Davlat Boshqaruvi Akademiyasi va BMTTD “O’zbekistonda davlat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarni tayyorlashga ko’maklashish” nomli loyiha boshlash arafasida

Thu Oct 06 00:00:00 EDT 2016

2016 yil 6 oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Huzuridagi Davlat Boshqaruv Akademiyasi (DBA) va O`zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi vakillari o’rtasida yangi “O’zbekistonda davlat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarni tayyorlashga ko’maklashish” qo`shma loyihasini baholash va tasdiqlash yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi. Ushbu loyiha davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan.

Mazkur qo`shma loyiha o`z faoliyatini 2016 yilning noyabridan boshlaydi va 2018 yilning dekabrigacha davom etishi ko’zda tutilgan. Loyiha uchun ajratilgan umumiy byudjet miqdori 350 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Qo`shma loyihaning asosiy yo`nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

  • Xorijiy professorlarni jalb qilish, xalqaro standartlarni tadbiq etish va dars berishning yangi uslublarini joriy qilish orqali DBAning o’quv dasturini tubdan takomillashtirish;
  • DBA talabalari va kafedra hodimlarini xorijiy turdosh ta’lim dargohlari va ilmiy markazlari, xususan hamkorlik o’rnatilgan universitetlar qoshida malaka oshirishi va tajriba o’rganish;
  • Davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va modernizatsiya qilish masalalari bo’yicha  ilmiy-amaliy tadbir va tadqiqotlarni tashkil etish va o’tkazish.

Yuqorida ta`kidlangan yo`nalishlarni amalga oshirish doirasida ilg’or xorijiy davlatlarning etakchi professor va olimlarining ma’ruza tashriflari, shu bilan bir qatorda ularni Akademiya o’quv dasturi va ilmiy-metodik bazasini yanada takomillashtirishga jalb-etish, davlat boshqaruvi sohasidagi menejmentning eng ilg’or amaliyotlarini o’rganish bo’yicha tadbirlar tashkil etish, qo'shma ilmiy tadqiqotlar va anjumanlar o’tkazish, ular yakuni asosida mamlakatning davlat boshqaruv tizimini yanada rivojlantirish bo’yicha amaliy taklif va tafsiyalar ishlab chiqish kabi bir qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, yangi qo’shma loyiha o’z faoliyat doirasida Davlat boshqaruvi akademiyasining bir qator xorijiy hamkor tashkilotlari, jumladan Korea xalqaro hamkorlik tashkiloti (KOICA), Osiyo taraqqiyot banki; Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati; Konrad Adenauer jamg'armasining mintaqaviy vakolatxonasi; Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihalari Koordinatori, Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi va boshqalarni turli tadbirlarni amalga oshirishga jalb qilish ko’zda tutilgan.