminlash tizimini mustahkamlash BMT Taraqqiyot Dasturi va Oʻzbekiston hukumatining birgalikdagi faoliyatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

2016-yilning 12 oktabr kuni “Poytaxt” biznes markazida Toshkent zilzilasining va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Seysmologiya instituti tashkil topganining 50 yilligiga bagʻishlangan “Zamonaviy seysmologiyaning dolzarb muammolari – TASECO 2016” mavzusidagi uch kunlik Xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi. Anjumanning ochilish marosimida - Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Professor Lutpullaev S.L, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar vazirining Birinchi oʻrinbosari Aripov K.M., BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakilini oʻrinbosari Karaxanov F. soʻzga chiqishdi va tadbirni xalqaro darajadagi ekspertlar ishtirokida mana shunday nufuzli shaklda oʻtkazilishi muhimligini taʼkidladilar.

20ta mamlakatning mutaxassislari oʻz maʼruzalari va taqdimotlarini taklif qilishadi, tajribalar bilan almashadilar va seysmik xavfni baholashning oxirgi natijalarini, zilzilani bashoratlash muammolarini, seysmik xatarni pasaytirish masalalarini va seysmologiyaning boshqa qator muhim mummolarini muhokama qiladilar.

1966 yildagi Toshkentda sodir boʻlgan kuchli zilziladan soʻng tashkil etilgan Seysmologiya instituti oʻzining 50 yillik faoliyati davomida zilzilalar tabiatini tadqiq qilish, seysmik holat, seysmik xatarni baholash va hududlarga boʻlish, zilzila bashoratining ilmiy asoslari va uslubiyatlari, seysmotektonika va muhandislik seysmogeologiyasi sohalarida katta natijalarga erishdi. Oxirgi yillarda “Seysmik xatarni monitoring qilish tizimlarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish” davlat investitsion dasturi doirasida raqamli seysmik stansiyalar va telekommunikatsiya texnologiyalari asosida seysmologik monitoringning avtomatlashtirilgan tizimi yaratildi. Mazkur tizimni takomillashtirishga institutning loyihalarini doimo qoʻllab kelayotgan Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi anchagina hissa qoʻshdi. Jumladan, 2013 yilda, hamkorlik haqidagi Bayonnoma doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga Toshkent va respublikaning boshqa shaharlarini seysmologik hududlashtirish haritasini yaratish maqsadida asboblar yordamida manzilli kuzatuvlar, dala, muhandislik-geologik va boshqa tadqiqotlar uchun zamonaviy seysmik uskuna taqdim etilgandi.

Konferensiyada qayd etilganidek, Seysmologik monitoringning zamonaviy tarmogʻi 60dan ortiq kuzatuv punktlarini, jumladan 45ta raqamli seysmik stansiyalarni va zilzila geofizik, gidrogeokimyoviy va geodinamik darakchilari kompleksini monitoring qilishning 15ta birlashgan markazlaridan tashkil topgan.

Xorijiy hamkasblar bilan uchrashuv chogʻida tarmoq mutaxassislari Kurrai zamin, Markaziy Osiyo mintaqasi va Oʻzbekiston hududining seysmik holatini yanada kengroq oʻrganish va tahlil qilishni talab qiluvchi seysmologiyaning zamonaviy bosqichdagi eng dolzarb muammolarini muhokama qilishni rejalashtirgan.

Xalqaro konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Seysmologiya instituti, Favqulodda vaziyalar vazirligi tomonidan, Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi va Fuqarolik himoyasi va Gumanitar Yordam bo'yicha Yevropa amaliyotlari direktorati DIPECHO IXning falokatlarga tayyorgarlik boʻyicha dasturi koʻmagida tashkil etildi.

*Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekistondagi BMT TD va Gumanitar Yordam boʻyicha Yevropa amaliyotlari direktorati DIPECHO IXning falokatlarga tayyorgarlik boʻyicha dasturining ”Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy ofatlar xavfini boshqarish boʻyicha salohiyatini mustahkamlash” loyihasi materiallari asosida.