An’anaviy usullardan intensiv bog‘dorchilikkacha

Wed Oct 05 00:00:00 EDT 2016

Joriy yilning oktyabr oyida Savdo-sanoat palatasi tomonidan BMTTD bilan hamkorlikdagi “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” qo‘shma loyihasi ko‘magida respublikaning olti viloyatida amaliy seminarlar turkumini o‘tkazadi. Qariyb 600 nafar fermerlar olma bog‘lariga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalariga oid bilimlarini oshirish, shuningdek, bog‘dorchilik samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Seminarlar davomida O‘zbekiston sharoitida yuqori hosildorlikka erishish uchun bog‘dorchilikning intensiv usullarini to‘g‘ri joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi. Seminarlarning nazariy va amaliy qismlarga bo‘linishi ishtirokchilar uchun olingan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda mustahkamlash imkonini beradi.

Seminarlarning barcha ishtirokchilari O‘zbekiston sharoitida intensiv usullar bo‘yicha olma yetishtirishga oid maxsus ishlangan amaliy qo‘llanmalarga ega bo‘ladilar va ularda amalda yuzaga keladigan ko‘plab savollariga javob oladilar.

Amaliy seminarlar Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi fermerlar uchun tasdiqlangan dasturga binoan tashkil etiladi.

Xususan, amaliy seminarlarning o‘tkazilishi olma yetishtirish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy usullarni joriy etish va intensiv bog‘dorchilik usullari hisobiga bog‘lar hosildorligini oshirish bo‘yicha fermerlarning bilimlarini oshirishi kutilmoqda. Kelgusida ushbu takomillashuvlar qishloq hududlaridagi aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, ularni barqaror daromad bilan ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida yangi imkoniyatlarni hosil qiladi.

Ta’kidlash kerakki, amaliy seminarlar «Sasol» kompaniyasi moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Ushbu seminarlarning tashkil etilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish ushun SSP va BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasining komponent rahbari Usmon Rahimjanov (+998 71) 150-12-61 yoki  Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalariga murojaat qiling.

***

“O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)” loyihasi SSP va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy etish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va ilgari surish orqali biznes yuritishga oid sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan.