Bioxilma-xillikni asrash yo‘lidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi

Wed Oct 05 00:00:00 EDT 2016

Biologik xilma-xillik deganda tabiatda mavjud bo‘lgan turlar va bir turga mansub bo‘lgan tirik jonzodlar, o‘simliklar va ekotizimlarning ko‘pligi va xilma-xilligi nazarda tutiladi. Hozirgi kunda bioxilma-xillikka hayvon va o‘simlik dunyosida mavjud bo‘lgan tabiiy yashash joylarning tanazzulga uchrashi, tabiiy resurslarning xaddan tashqari tasarruf etilishi, atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi kabi hodisalar tahdid solmoqda. BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘rtasida noyob biologik xilma-xillikka boy bo‘lgan O‘zbekistnda tabiiy resurslardan oqilona, tejamkorona foydalanish borasida ko‘p yi’lik samarali hamkorlik amalga oshirilib kelmoqda. Yaqinda imzolangan ikki tomonlama memorandum ushbu hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarib, biologik xilma-xillikni asrash masalalariga alohida urg‘u beradi.

Mazkur memorandum kelgusida bioxilma-xillikni muhofaza qilish sohasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga hamda yangi loyiha – “Bioxilmaxillikning global miqyosdagi turlari uchun muhim bo‘lgan ahamiyatli tog‘ hududlaridagi tabiiy resurslar va o‘rmon xo‘jaligidan barqaror foydalanish” loyihasining yo‘lga qo‘yilishiga mustahkam zamin yaratadi. Memorandum “Ekologik turizm – taraqqiyot va atrof-muhitni muhofaza qilishdagi muhim omil: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning tajribasi” deb nomlangan xalqaro konferensiya davomida imzolandi.

Yangi loyiha BMTTD va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilib, Global ekologik jamg‘armadan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning asosiy vazifasi mamlakatda tog‘ resurslaridan oqilona, tejamkorona foydalanishni ta’minlashdan iborat bo‘lib, bunda asosiy e’tiborni qor qoploni, silovsin, tog‘ echkisi, qo‘ng‘ir ayiq va boshqa kamyob, butunlay yo‘qolib ketish xavfiga uchragan turni saqlab qolishga qaratiladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida tabiiy qo‘riqxonalar atrofida yashovchi aholining turmush darajasini oshirish hamda joylarda o‘rmon va yaylovlardan oqilona, tejamkorona foydalanishni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

2016 yilning avgust oyida BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Stefan Priesner o‘z xodimlari va milliy hamkor tashkilotlarning vakillari bilan birgalikda loyiha hududiga 5-kunlik safar uyushtirdi. Mazkur safarning asosiy maqsadi loyiha hududidagi ekotizim, hayvonot va o‘simlik dunyosining hozirgi ahvoli bilan yaqindan tanishib chiqishdan iborat edi. Loyiha hududi Ugam-Chotqol milliy bog‘I (668350 ga) va Pamir-Oloy tog‘ tizimining g‘arbiy qismida joylashgan Hisor Davlat qo‘riqxonasi (80986 ga) hududlarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu safar haqida ma’lumot olish uchun quyidagi videotasmani ko‘ring – https://www.youtube.com/watch?v=-0geTdLO00Y